«Elektron hukumat» TRM Hindiston bilan hamkorlik qiladi
10.08.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Joriy yilning 5-9 avgust kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining delegatsiyasi Hindistonning Yangi Dehli shahrida bo‘ldi.
Tashrif chog‘ida mamlakatimiz vakillari va Hindistonning elektron va axborot texnologiyalari vazirligi hamda uning quyi tashkilotlari bilan hamkorlik qilish uchun bir qator takliflar ilgari surildi.
Jumladan, joriy yilning avgust-sentabr oylarida Elektron hukumatni rivojlantirish markazi va Hindiston axborot texnologiyalari markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolashga kelishib olindi. Mazkur bitim elektron hukumat, elektron ta’lim, elektron parlament, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha elektron hukumat sohasida davlat xodimlarining malakasini oshirishga qaratiladi.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida Hindistonning ta’lim muassasalari bilan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Javaxarlal Neru nomidagi O‘zbekiston-Hindiston o‘quv markazining faoliyatini takomillashtirish maqsadida Kengaytirilgan hisoblashni rivojlantirish markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.