Xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda elektron savdo sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni taklif qilishdi
26.07.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
2018-yil 25-iyulda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazida bir tashrif doirasida «ATHREYA GROUP» kompaniyalari guruhiga kiruvchi bir nechta xorijiy kompaniyalar «Athreya Inc.» (AQSh) va «Logicsoft» (Xindiston) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kompaniyalar elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish, katta xajmli ma’lumotlar bilan operatsiyalar amalga oshirish, elektron tijorat, sug‘urta va konsalting xizmatlari bilan shug‘ullanishga ixtisoslashgan.
Markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M.Rasulov mehmonlarni O‘zbekistonda AKTni rivojlantirish zamonaviy tendensiyalari va elektron hukumatni rivojlantirishdagi olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Kompaniyalar vakillari o‘zlarining faoliyati bilan tanishtirish maqsadida “O‘zbekistonni raqamlashtirish: hamkorlik uchun takliflar” mavzusida taqdimot o‘tkazishdi. Mehmonlar mamlakatimizda raqamli transformatsiya, AT-strategiyasi, elektron boshqarish va boshqa loyihalarni birgalikda joriy etishni taklif qilishdi. Kompaniyaning bulutli servis va yechimlari bulutli amallarni samarali boshqarishga yordam beradi.
Shuningdek, O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish, elektron hukumatni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislarni konsultatsiya qilish, loyihalarni boshqarish (project management) bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, inson kapitalini va elektron tijoratni rivojlantirish haqida gapirib o‘tishdi.
Uchrashuv so‘nggida ikkala taraf kelajakda hamkorlik qilish va birgalikda integratsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqishga kelishib olishdi.