Huawei va Davlat xizmatlari agentligi hamkorlik to‘g‘risada memorandum imzoladilar
14.06.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Jamiyat hayotining turli sohalarida muvaffaqiyatli joriy etilgan yangi innovatsion yechimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganish, ilmiy-tadqiqot markazlari, maxsus texnoparklar va kichik sanoat zonalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida mutassaddi vazirlik va idoralar vakillarining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va «Huawei» kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo‘yicha ofisi bilan imzolangan memorandum doirasida tashkil etilib, unda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi MIB, UZINFOCOM markazi va Mirzo Ulugbek Innovation Center vakillari ishtirok etmoqda.

Dastur doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Xitoyning Pekin, Xanjou va Shenjen shaharlarida elektron hukumat tizimi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tadqiqot markazi mutaxassislari bilan uchrashuv va muzokaralar olib bordilar. Jumladan, Shenjen shahrida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hamda Huawei Tech Investment Tashkent o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish orqali fuqarolarga yangi turdagi xizmatlarni joriy etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalar hamda ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirish, dasturiy ta’minot yaratuvchi mutaxassislar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik olib boriladi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida statsionar va mobil davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi tizim faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tomonlar bugungi kunda O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida joylarda sayyor tadbirlar tashkil etishning muhimligini hisobga olgan holda Huawei Tech Investment Tashkent bilan hamkorlik loyihasini amalga oshirishga kelishib oldilar. Loyihaning birinchi bosqichida statsionar va mobil davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi pilot tariqasida amalga oshiriladi.

Qayd etish joiz, Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning yuqori sifati, tezkorligi, ochiqligini ta’minlash, aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish kabi vazifalar belgilangan.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq