Yozgi ta’til davrida Janubiy Koreyaning yetakchi OTMlari bilan hamkorlikda seminar-treninglar tashkil etilmoqda
28.06.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Yozgi ta’til davrida Janubiy Koreyadagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Jumladan, 2018-yil 29-iyun — 13-iyul kunlari Koreya milliy transport universiteti (KNUT)ning 10 nafar talaba va 2 nafar professordan tashkil etilgan ko‘ngillilar delegatsiyasining tashrifi kutilmoqda. Ular tomonidan “Mobil ilovalarni yaratish” mavzusida o‘quv-trening kursi tashkil etiladi. Trening kursida universitet talabalari bilan birga Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘quvchilari ishtirok etadilar, kurs qatnashchilariga mobil ilovalarni yaratish mavzusidagi bilimlarini oshirishlari bilan bir qatorda, chet el talabalari bilan fikr almashish imkoniyati yaratiladi.
27-iyun — 24-iyul kunlari Janubiy Koreyaning Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) hamkorligida Songyungvan universitetidan 14 nafar talaba va 2 nafar professordan tashkil etilgan ko‘ngillilar delegatsiyasi TATUning Urganch va Nukus filiallariga tashrif buyuradi. Delegatsiya tomonidan “AKT sohasida dasturiy ta’minotlar” mavzusida o‘quv-trening kursini tashkillashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ishtirok etgan filiallar talabalarining AKT sohasida dasturiy ta’minotlar yuzasidan bilimlarini yanada oshirish mo‘ljallangan.
9-iyul — 22-iyul kunlari esa Janubiy Koreyaning Yonnam universitetidan 19 nafar talaba va bir professoridan tashkil topgan ko‘ngillilar delegatsiyasi TATU qoshidagi O‘zbekiston-Koreya axborot almashuv markaziga tashrif buyuradi. Ular tomonidan “Kompyuter savodxonligini oshirish va Koreya madaniyati” mavzusida o‘quv-trening kursini tashkillashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, delegatsiyaning Arirang qariyalar uyiga tashrifi ham tashkil etiladi.