Pensiya jamg‘armasi tizimida innovatsion texnologiyalar
05.08.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etishda axborot texnologiyalarini joriy qilish ustuvor yo‘nalish deb belgilangan.

O‘tgan davr mobaynida pensiya va nafaqalarni to‘g‘ri tayinlanishi va to‘lanishi bo‘yicha joylarda o‘tkazilgan tekshirishlarda ko‘plab hollarda hujjatlarni soxtalashtirish, mehnat staji va oylik ish haqlarini oshirib ko‘rsatish, pochta va bank xodimlari tomonidan mablag‘larni o‘zlashtirish hamda boshqa holatlar natijasida ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish, pensiya va nafaqalarni tayinlash hamda to‘lash jarayonida inson omilini kamaytirish, ortiqcha vaqt sarfi hamda fuqarolarning ovoragarchiliklarini kamaytirish maqsadida 3,3 mln.dan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona bazasini o‘z ichiga olgan «Pensiya» dasturiy majmuasi ishlab chiqilgan.

Bugungi kunda «Pensiya» dasturiy majmuasi va tegishli vazirlik hamda idoralarning axborot tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi natijasida qo‘yidagilarga erishildi.

Birinchidan, AT «Xalq banki» bilan pensiya va nafaqa oluvchilarning to‘lov qaydnomalarini yuborish, to‘langan (to‘lanmagan) pensiya va nafaqalar to‘g‘risida ma’lumot almashish faqat elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Buning natijasida, to‘lov qaydnomalarini sohtalashtirish oldi olinib, pensiya va nafaqa to‘lovlari ustidan kunlik nazorat o‘rnatildi.

Ikkinchidan, barcha tijorat banklari bilan bank plastik kartalari orqali pensiya va nafaqa oluvchilarni mablag‘larini ularning hisob raqamlariga yuklash bo‘yicha elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali qog‘oz shaklida to‘lov qaydnomalaridan to‘liq voz kechilib, naqd pulsiz shaklda pensiya va nafaqa oluvchilarga mablag‘larni oyning 2-5 sanasiga qadar to‘lash imkoniyati yaratildi.

Uchinchidan, Davlat soliq qo‘mitasi bilan yo‘lga qo‘yilgan axborot almashinuvi har oyda o‘rtacha 27 mingdan ortiq korxonalar tomonidan ishlovchi fuqarolarga pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun talabnomalarni Pensiya jamg‘armasiga kelmasdan elektron shaklda taqdim etishiga, shuningdek jamg‘armaga majburiy badallar to‘lovi bo‘yicha xisobotlarini qisqarishiga sharoit yaratdi.

To‘rtinchidan, Adliya vazirligi (FHDYO) tizimi bilan o‘rnatilgan ma’lumot almashinuvi bola tug‘ilganda va dafn marosimlari uchun nafaqalarni tezkorlik bilan tayinlash hamda jamg‘arma va davlat byudjeti mablag‘larini maqsadli sarflanishini ta’minladi.

Beshinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi (TMEK) tizimi bilan yo‘lga qo‘yilgan ma’lumot almashinuvi nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida tayinlash hamda nogironlik o‘zgarishi holatini avtomatik monitoring qilish imkoniyatini yaratdi.

Oltinchidan, amaliyotga joriy qilingan “SMS-pensiya” xizmati orqali fuqarolarga ularning pensiya miqdorlari, to‘lov amalga oshirilganligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan oshirilgan pensiyalar to‘g‘risida bepul SMS xabarlarni olish imkoniyati yaratildi (bugungi kunda 1,8 mln. nafar pensiya va nafaqa oluvchilar ushbu xizmatga obuna bo‘lgan).

Ushbu amalga oshirilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida 1 iyun 2018 yildan boshlab pensiya ta’minotiga oid 4 ta (suyunchi va dafn nafaqasini tayinlash, pensiya tayinlanganlik va miqdori to‘g‘risida ma’lumotnoma olish) xizmatlar davlat xizmatlari markazlari orqali olib borilayotganligini keltirishimiz mumkin, ya’ni endilikda fuqarolarni tug‘ilganlik yoki vafotini ro‘yxatdan o‘tkazish joyida suyunchi yoki dafn nafaqasi olish uchun ariza berish imkoniyati yaratilmoqda.

Pensiya va nafaqa oluvchilarni shaxsini tasdiqlash hamda naqd pul shaklidagi to‘lovlari avtomatlashtirish maqsadida pensionerlarning elektron guvohnomasi (ID-card)ni joriy qilish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, 2018 yil yakuniga qadar korxonalar pensionerni ishga qabul qilganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasiga faqat elektron shaklda xabar yuborish imkoniyatini yaratish orqali qog‘oz shaklida ma’lumot almashinuvidan butkul voz kechish rejalashtirilgan (amaldagi qonunchilik talablariga asosan pensioner ishga qabul qilinganda korxona rahbari 5 kun ichida Pensiya jamg‘armasiga buyruq nusxasini taqdim etishi va ish joyidan pensiya to‘lovini amalga oshirishi shart).

Bundan tashqari, 2018-2019 yillarda “Elektron xukumat”, Sug‘urta badali to‘lovchilarning shaxsiy xisobini yuritish bazasi, Oliy va O‘rta-maxsus ta’lim vazirligi ma’lumotlar bazasi bilan axborot almashinuvlari yo‘lga qo‘yish orqali kelgusida masofaviy tarzda (jamg‘armaga kelmasdan) ariza berish orqali pensiya va nafaqalarni tayinlash imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq