Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etish va rivojlantirish samaradorligi reytingini baholash natijalari
09.08.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (keyingi o‘rinlarda – AKT)ni yanada rivojlantirish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, xususan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari rasmiy veb-saytlari va hukumat portallari orqali “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish borasida aholi va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlarni ko‘rsatilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 355-son qaroriga asosan 2014-yil I choragidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) tizimidagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi va Axborot va jamoat xavfsizligi markazi ekspertlari tomonidan har chorakda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida AKTni joriy qilish va rivojlantirish holati tahlil qilinib, reytingli baholash ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Reytingli baholashni vazifalari – tashkilotlarda AKTni joriy etish mavjud holatini tahlil qilish, to‘siqlarni aniqlash, ularni bartaraf etish va faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishda amaliy yordam berish, keyinchalik AKTni joriy etish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan ustuvor takliflarni tayyorlashdan iborat.

2018-yil II chorak yakuni yuzasidan jami 103ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari (keyingi o‘rinlarda – davlat organlari), jumladan, 47ta davlat boshqaruvi organlari, 42ta xo‘jalik boshqaruvi organlari va 14tasini mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida AKTni joriy etish va rivojlantirishining holati baholandi.

AKTni joriy etish va rivojlantirish yuzasidan baholangan davlat organlari orasida “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan. (100 balldan 96,85 ball). 2018-yil II chorak yakuni yuzasidan 95,04 ball to‘plab, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq banki” ATB reyting natijalarida 2 o‘rinni egallagan. “O‘zbekiston rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” AJ 94,20 ball bilan uchinchi o‘rinni egalladi, yakuniy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rtacha o‘sish 2017-yilning shu davriga nisbatan 9,80 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, reyting baholash natijalariga muvofiq, yetakchi beshlikdan, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llar davlat qo‘mitasi – 92,49 ball (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 6,43%), shuningdek, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB – 90,65 ball (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 22,71%) (1-jadval) o‘rin olgan.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi 12,53 ball ko‘rsatchiklari bilan reyting natijalarida oxirgi o‘rinni egallagan, shu bilan birga, reyting natijalari 2017-yilning II choragiga nisbatan 19,48 foizga kamaygan.

1-jadval Reyting natijalari yuzasidan birinchi beshtalik davlat organlari

2017-yil II choragida o‘rtacha reyting ko‘rsatkichi 70,73 balldan 2018-yilning II choragida 68,22 ballga kamaygan, shu o‘rinda kamayish 2,51 foizni tashkil qildi (2-jadval).

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 355-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligini reytingli baholash tizimi tuzilmasi”ga muvofiq, baholashda rasmiy veb-sayt va interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish, axborot tizimlari, axborot resurslari va elektron hujjatlar aylanishi, axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish tadbirlari rejalarining mavjudligi, fuqarolar murojaatlariga davlat organining munosabati, AKT davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida joriy etish va rivojlantirishning holati to‘g‘risidagi axborotni qabul qilish, qayta ishlash va saqlashga mo‘ljallangan idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi NIS.UZga taqdim etilgan ma’lumotni sifati va ishonchliligi kabi yo‘nalishlarda tahlillar olib boriladi.

2018-yil II chorak natijalariga ko‘ra Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YaIDXP) orqali interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari tizimli ravishda buzilganligi sababli rasmiy veb-sayt va interaktiv davlat xizmatlarini (keyingi o‘rinlarda — IDX) ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatkichlari yomonlashishi kuzatilgan.

Xususan, tashkilot rasmiy veb-sayti va IDX ko‘rsatish ko‘rsatkichlari qonun va boshqa me’yoriy hujjatlarga muvofiq joriy qilingan davlat interaktiv xizmatlari sifat jihatdan ham yomonlashgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishda o‘rtacha ko‘rsatkich 50 dan 31,44 tashkil etdi (2017-yilning II choragiga nisbatan kamayish 2,77%). Shu o‘rinda, olib borilgan tahlillar natijasida davlat organlarida AKT tatbiq etilishiga mas’ul tarkibiy bo‘linmaning tashkil etilmagani yoki malakali mutaxassislarning jalb qilinmagani tashkilotlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining samarali joriy qilinishi va rivojlanishi bilan bog‘liq kamchiliklarning yuzaga kelishining bosh omili ekanini aytib o‘tish o‘rinlidir.

“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi ekspertlari tomonidan reytingli baholash o‘tkazilgan davlat organlari uchun AKT joriy qilish va rivojlantirish samaradorligini monitoring qilish va baholash yuzasidan har chorak natijalariga oid batafsil ma’lumot, kamchiliklarni bartaraf etishga oid tavsiya berildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish uchun davlat idoralarining mas’ul mutaxassislari ishtirokida faoliyatda AKT samarali joriy qilish, savolnomani to‘ldirish metodikasiga bag‘ishlangan seminar va videokonferensiyalar, masofali o‘qitishlar tashkil etilmoqda. AKT joriy qilish va rivojlantirish samaradorligini monitoring qilish va baholashga oid savollar bo‘yicha ekspertlar bilan telefon orqali, elektron shakllarda ma’lumot almashish imkoniyati yaratilgan.

Bu boradagi natijalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’ul shaxslari, rahbarlari hamda Vazirlik vakillari ishtirokida muntazam muhokama qilib kelinadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma hamda tavsiyalar beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-4702-son farmonida Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi qayd etilgan. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari AKTni rivojlantirish kompleks dasturlarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishga, “Elektron hukumat” xizmatlari va axborot tizimlarini joriy qilishga, baholash natijalariga, interaktiv davlat xizmatlarining iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida samarali va sifatli amalga oshirilishiga shahsan javobgar ekanligi belgilab o‘tilgan. Yuqoridagi ko‘rsatkichlar bajarilishida kamchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, assotsiatsiyalar, yirik korxonalar va birlashmalar rahbarlarining, sohadagi davlat hokimiyati organlarining rahbarlik qilayotgan lavozimlariga muvofiqligini hisobga olish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan AKT bo‘yicha ishlar qoniqarsiz tashkil etilgan hollarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi sustkashlikka yo‘l qo‘ygan davlat tashkilotlari faoliyatiga oid tegishli qarorlar qabul qilish, tashkilotning rahbar xodimlariga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash yoki ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish vakolatiga ega.

2018-yilning ikkinchi choragi uchun AKTni joriy etish holatini baholash reytingi

Ismatullayeva Go‘zal Suratovna,
AKTni joriy etish holatini tahlil qilish va baholash departamenti

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq