Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘qish uchun 5 ta sabab
28.06.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Yoz fasli – kirish imtihonlari, kelajak kasbni tanlash davri. Akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari o‘z ma’lumotlarini oliy darajaga ko‘tarish maqsadida, oliy ta’lim muassasalariga kirib tahsil olish uchun universitetlarni tanlay boshlaydilar.

Hozirda abituriyentlarda turli oliy ta’lim muassasalari va istalgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati mavjud. O‘zbekistonda davlat universitetlari bilan bir qatorda, ko‘pgina xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari ham bor, jumladan, Toshkent shahridagi Inha universiteti shulardan biridir.

Toshkent shahridagi Inha universiteti 2014-yil Koreya Respublikasidagi Inha universiteti bilan hamkorlikda ochilgan hamda hozir “Kompyuter va dasturiy injiniring” hamda “Logistika” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini taqdim etadi.

Qanday sabablar tufayli abituriyentlar, aynan, Toshkent shahridagi Inha universitetini tanlashlari kerak?

Kirish imtihonlarining shaffofligi

Kirish imtihonlarining shaffofligi Toshkent shahridagi Inha universitetining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Qabulning barcha jarayonlari Janubiy Koreyalik hamkorlarimiz tomonidan nazorat qilinadi. Abituriyentlar zarur hujjatlarning elektron nusxasini yuklagan holda onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar.

Imtihon savollari Koreya Respublikasidagi Inha universiteti professorlari tomonidan tayyorlanadi. Savolnomalar Janubiy Koreyadan imtihondan bir kun avval yopiq qutilarda olib kelinib, bevosita zalda, imtihon boshlanishidan oldin ochiladi.

Imtihonlar tugashi bilan koreyalik mutaxassislar barcha imtihon savollarini yakuniy javob uchun Koreya Respublikasiga olib ketadilar.

Bu imtihon jarayoni va natijalariga uchinchi shaxslar aralashuvining oldini oladi. Yigit-qizlar o‘z bilimlari orqali Toshkent shahridagi Inha universitetining talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ladilar. Shuningdek, kirish imtihonlarini o‘tkazish vaqtida barcha abituriyentlar bir xil imkoniyatga ega bo‘lib, hech qanday imtiyozlar: jumladan, turli olimpiada g‘olibligi, Qurolli kuchlarda o‘tagan xizmatlari uchun ijobiy tavsifnoma va boshqalar inobatga olinmaydi.

Yuqori sifatli ta’lim

Toshkent shahridagi Inha universitetining eng asosiy ustunliklaridan biri – yuqori sifatli ta’lim bilan ta’minlanganligidir. Koreya Respublikasidagi Inha universiteti – kasb tanlash, to‘liq o‘quv jarayonidan tortib, yakuniy imtihonlargacha bo‘lgan barcha akademik jarayonini nazorat qiladi.

Universitetda asosan (Ph. D) doktorlik darajasi bo‘lgan xorijlik professorlar ishlaydilar. Hozirda o‘zbekistonlik yoshlarga Janubiy Koreya, Shotlandiya, Bolgariya, Italiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Yangi Zelandiya va boshqa mamlakatlardan kelgan professorlar saboq bermoqdalar.

Toshkent shahridagi Inha universitetida Janubiy Koreyada qo‘llaniladigan xalqaro muhandislik akkreditatsiya talablari asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida ta’lim beriladi. Mazkur ta’lim dasturlari Koreya Respublikasidagi eng zo‘rlaridan biri sanaladi.

So‘zlarimizning tasdig‘i sifatida quyidagi misollarni keltirish mumkin: o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti “Joongang Daily” nashrining talqiniga muvofiq, mamlakatdagi nufuzli 189 ta universitetlar reytingida 8-o‘rinni egallagan. Reyting tadqiqot, ta’lim, oliy ta’lim muassasasi bitiruvchi talabalarning ishga joylashish darajasi, fond va shu kabi mezon(kriteriya)lar bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi faoliyati asosida tuziladi.

Xususan, Inha universiteti “Talabalarning o‘zlashtirishi” yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi, “Ilmiy yo‘nalish bo‘yicha xodimlarni ishga olishga tavsiya etilgan universitet” va “Maktabdan keyingi ta’lim uchun eng yaxshi universitet” yo‘nalishlari bo‘yicha reytingda oltinchi o‘rinni egalladi.

Inha universitetining “Kompyuter va dasturiy injiniring” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim dasturi ABEEK dan akkreditatsiya o‘tgan. Mazkur tizim bitiruvchilar muhandislik tarmoqlarining ehtiyojlarini qondirishga tayyorligini tasdiqlaydi.

Toshkent shahridagi Inha universitetida bakalavrlarni tayyorlash Koreya Respublikasidagi Inha universitetidagi bilan aynan bir xil. Shuning uchun ikkala universitet bitiruvchilariga bir xil namunadagi diplom beriladi. Bu esa kelajakda talabalarning ishga joylashishlarida qo‘shimcha imtiyozlar yaratadi.

Xaridori ko‘p bo‘lgan mutaxassislik

Toshkent shahridagi Inha universiteti ta’limning xaridori ko‘p bo‘lgan mutaxassislik yo‘nalishlarni taklif qiladi.
“Kompyuter va dasturiy injiniring” yo‘nalishi axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi. Yoshlar ta’lim olish davrida nafaqat dasturlash, balki “temir”ni “soft”ga uyg‘unlashtirish bo‘yicha bilim oladilar.

O‘zbekistonning dengizga chiqish yo‘li yo‘q, shuning uchun transport va yuk tashishga ketadigan xarajatlarni hamda yetkazib berish vaqtini optimallashtirish zarur. Logistika bo‘yicha mutaxassislar tovarlarni ishlab chiqarish, savdo nuqtalariga yetkazib berishni optimallashtirishda va o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini eksport qilishda muhim o‘rin tutadi.

Axborot texnologiyalari hamda logistika sohasidagi mutaxassislar iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida juda ham zarur.

Talabalarni rag‘batlantirish

Toshkent shahridagi Inha universiteti astoydil bilim olayotgan talabalarni rag‘batlantiradi. Har semestr yakunlariga ko‘ra, eng yuqori ball olgan hamda o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan “Kompyuter va dasturiy injiniring” yo‘nalishi bo‘yicha har bir bosqichning 10 nafar hamda “Logistika” yo‘nalishi bo‘yicha 7 nafar talabalari aniqlanadi. Bu talabalar navbatdagi semestr uchun to‘lov pulidan 100 foiz yoki 50 foiz miqdorida ozod etiladi.

Qayd etamiz, bu talabalar orasida raqobat muhitini yaratib, bilim olishga bo‘lgan intilishni oshiradi. Shuningdek, har yili Toshkent shahridagi Inha universiteti 10 nafar talabalarni bepul Janubiy Koreyaning Inha universitetida bo‘ladigan “Yozgi maktab” dasturiga yuboradi. 10 nafar talabalar bilim va yozgacha yondashuvni talab etadigan turli maxsus tanlovlar orqali ajratib olinadi.

“Yozgi maktab” davrida talabalar “Koreys tili”, “Sharqiy Osiyoning siyosati va xalqaro munosabatlar”, “Koreya va uning madaniyati”, “Koreyada biznes va iqtisodiyot”, “Kelajakning yangi texnologiyalari” va shu kabi boshqa kurslarda ishtirok etadilar.

Shuningdek, talabalar Koreya Respublikasining madaniyati hamda diqqatga sazovar joylari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ishga joylashishdagi yuqori imkoniyatlar

Talabalar hamda bitiruvchilar ishga joylashishda yoki o‘zlarining startaplarini boshlashlarida yuqori imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.

2018-yili universitetni dastlabki 99 nafar talabalar bitiradilar. Hozirda ularning barchasi o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha davlat yoki xususiy kompaniyalarga ishga joylashtirilgan. Shuningdek, ikkinchi bosqichdan boshlab ko‘pchilik talabalar ishga joylashib, pul topishmoqda va to‘lov-shartnoma pulining bir qismini qoplash imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Qayd etish lozimki, universitet bitiruvchilarining o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha maoshlari oyiga o‘rtacha 5-10 mln. so‘m atrofida bo‘lmoqda.

Axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar frilanser, ya’ni buyurtma qabul qilib, masofadan turib ishlashlari ham mumkin. Hozirgi vaqtda ko‘pgina talabalarning o‘z loyihalari bo‘lib, ularning yuqori darajadagi tayyorgarliklari buyurtmalarni nafaqat yurtimiz, balki xorijdan qabul qilish imkonini beradi.

So‘zsiz, Toshkent shahridagi Inha universitetida ta’lim olish davlat universitetlariga qaraganda, qimmatroq, ammo ta’lim olish davrida talabalar turli buyurtmalar olib, buning natijasida pul topib, o‘qish xarajatlarini qoplashlari mumkin.

Agarda Siz yuqori malakali mutaxassis bo‘lishni istasangiz, kelajagingizni Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan birgalikda quring!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq