«Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasini amalga oshirish va respublikamizda elektron axborot-kutubxona tizimini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida davra suhbati
30.07.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasini amalga oshirish va respublikamizda elektron axborot-kutubxona tizimini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar axborot-kutubxona markazlari xodimlari ishtirok etdilar. Unda mutaxassislar uchun yaqinda Janubiy Koreya Respublikasida shu soha bo‘yicha malaka oshirib qaytgan kutubxonachilar hamda xorijlik mutaxassislar elektron turdagi axborot-kutubxona resurslarini ko‘paytirish va ulardan internet tarmog‘i orqali foydalanish bo‘yicha zarur tavsiyalarini berdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari U.Teshabaeva, Milliy umumta’lim elektron kutubxona loyixa menedjeri Tomas Kimlar so‘zga chiqdilar.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriev so‘zga chiqar ekan, milliy umumta’lim elektron kutubxona loyihasini amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad axborot-kutubxona tizimini yanada rivojlantirish, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish sifatini yuksaltirish ekanini alohida qayd etdi. «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Yadro fizikasi institutida olimlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, mamlakatning taraqqiy ettirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir deya alohida ta’kidladilar. Bu o‘ta dolzarb va muhim masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga zarur topshiriqlarni berdilar.

Albatta har qanday ilm-fan rivojlanishida kitobning, kitobga maskan bo‘lgan kutubxonaning o‘rni beqiyos. Olimlarning ilmiy izlanishlar olib borishi, zarur axborot va ma’lumotlar olishi uchun bugungi zamonaviy kutubxonalarda barcha sharoitlar muhayyo etilgan bo‘lishi kerak.

Janubiy Koreya tajribasi asosida tashkil etilayotgan milliy elektron kutubxona mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishda olimlarga ularning tadqiqotlar olib borishida eng yaqin yordamchi bo‘lishi zarur. Ayniqsa, ular uchun tashkil etiladigan maxsus bo‘lim dunyodagi yetakchi ilmiy kutubxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish, zarur manbalardan to‘siqsiz foydalanish imkonini berish kerak» deb ta’kidladi.

Shuningdek davra suhbatida o‘z ma’ruzasi bilan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari U.Teshabaeva so‘zga chiqar ekan, u «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasini texnik jihatdan ta’minlash ishlari Koreya Respublikasining LG CNS kompaniyasiga topshirilganligi, loyiha doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Raqamlashtirish va skanerlash», «Multimedia» markazlari tashkil etilayotganligi, bugungi kunda zarur texnik jihozlarni olib kelish va joylashtirish bilan bog‘liq ishlar o‘z yakuniga yetayotganligi haqida gapirib o‘tdi. Xalqaro seminar-treningda ishtirok etishdan ko‘zlangan yana bir ustuvor maqsad «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasi tizimini yaratish strategiyasi, ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlari, loyiha dizayni va ilg‘or tajribalarni o‘rganish, Janubiy Koreya Respublikasining kutubxonachiligiga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasi bilan yaqindan tanishib, ilg‘or namunalarni mamlakatimiz kutubxonalari faoliyatini takomillashtirish jarayonida qo‘llash va kitobxonalarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy usullarini joriy etish kerakligini ta’kidladi.

Milliy umumta’lim elektron kutubxona loyixa menedjeri Tomas Kim hisobot ma’ruzasi bilan qatnashib, mazkur loyihaning mohiyati va ahamiyati, bugungi kunda loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Davra suhbatida ishtirok etgan AKM mutaxassislari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va tadbir tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq