“Nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati
11.06.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2018-yil 8-iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Konunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari ko‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan davra suxbatida tegishli davlat xokimiyati va boshqaruvi organlari mutasaddilari hamda manfaatdor shaxslar ishtirok etdilar.

Davra suhbatini O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov ochiq deb e’lon qildi, mazkur tadbirning mohiyati, bugungi kunda dolzarbligi haqida gapirdi va uning ijtimoiy himoyaga muxtoj foydalanuvchilar uchun ahamiyati haqida alohida to‘xtaldi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari S.Shukurov so‘zga chiqib, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan ishlar hususida so‘zladi. “Bugungi kunda yurtimizning axborot-kutubxona muassasalarida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun axborot-kutubxona xizmatlari spektrlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Hususan, axborot-kutubxona muassasalaridagi o‘qish zallarida mazkur shaxslar axborot-resurslaridan sifatli foydalanishi uchun ixtisoslashtirilgan joylarning tashkil etilishi, eshitish qobiliyati past, ko‘zi ojiz bo‘lgan foydalanuvchilar uchun ovozni kompyuter orqali chiqarish uchun mahsus dasturlarini davlat tilida yaratishning dasturiy ta’minoti va kompyuterlashgan operatsion tizimnitakomillashtirishi hamda erkin tarqatish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda”, — dedi S.Shukurov.

Davra suhbatida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Ma’lumotnoma-axborot xizmatlari ko‘rsatish xizmati rahbari Q.Nurimova kutubxonada nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. “O‘zbekiston Milliy kutubxonasida jismoniy imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarga qulay sharoitlar yaratilgan. Bular, nogironlar aravachalarida tashrif buyuruvchi foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida eshik ostonalari tekis va ravon qurilganligi, maxsus liftlarning mavjudligi, liftlar keng va aravachada yuruvchilar uchun qulay tarzda o‘rnatilganligi. Shuningdek, ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun 8 ta maxsus kompyuter brayl yozuviga mo‘ljallangan klaviaturalari bilan, Jaws dasturi va tiflofleshpleerlar hamda bo‘rtma nuqtali yozuv ko‘rinishida chop etish uchun 1 ta maxsus printer kabi texnik jihozlar xizmat ko‘rsatmoqda”.

Ishtirokchilar mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar tufayli nogironligi bor shaxslarni ro‘yxatga olish tizimida katta natijalarga erishilganini alohida qayd etishdi. Bu borada nogironligi bor shaxslarni qamrab oladigan yagona majmuaviy tizimning elektron formati yaratilganligi, bu o‘z navbatida ularga samarali axborot xizmatlar ko‘rsatilishi hamda axborot-kutubxona xizmatlaridan keng ko‘lamda foydalanishini ta’minlaydi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq