Voyaga yetmaganlarning axborot xavfsizligi ta’minlash davr talabi
06.06.2018
Rukn: Internet, Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mobil Interneti rivojlanishi bilan mamlakatimizda kun sayin foydalanuvchilar soni ko’payib bormoqda. Hozirgi kunda boshlang’ich sinf o’quvchilari ham Internetdan foydalana olishlari ko’pchilikkka ma’lum. Allaqachon 8 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan maktab o’quvchilari ham internet tarmog’ining faol foydalanuvchiga aylangan.

Ma’lumki, 14 yoshgacha bo’lgan foydalanuvchilar ko’proq kompyuter o’yinlari bilan shug’ullanadilar. Afsuski, o’yinlar orasida ta’limiy, ko’ngilochar mazmundagilardan tashqari, jangovor ruhdagi, tajovuzkorlik mavzusidagi o’yinlar ham talaygina. Bugungi kun zamonaviy bolalarining kompyuter o’yinlari o’tgan asr 90-yillaridagi o’yinlardan keskin farq qiladi. Yosh bolalarning juda sezgirligi va qiziquvchanligi sababli tarmoqlardagi erkin ser­fing ular uchun katta xavf tug’dirishi mumkin. O’yinlar orqali turli axborotlar targ’ib qilinishi va bolajonlar ongiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Ma’lumki, bolalar axborotlarni doim ham to’g’ri baholay olmaydilar. Shu sababli ham ota-onalar va o’qituvchi, tarbiyachilar bolalar uchun internet tarmog’ining quyidagi asosiy xavfli omillari ro’yxatiga alohida e’tiborli bo’lishlari zarur:

  • Kiberbulling yoki kibermobbing — bu internet tarmog’ida foydalanuvchiga ruhiy ta’sir o’tkazish, inson qadr-qimmatini kamsitish uchun yaratilgan axborotlardir. Ko’p hollarda bu axborotlar mazmuni shavqatsiz shaklda bo’ladi. Masalan, maktabda o’quvchini o’qituvchi tomonidan kamsitilishi, qo’rqitish kabi munosabatlarning oqibatlari jiddiy psixologik muammolarga sabab bo’lishi mumkin. Internetda ham shunday usuldan — kiberbezorilik mazmunidagi maxsus ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotdan foydalaniladi. Ayrim mamlakatlarda ota-onalarga farzandlarining bunday xavfga duch kelmasliklarining oldini olish, ularga jiddiy e’tibor qaratish majburiyati yuklatiladi. Bu sohada psixologlar ham maxsus ish olib boradilar. Kiberbulling turli jiddiy salbiy holatlarga sabab bo’lishi mumkin.
  • Shaxsiy ma’lumotlarni o’g’irlash. Bolalar internetda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarga o’z shaxsiy ma’lumotlarini kiritishlari kiberjinoyatchilar uchun qurilmalarga virus kiritish va boshqa maqsadlarni amalga oshirishlarida ayni muddao bo’ladi, bu esa ota-onalarga katta tashvish keltiruvchi muammoga aylanishi mumkin. «Kasperskiy Laboratoriyasi» tadqiqotlariga muvofiq, bolalar ijtimoiy tarmoqlarda uy manzillari, oilalarining ijtimoiy mavqei, ota-onalarining daromadlari haqida ham ma’lu­motlarni qoldiradilar. Bunday holatning oldini olish uchun ham ota-onalar va o’qituvchilar o’quvchilarga bu borada tushin­tirishlari shart.
  • Ijtimoiy tarmoqlarda xavfli ijtimoiy munosabatlar. Ijtimoiy tarmoqlarda turli o’ziga jalb etuvchi takliflar ko’plab topiladi. Ularda bolalardan telefon raqami va boshqa muhim ma’lumotlar talab etiladi. Bu esa salbiy oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin.
  • Bolaning rivojlanishi va ijtimoiylashuvini buzuvchi holatlar. Internet ayrim bolalar uchun do’stlari, yaqinlari va hatto ota-onalari o’rnini egallay boshlash xavfiga ega. Bolalar o’zlarining ko’pgina savollariga javobni ota-onalaridan, kitoblardan emas, balki Google yoki Yandeks kabi tarmoqlardan izlashga odatlanadilar. Ilgari ochiq havoda birga o’ynagan do’stlarini ijtimoiy tarmoqlarga almashadilar. Internet tarmog’i bolalarning aqliy rivojlanishi uchun katta imkoniyatlarni ochib bersada, foydali bilimlardan ko’ra, ularga ko’proq zarar yetkazishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlardagi onlayn muloqot, baribir, hech qachon jonli muloqot o’rnini bosa olmaydi. Tarmoqdan foydalanib, hattoki, kattalar ham gadjetlardan zarar ko’rishi mumkin. Bu borada bolajonlar uchun katta xavf mavjudligi hech kimga sir emas.
  • Yomon odatlarning targ’ib qilinishi. Bolalarning internetdan foydalanishini nazoratga olmaslik oqibatida, ular yomon odatlarni targ’ib qiluvchi xavfli ma’lumotlarga ulanib qolishlari ehtimoldan holi emas.
  • Xavfli begona shaxslar bilan tanishish. Bolalarni Internetda yovuz niyatli kimsalar tomonidan aldab, o’z tuzoqlariga ilintirishlari ehtimoli ham kuchli. Umuman olganda, inson uchun oziq-ovqat kabi zarur bo’lgan mehrli e’tibor va jonli muloqot mavjud bo’lmasa, uni tarmoq orqali izlab, qandaydir xavfli tuzoqlarga tushib qolish hech gap emas.
  • Tarmoqda ayrim yomon niyatli shaxslar tomonidan turli virusli dasturlar tarqatilishi, oqibatda esa nafaqat qurilmaning ishiga, balki kattaroq doirada, o’ziga, oilasiga, jamiyatga zarar yetkazilishi mumkinligi haqida tushunchalar berish zarur.

O’sib kelayotgan yosh bolajonlarni barkamol inson bo’lib voya­ga yetishlarida sanab o’tilgan zararli axborotlardan himoya qilish maqsadida quyidagilarga alohida e’tibor qaratish lozim:

  • Axborot resurslarida bolalar uchun tushunarli axborotlar bilan ta’minlash, foydalanilayotgan axborotning ishonchliligini nazorat qilish;
  • Bolalarga zarar yetkazuvchi axborotlardan ularni himoya qi­lish;
  • Bolalar hayot faoliyati uchun muhim axborotni saqlash, ular­ning tarmoqda yomon niyatli kishilar tomonidan foydalani­lishiga yo’l qo’ymaslik.

Yuqoridagi vazifalarning hal etilishi bo’yicha faoliyat — axborot xavfsizligini ta’minlash, muammoning o’zi esa — axborot xavfsizligi deb ataladi. Axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borgani sari mamlakatimizda ham mazkur muammoga katta e’tibor qaratilmoqda. Internet tarmog’ida yosh bolajonlar ongiga va sog’lig’iga salbiy ta’sir etuvchi axborotlardan himoya qilish davr talabi bo’lib hisoblanadi. Buni 2017-yil 9-sentabr kuni rasman e’lon qilingan va keng muhokama etilib, e’lon qilinganidan olti oy o’tib, 9-martdan kuchga kirgan «Bolalarni ularning sog’lig’iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonunining mazmun-mohiyati tasdiqlaydi.

Qonunga ko’ra, yoshga oid tasnifni belgilash axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar tomonidan, shu jumladan, ekspertlarni jalb etgan holda, mamlakat hududida tarqatish boshlangunga qadar amalga oshiriladi. Qonun kuchga kirishi bilan har bir axborot tarqatuvchi fuqaro bu sohadagi ekspertlarning xulosasiga ko’ra tarqatilayotgan axborotga yosh toifasini qo’yishlari shart bo’ladi. Umuman olganda, qonunda bolalarni ularning sog’li­g’iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish faoliyatini amalga oshiruvchi va ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi tashkilot hamda organlar, ularning vakolatlari, roli aniq belgilab berilgan.

Xulosa qilib aytganda, axborot texnologiyalari tobora rivojlanib borayotgan bugungi kunda bolajonlar tomonidan ham internetga bog’lanib qolish holatlari kuzatilmoqda. Shuning uchun ta’lim-tarbiya maskanlari, oila va umumiy o’rta ta’lim muassasalarida bolalarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan to’g’ri tarbiyalanishi, huquqiy ongini shakl­lantirish, ruhiy va jismoniy rivojlanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyatga molik vazifadir.

Adabiyotlar:

  1. «Bolalarni ularning sog’lig’iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonuni. 2017-yil 9-sentabr .
  2. G’aniyev S. K., Karimov M. M., Tashev K. A. «Axborot xavfsiz­ligi» — T. «Aloqachi» 2008.
  3. 3. Шангин В. Ф. «Информационная безопасность и защита информации». Учебное пособие. М. 2014.

Muallif: Xojiakbar Muhammadjonov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Farg’ona filiali talabasi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq