Xusniddin Olimovga fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi berildi
03.07.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universitetining fizika fani bo‘yicha professori Xusniddin Olimov O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning yig‘ilishida o‘zining fizika-matematika fanlari doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va fizika-matematika fanlari doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini qo‘lga kiritdi.

Dissertatsiya mavzusi: «4.2 A GeV/s impulslip, d, 4He, 12C(12C)- va12С181Ta-to‘qnashuvlarida manfiy pionlar va D0(1232)-rezonanslar hosil bo‘lishi».

Ilmiy kengashning qatnashgan barcha 17 a’zolari, shu jumladan, uch nafar O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi, yashirin ovoz berish orqali bir ovozdan Xusniddin Olimovga fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi (Doctor of Science) berilishini tasdiqlashdi.

O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademiklari va professorlar Mirzayusuf Musaxanov, Shuhrat Egamberdiyev, Tolib Mo‘minovlar Olimovning doktorlik dissertatsiyasi yuqori ilmiy saviyada bajarilganini hamda olingan ilmiy natijalari yuqori energiyali fundamental yadro fizikasi sohasini jahondagi rivojlanishiga katta hissa qo‘shgani hamda sohaning yetakchi xalqaro olimlar tomonidan e’tirof etilganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Shuni ta’kidlash joizki, roppa-rosa 16 yil avval 2002-yil 28-iyun kuni xuddi shu O‘zbekistonning eng yirik ilmiy dargohida Xusniddin Olimov fizika-matematika sohasida o‘zining nomzodlik (Falsafa doktori — PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan edi. Xusniddin Olimovga taqdim etilgan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi eng yuqori va nufuzli ilmiy daraja hisoblanib, ko‘pgina Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida, sharqiy Yevropa va ayrim g‘arbiy Yevropa davlatlarida, jumladan, Buyuk Britaniyada, mavjud. Shu tariqa, Xusniddin Olimov nufuzli fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan Toshkent shahridagi Inha universitetining birinchi va yagona fan doktori bo‘ldi.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgandan so‘ng, fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyasini tayyorlash va yakunlash uchun ko‘p yillik samarali ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va olingan natijalarni sohadagi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop ettirish talab etiladi. O‘zining fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyasi mavzusi bo‘yicha Xusniddin Olimov 33 ta ilmiy ish chop etdi, жумладан, 20 ta ilmiy maqola yadro fizikasi sohasidagi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etildi: 5 ta maqola amerika fizika jamiyatining «Physical Review C» jurnalida, 2 ta maqola Yevropa fizika jamiyatining «The European Physical Journal A» jurnalida, 6 ta maqola nufuzli World Scientific bosma korporatsiyasining «International Journal of Modern Physics E» jurnalida, 6 ta maqola Rossiya fanlar akademiyasining «Physics of Atomic Nuclei – Yadernaya fizika» jurnalida va 1 ta maqola Polsha fizika jamiyatining «Central European Journal of Physics» jurnalida chop etilgan.

Fizika-matematika fanlari doktori Xusniddin Olimov 20 yillik muvaffaqiyatli ilmiy-pedagogik stajiga ega. U 100 dan ortiq ilmiy ish chop ettirgan, jumladan, nufuzli Web of Science ro‘yxatiga kiruvchi yadro fizikasi sohasidagi xalqaro ilmiy jurnallarda (Physical Review C, The European Physical Journal A, Journal of Physics, International Journal of Modern Physics E, Physics of Atomic Nuclei) 50 ta ilmiy maqola chop etilgan.

X.K. Olimovni ilmiy rahbarligida 2 ta PhD (Falsafa doktori) va 2 ta magistr dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan.

2017-yilda Xusniddin Olimov nufuzli Web of Science’ga kiruvchi xalqaro ilmiy jurnallarda 41 ta ilmiy maqola chop etgani uchun fizika-texnika sohasida nufuzli xalqaro “Science Leader” mukofotini qo‘lga kiritdi va turli fan sohalarida shu mukofotga ega bo‘lgan oltita ilg‘or o‘zbekistonlik olimlar qatoridan joy oldi. 2016-yilda Olimov o‘zining xalqaro ilmiy maqolalari uchun Xalqaro fanlar akademiyasining (TWAS, Italiya) nufuzli mukofotini O‘zbekistondan qo‘lga kiritgan yagona olim bo‘ldi.

Toshkent shahridagi Inxa universiteti rahbariyati fizika professori Xusniddin Olimovni fizika-matematika fanlari doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgani bilan tabriklaydi va kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq