O‘zbekiston MTRK tizimidagi reklama va marketing faoliyati bilan bog‘liq masalalar tanqidiy muhokama qilindi
15.07.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yilning 14-iyul kuni O‘zbekiston MTRKda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish O‘zbekiston MTRK markaziy apparati va tizimdagi teleradiokanallarning reklama va marketing bo‘limlari rahbarlari hamda xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonning tele, radio sohasida reklama vaqtini sotishda zamonaviy va xalqaro miqyosda tan olingan usullarga amaliy jihatdan o‘tib bo‘linayotganligiga qaramasdan, mazkur sohadagi javobgar bo‘lgan tizimdagi mas’ul xodimlarning malakasi va amaliy tayyorgarlik darajasi hanuzgacha past holatda qolayotganligi aytib o‘tildi.

Sohadagi bo‘limlar rahbarlari xodimlarning malakasini oshirishga e’tibor qaratmayotganligi, teleradiokanallarga reklamani jalb qilishni oshirishda yangi zamonaviy turli xil yo‘llarni to‘liq qo‘llamayotganligi, shuningdek, reklama joylashtiriladigan efir vaqtini sotishda reyting usullaridan foydalanmayotganligi teleradiokompaniyaning daromad topishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va reklama tushumlarining kamayib ketishiga olib kelmoqda.

Joriy yilning birinchi choragi tahlili natijalariga ko‘ra O‘zbekiston MTRKning budjetdan tashqari ishlab topadigan daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga tushib ketdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston MTRKning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati byudjetdan va byudjetdan tashqari mablag‘lar, ya’ni reklamadan tushadigan tushumlardan moliyalashtiriladi.

Reklamadan tushadigan mablag‘lar O‘zbekiston MTRKning maxsus fondida umumlashtirilib:

— ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarga, studiyada hamda joylarga chiqib suratga olishga, montajga, kompyuterda qayta ishlashga va efirga uzatishga;

— xodimlarning mehnatini moddiy rag‘batlantirish va qisman oylik maoshiga, tizimdagi korxonalar va hududiy bo‘linmalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga;

— o‘zini 100% mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tgan «Yoshlar» teleradiokanali va o‘zlarini 50% mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tgan «O‘zbekiston», «Sport», «Toshkent» teleradiokanallariga hamda qisman o‘zini mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tgan markaziy va hududiy teleradiokanallarga;

— «Maxsus avtokorxona», «Respublika teleradiomarkazi» va «O‘zbekiston MTRK mediamarkazi» korxonalarining tegishli xizmatlariga, «Oqtosh» va MTRK poliklinikasini saqlashga;

— moddiy-texnik bazani mustahkamlashga va zamonaviy maxsus uskunalar bilan jihozlashga, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga sarflanadi.

Yig‘ilishda reklama va marketing bo‘limlari xodimlarining kelgusidagi qisqa hamda o‘rta muddatli vazifalari belgilab olindi. Ularga aytilgan muddatlarda sohadagi qiyin holatni sog‘lomlashtirish va javobgarlik mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq