Abituriyent-2018: butun mamlakat birinchi marotaba test sinovlarini onlayn kuzatmoqda
02.08.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yilda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan kirish imtihonlari UZDIGITAL TV telekanallari tarmog‘i orqali, shuningdek www.test2018.uz saytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatilmoqda.

Yurtimiz miqyosida tashkil qilingan mazkur amaliyot ilk marotaba tatbiq qilindi hamda 1 dan 15 avgustga qadar davom etadi.

Imtihon jarayonlarining ochiq-oshkoraligini ta’minlash uchun texnik mas’ul davlat organi sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 1300 dan ziyod videokuzatuv tizimiga ulangan kameralar, respublika miqyosida tashkil qilingan 62 ta kutish pavilonlarida monitorlar faoliyati tashkil qilindi.

Jamoatchilik, abituriyentlarning ota-onalari, yaqinlari uchun tashkil qilingan maxsus joylar, onlayn nazorat tizimi imtihon jarayonlarining samarali o‘tishiga xizmat qildi.

Shuningdek, ob’ektlar ichkarisida o‘rnatilgan kuzatuv tizimi imtihon jarayonidagi qoidabuzarliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf qilish imkonini berdi. Kuzatuv jarayonida ko‘chirma materiallar, turli elektron aloqa vositalari, «Master Card» mikro audio-quloqchinlaridan foydalanishga uringan abituriyentlar imtihondan chetlatildi.

Shu bilan birga, imtihonlarni yozib olish amaliyoti ham ilk marotaba joriy qilindi. Davlat test markazi mutasaddilari test jarayonlarini qayta ko‘rib chiqib, qoida buzganligi aniqlangan abituriyentlarning natijalarini bekor qilish choralarini ko‘radi.

Test imtihonlarida ochiq-oshkoralikni ta’minlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yirik qamrovda keng foydalanish ilk marotaba joriy qilingani bois, kichik texnik nosozliklar ham kuzatildi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, poytaxtimizda joylashgan «O‘zekspomarkaz» majmuasida o‘tkazilgan imtihon jarayonlarini maxsus ekranlarga olib uzatish jarayonida uzilishlar va xatoliklar zudlik bilan bartaraf qilingan.

Shu bilan birga, elektr energiyasining beqarorligi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Samarqand, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona viloyatlarida, Toshkent shahridagi namoyishlarda qisqa nosozliklarni keltirib chiqargan. Xuddi shu omil «Yoshlik» (Toshkent shahri) ob’ektida o‘tayotgan imtihonlarni olib uzatayotgan 2 ta aylanma kameralar faoliyatini ishdan chiqargan.

Samarqand viloyatida abituriyentlarning yuz-qifasini tekshiruvdan o‘tkazuvchi kamera faoliyatida qisqa nosozlik kuzatilgan va muammo tezda bartaraf qilingan.

Aytish joizki, kunning ikkinchi qismida tashkil qilingan imtihonlarning ikkinchi qismida imtihonlar o‘tkazilayotgan barcha ob’ekt va binolarda kuzatuv tizimi maromidagidek ishlagan, uzilish va nosozliklar kuzatilmagan.

Eslatib o‘tamiz, imtihon jarayonlarida ishtirok etayotgan ming nafar kuzatuvchilar, shuningdek xorijlik vakillar kirish imtihonlarining tashkiliy jarayonidan qoniqish hosil qilganliklari, testlar ochiq va oshkora o‘tkazilganini ma’lum qilishgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq