Virtual makonda davlat organlari ishtiroki oshadi
10.08.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda ishtirokini faollashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 622-son qarori e’lon qilindi. Bu haqida norma.uz xabar berdi.

Endi fuqarolar nafaqat me’yoriy-huquqiy hujjatlarni muhokama qilishlari, balki avval qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin bo‘ladi. Amalga oshiriladigan tadbirlarning 6 ta asosiy yo‘nalishlari belgilangan:

1) Axborotlashgan jamiyatni jadal shakllantirish.

“Raqamli iqtisodiyot”ga o‘tish uchun veb-resurslar yaratiladi, shuningdek, ularni tijoratlashtirish, tashkiliy, moddiy-texnik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi kutilmoqda.

2) Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan barqaror, tizimli muloqotini ta’minlash va axborot-kommunikativ aloqalarini kuchaytirish.

Bunda nafaqat aholining keng qatlamlari o‘rtasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini keng muhokama qilish uchun Internet-maydonlar yaratiladi, balki jamoatchilikning qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi fikrlari o‘rganiladi.

3) Kundalik hayotga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish.

Telekommunikatsiyalar infratuzilmasini modernizatsiyalash, Internetga mamlakatning har bir hududidan kirish imkoniyatlarini “oxirgi mil” tamoyili asosida kengaytirish, multiservis aloqa tizimi, mobil aloqa bozori, shuningdek, telekommunikatsiyalar, logistika va pochta xizmatlari rivojlantirish rejalashtirilgan.

4) “Raqamli taraqqiyot”, iqtisodiyot, ijtimoiy, sotsial va gumanitar sohalarni biznes va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida rivojlantirish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish.

Fuqarolar, biznes va davlatning global iqtisodiyot va raqobatda ishtirok etishi uchun platformalar va infratuzilmalar barpo etilishi kutilmoqda.

5) Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda mavjudligini ta’minlash, aholining axborotdan, raqamli texnologiyalardan foydalanish madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishni nazarda tutuvchi ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalarni rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

Davlat xizmatchilari uchun strategik va loyihaviy boshqaruv, menejment, marketing, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari bo‘yicha kurslar tashkil etiladi.

6) Global virtual va raqamli makonni shakllantirish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro axborot makonida O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, mamlakatning milliy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish.

O‘zbekistonning milliy brendi jahon axborot makoniga olib chiqiladi va “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” virtual ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq