«STV» telekanali efirga uzatilishi to’xtatildi
29.07.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
«MASTER MEDIA PRODUCTION AND BROADCAST» mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan «STV» telekanali tomonidan qonunbuzilish holatlariga yo’l qo’yilgan.
Telekanal orqali efirga uzatilgan teledasturlarda, hayosizlikni targ’ib qiluvchi, ayniqsa yoshlar odob – axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi, pornografik mazmundagi, vahshiylik va shafqatsizlikni targ’ib etuvchi sahnalar namoyish etilgan. Bu bilan, O’zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog’lig’iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to’g’risida”gi Qonuni 16-moddasi, “Ommaviy axborot vositalari to’g’risida”gi Qonuni 6-moddasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida”gi Qonuni 5-moddasi va O’zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi Qonunining 14- va 15-moddalari talablari qo’pol ravishda buzilgan.
Yuqorida keltirilganlarni inobatga olib, Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo’yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining tegishli qaroriga asosan «STV» telekanalini efirga tarqatilishi nomuayyan muddatga to’xtatildi.