IUT professori AQSHlik talabalar uchun matematika kurslarini o‘tdi
09.08.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universitetining professori Rustam Turdiboyev AQSHlik talabalar uchun matematika kurslarini o‘tdi.

Amerikalik talabalar guruhi Kaliforniya davlat universiteti (AQSH)ning 10 haftalik “O‘zbekistondagi talabalar uchun xalqaro tadqiqotlar tajribasi” dasturida ishtirok etdilar. Dastur AQSHdan kelgan talabalarga mahalliy mutaxassislar rahbarligida algebra fanining vatani hisoblangan O‘zbekistonda tajriba orttirish imkonini beradi.

O‘zbekistonlik tengdoshlari va murabbiylari bilan hamkorlikda amerikalik talabalar Leybnits algebrasining tizimli nazariyasida, garmonik tahlil va matematik biologiyada tadqiqot olib boradilar.

Algebra yo‘nalishi bo‘yicha dastur V.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov rahbarligida o‘tkazildi.

Doktor Rustam Turdiboyev ushbu dastur doirasida Toshkent shahridagi Inha universitetida algebra bo‘yicha 15 ta ma’ruza o‘qidi.

Mazkur kursda AQSH universitetlarining uchinchi bosqich talabalari – Kayla Pol (Avliyo Olaf kolleji, Minnesota), Dryu Xorton (Sonoma davlat universiteti, Kaliforniya) va Min Su Kim (Vanderbilt universiteti, Tennessi) qatnashishdi. Shuningdek, ma’ruzalarda O‘zbekiston davlat universitetining magistrlari hamda Matematika institutining kichik ilmiy xodimlari ishtirok etishdi.

Doktor Rustam Turdiboyev, shuningdek, Vanderbilt universitetining matematika fakulteti talabasi Min Su Kimga ayrim ochiq qolgan masalalar bo‘yicha ustozlik qildi. Hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar bilan arXiv orqali tanishish mumkin.

Qayd etamiz, Rustam Turdiboyev 2017-yili Sonoma davlat universitetining talabalari: Terris Beker, Xuan Eskobar Salsedo va Kristal Salaslarga ham mazkur dastur doirasida ustozlik qilgan edi. Hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar yaqin orada “Cogent Mathematics & Statistics” jurnalida chop etilishi kutilmoqda.

Professor Rustam Turdiboyev 2016-yildan beri Toshkent shahridagi Inha universitetining “Kompyuter va dasturiy injiniring” fakultetida talabalarga matematika kurslarini o‘tib kelmoqda. 2015-yilda u “Santiago de Kompostela” universitetining (Ispaniya) doktorlik darajasi (PhD)ni qo‘lga kiritdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq