AKT Buxoro viloyati Davlat va xo‘jalik boshqaruvida
25.07.2018
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Alisher Qudratov.

Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.

Bu borada Buxoro viloyatida ham koplab ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili, ya’ni 2017-yilda Buxoro viloyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning manzilli dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 16 115,71 mln. so‘m bo‘lgan 31ta loyihani amalga oshirish belgilangandi. Dasturga kiritilgan loyihalarning 2017-yilda bajarilishi rejalashtirilgan 31ta loyihadan 30tasi amalga oshirildi. Bugungi kunga qadar mazkur loyihalarni amalga oshirishda jami 16 579,61 mln. so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi, 2017-yil rejasiga nisbatan 102 foizni tashkil etadi.

Viloyat hokimligi faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida, milliy internet tarmog‘ida hokimlikning buxoro.uz manzilida rasmiy veb-sayti ishga tushirilgan. Mazkur rasmiy veb-saytda hokimlik faoliyati, viloyatdagi yangiliklar, turli xil loyihalar, viloyat hokimi tomonidan qabul qilingan hujjatlar, statistik va tahliliy ma’lumotlar, hokimlik tomonidan ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari va boshqa foydali ma’lumotlar joylashtirilgan. Aholi va tadbirkorlik subyektlari veb-sayt orqali viloyat hokimligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaat qilishlari, murojaatlariga javob olishlari mumkin.

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida viloyat hokimligi rasmiy veb-sayti orqali 12 xil, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 10 xil turdagi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. “Litsenziya” axborot tizimiga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan berilgan litsenziya va rusxatnomalar to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilib borilmoqda.

Tijorat banklari tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarni doimiy real vaqt rejimida o‘rganib borish, yaratilgan ish o‘rinlarining takrorlanishining oldini olish maqsadida, www.bdat.uz manzilida “Bandlik dasturini monitoring qilish” axborot tizimi ishga tushirilgan. Hozirgi kunda mazkur axborot tizimiga viloyat, tuman va shahar hokimliklari, tijorat banklari, davlat soliq organlari, markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ulangan.

Viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, shu jumladan, mahalliy dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, joriy yilning 25-aprel kuni Buxoro davlat universitetida “Bukhara Software Expo” ko‘rgazmasi a’lo darajada o‘tkazildi. Mazkur ko‘rgazmada viloyatda axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan 10 ta tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro muhandislik-texnologiya institutining dasturchilar jamoalari faol ishtirok etdi.

Viloyatdagi 56 ta sektor rahbarlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar hamda davlat soliq organlari rahbarlari “Hudud” axborot tizimiga ulandi hamda zamonaviy rusumdagi planshet kompyuterlari bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda mazkur axborot tizimiga sektorlar faoliyatiga oid barcha ma’lumotlarni kiritish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5349-son Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” PQ-3549-son Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Buxoro viloyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha hududiy Kengash tuzildi. Kengash o‘z faoliyatini viloyat hokimi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan olib boradi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hay’ati va O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Rayosatining 2018-yil 12-apreldagi qo‘shma qaroriga muvofiq, “Eng faol yosh dasturchi” tanlovi o‘tkazilmoqda. Mazkur tanlovda “O‘zbekiston pochtasi” AJ Buxoro filiali Axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i B.Naimov o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan “Post Market” mobil ilovasi bilan ishtirok etib, tanlovning hududiy bosqichi g‘olibi etib e’tirof etildi. Mazkur mobil ilovani ishlab chiqarishda joriy qilish, pochta xizmatlarini yanada rivojlantirishda qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Viloyatda keng polosali xizmatlarni taqdim etish imkoniyatini kengaytirish maqsadida jami 44,6 km optik tolali aloqa liniyalarini qurildi. Shuningdek, “O‘zbektelekom” AK Buxoro filiali tomonidan keng polosali xizmat turlarini kengaytirish yuqori tezlikdagi internetga ulash maqsadida, yangi qurilgan uy- joylarga FTT-x texnologiyalari asosida 2296ta port o‘rnatilib ishga tushirildi. Natijada ko‘p qavatli uylardagi fuqarolarga yuqori tezlikdagi internet xizmati va IP-TV xizmatidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. “O‘zMobayl” GSM va “O‘zMobayl” CDMA-450 aloqa tarmog‘ining qamrovini kengaytirish maqsadida, Buxoro viloyati bo‘yicha jami 27 ta obyektda baza stansiyalar o‘rnatilib, ishga tushirildi. Shuningdek, mobil aloqa sifatini yaxshilash maqsadida, joriy yilning 6 oyida viloyat hududida “Coscom” MChJ XK tomonidan jami 16ta baza stansiyalari, “Unitel” MChJ tomonidan 28ta baza stansiyalari qurib ishga tushirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-17 fevral kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari va Peshku tumanida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 2018-yil 23- fevraldagi 3000-xx-sonli majlis bayoni hamda Viloyat hokimining 2018-yil 10-martdagi 166-son qarori ijrosi bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Buxoro shahridagi 54-son maktabgacha ta’lim muassasasiga Koreya respublikasining ilg‘or maktabgacha ta’lim muassasasi o‘rtasida tajriba almashish maqsadida, yuqori tezlikda “onlayn” internet muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun 450 metr optik tolali aloqa liniyasi qurilib, internet tarmog‘iga ulab berildi. Buxoro viloyatining har bir tumanida bittadan, jami 13ta namunaviy maktabgacha ta’lim muassasalarigacha ham optik tolali aloqa liniyalarini qurish ishlari yakunlandi hamda belgilangan tartibda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

2017-yil 18-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham birlamchi tizim faoliyatiga alohida urg‘u berildi. Xususan, vrach faoliyatini samarali tashkil qilish va qabulga masofadan turib, yozilish imkonini beruvchi elektron tizimni bosqichma-bosqich joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Birlamchi tizimni takomillashtirish bo‘yicha Prezident Qarori va davlat rahbarining topshiriqlari ijrosi doirasida Buxoro viloyatidagi 11ta birlamchi tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulandi. Mazkur tizim sog‘liqni saqlash muassasasida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi Buxoro filialida tez yordam avtomatlashtirilgan dispecherlik xizmati joriy etildi. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish maqsadida Buxoro viloyatidagi 13ta “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi markazlar “Tadbirkorlik subyektlarini on-layn rejimda ro‘yxatdan o‘tkazish” axborot tizimiga ulandi.
Hozirgi kunda markazlar tomonidan 54 xil turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat, tuman va shaharlardagi xalq qabulxonalariga murojaat qiluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Elektron navbat” axborot tizimi joriy etildi. Xalq qabulxonalari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i, videokonferens aloqa vositalari, zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlandi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassis xodimlari ota-bobolarimizning “Elga xizmat – oliy himmat” degan naqli mazmun-mohiyatini yaxshi anglab, xalqimizga qulay imkoniyatlar yaratish yo‘lida xizmat qilayotganlaridan g‘oyat mamnunlar.

Alisher Qudratov,
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq