Aloqabank O’zbekistonda birinchi bo’lib kobeydj kartalarini muomalaga chiqaradi
09.06.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-3620-sonli hamda 2017 yil 12 sentabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3270-sonli qarorlariga asosan Yagona umumrespublika protsessing markazi (YaUPM) tomonidan UnionPay International xalqaro to’lov tizimi bilan hamkorlikda kobeydj kartalarni muomalaga chiqarish loyihasi ishlab chiqildi.

Joriy yilning may oyida YaUPM va AT “Aloqabank” rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida joylashgan China UnionPay kompaniyasining Bosh ofisiga tashrif buyurishdi. Uchrashuv natijalariga ko’ra YaUPM va UnionPay International o’rtasida kobeydj kartalarini muomalaga chiqarish bo’yicha kelishuv imzolandi. Kobeydj kartalari bo’yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankning belgilab olinishi ushbu kelishuvning muhim bandlaridan biri bo’ldi. Natijada ikkala tarafning qaroriga ko’ra har ikki to’lov tizimining a’zosi bo’lgan AT “Aloqabank” hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank sifatida tanlandi. Shu bilan birga, AT “Aloqabank” O’zbekistonda birinchi bo’lib kobeydj kartalarni muomalaga chiqarish sharafiga muyassar bo’ldi.

O’z o’rnida UnionPay International va AT “Aloqabank” o’rtasida UnionPay kartalarini muomalaga chiqarish yuzasidan kelishuv imzolandi. Bank tomonidan chiqarilishi rejalashtirilgan kobeydj kartalari barcha zamonaviy talablarga mos bo’lgan bevosita kontaktsiz to’lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi NFC chipi bilan jihozlanadi.

Kobeydj kartalarining afzalliklari:

— milliy valyutadagi (ish haqi doirasidagi) kartadan chet elda foydalanish imkoniyati mavjud;

— chet elga chiqayotganda milliy valyutani xorijiy valyutaga konversiya qilish zarurati yo’q;

— pul o’tkazmalarini imtiyozli (nisbatan pastroq) tariflarda amalga oshirish mumkin;

— har ikki to’lov tizimida mavjud bo’lgan imtiyozlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi (onlayn to’lovlar, mijozlarni rag’batlantirish tizimlari).

Ma’lumot uchun: Kobeydj karta – O’zbekiston Respublikasidagi vakolatli banklar tomonidan emissiya qilinuvchi UzCard va UPI to’lov tizimlarining hamkorlikdagi kartasi bo’lib, undan har ikkala to’lov tizimining infrastrukturasida foydalanish mumkin. Kobeydj karta milliy valyutadagi (so’m) yagona hisobraqamga bog’langan bo’lib, so’mni AQSh dollariga bir zumda avtomatik ravishda konvertatsiya qilinishi evaziga uning saqlovchisiga chet elda tovar va xizmatlar uchun to’lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

UnionPay International (UPI) China UnionPay kompaniyasining sho‘ba korxonasi bo’lib, UnionPay to’lov tizimining Xitoy Xalq Respublikasidan tashqaridagi faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. UnionPay kartalari butun dunyo bo’ylab 1 700ta moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda dunyoning 168 ta mamlakatida tovar va xizmatlar uchun to’lovlarni amalga oshirish va naqd valyuta mablag’larini yechish imkonini beradi. Ular dunyoning 48 dan ortiq mamlakatida, jumladan O’zbekiston Respublikasida ham emissiya qilinadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq