Bolalarning shaxs sifatida shakllanishiga zamonaviy qurilmalarning ta’siri
06.06.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Hayot qarama-qarshiliklardan iborat. Ko’pincha qandaydir yangiliklar yaratilishi, muhim ishlarning amalga oshirilishida turli qarama-qarshi fikrlar yuzaga kelishi mumkin. Zamonaviy texnologiyalar va qurilmalar haqida ham shunday qarama-qarshi fikrlar ko’plab uchraydi.

Yaqindagina shaxsiy kompyuter hayotimizdan joy olib, faqat ish faoliyatimiz va ta’limda keng foydalaniladigan qurilma deb hisoblanar edi, unga egalik qilish va mustaqil foydala­nish imkoniyati ham barchaga taqdim etilavermagandi. O’sha davrlarda kompyuter savodxonligini o’zlashtirishda foydalanuvchilarga yordam berish maqsadida ko’plab o’quv kurslari tashkil etilgan edi. Keyinroq jamiyatimiz kundalik hayotidan mobil telefoni, planshet va smartfon kabi qurilmalar ham keng o’rin ola boshladi. Hozirgi kunga kelib esa, mazkur qurilmalar eng yaqin yordamchimizga aylanib qolgan, ularsiz ko’p ishlarimizni amalga oshirolmay ham qolamiz. Fan-texnikaning rivoji bilan bunday qurilmalar allaqachon kompyuterning o’rnini egallay boshladi. Bundan tashqari, ilgari miyamiz orqali yechim topadigan hisob-kitob ishlari to’liq mazkur qurilmalar yordamida bajarila boshlandi. Katta yoshdagi qator kasbiy-mutaxassislik egalari o’z kundalik hayotlarida asosiy vaqtlarini aynan shu qurilmalar bilan o’tkaza boshladilar.

Hozirgi kunlarga kelib, nafaqat kattalar, balki jajji bolajonlar ham ulardan foydalana boshladilar. Aslida, bolalarga ushbu qurilmalardan foydalanishga ruxsat berish mumkinmikan? Bunday savolga xolis javob berish va ularning bolalar salomatligiga ta’siri haqida fikr yuritishda ham ko’plab qarama-qarshi fikrlar mavjud. Avvalo, mazkur zamonaviy mo’jizaviy qurilmalar bilan bolajonlarni qachon tanishtirish mumkinligi haqidagi savol ko’pchilikni qiziqtiradi. Bu borada, shifokor, psixolog va pedagog mutaxassislar bolajonlar uch-to’rt yoshdan oshib, atrof-olamni anglay boshlagan davrilaridan keyingina ularni bunday qurilmalar bilan tanishtirish, bar­cha jihatlari haqida tushuntirish mumkin deb hisoblaydilar. Biroq hozirgi kunda bolajonlar dunyoga kelgan kunlaridanoq mazkur qurilmalar ta’siriga tushmoqdalar.

Ma’lumki, go’dak dunyoga kelgan kunidan boshlab, onasi bilan emotsional o’zaro bog’liqlik yuzaga keladi. Ko’pincha go’daklik chog’idanoq atrof-olamni faqat onasi orqali taniy boshlaydi. Bola atrof-muhitdagi voqelikni: onasining ovozi, mimikasi, imo-ishoralari orqali idrok etadi. Mazkur ko’rsatkichlardagi eng sezilmas jihatlarni ham bola tez ilg’ab oladi. Bugungi kundagi onalarimiz esa farzandlarining dunyoga kelgan dastlabki kunlaridanoq go’dak­lari ko’z oldida zamonaviy qurilmalardan foydalanadilar. Hatto smartfon kabi mobil qurilmalari bilan «nafas oladilar». Onalarning bunday holatlarida bojajonga zarur bo’lgan qaysidir tabiiy ehti­yojlar qondirilmay qolishi ehtimoldan holi emas. Bu, ayniqsa, bolajonlarga qaratilishi shart bo’lgan quyidagi zaruriy e’tiborning ta’minlanmasligiga ham sabab bo’lishi mumkin:

  • Ko’zlar orqali muloqotda bo’lish;
  • Bolani bag’riga bosish orqali mehr berish;
  • Bola tilida muloqot qilish;
  • Turli o’ziga jalb etuvchi o’yinlar orqali muloqotda bo’lish.

Shu tariqa, zamonaviy onajonlarimiz go’daklarining ilk kunlaridanoq tarbiyaviy jarayonlarida xatoga yo’l qo’ya boshlaydilar. Go’dak tabiiy sharoitlarga mos sur’atda emas, balki ona qo’lini band etayotgan qurilmalar ta’sirida rivojlanmoqda. Ba’zi onalar bolani ovutish va uni chalg’itish ma’nosida, 1 yoki 1,5 yoshidanoq mobil telefonini bolaning qo’liga berib qo’yadilar. Bola esa uni og’ziga tiqish yoki yalashga harakat qiladi. Qurilmani yaqindan ko’rish uchun qo’lchalarini uzatadi. Aslida, uchbu qurilmani qo’lida ushlashidan bolada hech qanday rivojlantiruvchi yoki anglab yetadigan taassurot hosil bo’lmaydi, faqat bu holatda onasining ta’sirlanishigagina e’tibor qaratadi. Ona unga mobil telefonini og’ziga tiqmaslik va uni uloqtirmaslik kerakligini tushuntirishinigina eslab qolishi ehtimol.

Uch yoshli bolakay esa atrof-olamni anglay boshlaydi. Ota-onasi unga ruxsat etadigan ayrim qoidalarga amal qila boshlaydi. Bu yoshga kelib, bola o’zini «mustaqil shaxs» sifatida ko’rsata bosh­lashga intiladi. O’zini kattalardek tutib, qaysidir harakatlari kattalarga yoqmasligi, «jazolashlari» mumkinligini anglay boshlaydi. Bu yoshdagi bolajonlar mobil telefon orqali multfilmlar tomosha qi­lish, buvi va bobolari bilan muloqotda bo’lishni yoqtiradilar.

Ular kattalar kompyuter yoki noutbukni ishga tushirishlaridanoq zavqlanib, o’z xursandchiliklarini namoyon etadilar. O’zlari mustaqil tugmalarni bosib, turli funksiyalarning amal qilishini o’rganishga qiziqadilar va bu vazifalarni tezda o’zlashtirib, xotiralarida saqlab qoladilar. Shu sababli ham uch yoshdan keyingina bolaning zamonaviy qurilmalar bilan tanishtira boshlash mumkin, biroq ular doim nazoratda bo’lishlari va monitor oldida bo’lish vaqtlari kuniga 15 daqiqadan oshmasligi zarur. Ota-onalar bolani nazorat qilib turishlari kerak. Ular bolajonlari bilan birga turli multfilm va boshqa tomoshalarni ko’rishlari, zarur holatda izohlab turishlari kerak. Bundan maqsad — bolaga mazkur texnik qurilmalardan qanday foydalanish hamda unga ruxsat etiladigan axborotlardan foydala­nishni o’rgatish, multfilm yoki ko’rsatuvlar mazmunini birgalikda muhokama qilish, ularga tushuntirishdan iborat. Axir barcha bolajonlar ham tomosha qilgan multfilmlari mazmunini to’g’ri baholamasliklari va xulosa chiqara olmasliklari mumkin.

Ota-onalarning farzandlari bilan suhbatlashishlari orqali, ular o’rtasida yaqin va to’g’ri o’zaro munosabat shakllanib boradi. Bolalar go’daklikdanoq zamonaviy qurilmalar, ulardan uzoq foydala­nish mumkin emasligi, bu zararli bo’lishi mumkinligini anglab bo­rishlari zarur. Texnik qurilmani bolaning qo’lidan uni hafa qilib, olish yoki o’chirib qo’yish mumkin emas, buni bolajonlarga muloyim ohangda tushuntirib, amalga oshirish lozim. Ayrim ota-onalar o’z ishlarini bajarib olishlari uchun bolalarining qo’liga qurilmani berib qo’yadilar. Ularning e’tiborini faqat multfilmlarga qaratib, tinchgina o’zlarining boshqa yumushlari bilan band bo’ladilar. Bunday holatlarning tez-tez takrorlanishi quyidagilarga sabab bo’lishi mumkin: Bola boshqalar bilan muloqotga kirishishda qiynaladigan bo’lib qoladi. Doim qiziqarli multfilm yoki o’yinlar bilan shug’ul­lanish imkoniyatini taqdim etadigan zamonaviy qurilmalarga bog’lanib qolish odati shakllana boshlaydi. Haqiqiy hayotdagi rivojlantiruvchi o’yin va kitob o’qib berish kabi mashg’ulotlardan bahra olmaganliklari sababli qiziqish mavjud bo’lmaydi, kelgusida o’qish, dars tayyorlashlarida qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Bugungi kunda boshlang’ich sinf yoshidagi bolajonlar ham allaqachon zamonaviy qurilmalardan foydalanayotganliklarining guvohi bo’lmoqdamiz. Bu yoshdagi bolajonlarning monitor oldida uzoq o’tirishlari aslida, sanitariya-gigiyena me’yorlariga ham mos kelmaydi. Bolalar bu yoshda qurilma ekraniga tikilgancha o’tirishlari oqibatida, ularda skolioz va miopiya kabi jiddiy kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Bu yoshdagi bolalar uchun agar kompyuter va mobil telefonidagi o’yinlar birinchi o’ringa ko’tarilsa, dars tayyorlashni, o’qituvchi ota-onaning topshiriqlarini bajarishni istamaydigan bo’lib qoladilar. Darsdagi o’quv materialini eslab qololmaydilar. Bu muam­molarning barchasiga sabab bolalar ilk go’daklik chog’laridanoq ota-ona e’tiboridan ancha chetda qolganliklaridir. Bunga ota-ona doim zamonaviy qurilmalariga tikilib o’tirganlaricha, o’z «tash­vish»lari bilan ovora bo’lib, farzandlariga eng muhim qadriyatlar, barchaga mehrli bo’lish, tengdoshlari, do’stlari bilan muloqotda bo’lishga o’rgatmaganliklari, kitob o’qishga mehr uyg’otmaganliklari sababdir.

Bunday bolalar o’smirlik yoshida jamiyatda ijtimoiylashishda qiynaladilar. Bu davrga kelib, gadjetlarga bog’lanib qolish odati yana­da kuchayishi mumkin. Tabiiyki, bu davrda mobil telefonisiz «yashay olmay qoladilar», oqibatda ularda tajovuzkorlik ham kuchayadi. Barkamol inson sifatida shaxsiy shakllanish va ilmga, kelajak orzularga intilish o’rniga mazkur zamonaviy qurilmalarga qaramlikda vaqtlarini o’tkazadilar. Haqiqiy hayotdagi do’stlar bilan muloqotlar va turli tadbirlarda ishtirok etish o’rniga ijtimoiy tarmoqlarda o’tirishni xohlaydilar. Shunday oqibatlar yuzaga kelishining oldini olish uchun ota-onalar, o’qituvchilar quyidagilarga e’tibor qaratishlari kerak:

  • Farzandlariga mobil qurilmasi sotib olishdan oldin ushbu qurilmaning ayrim jihatlari, ijobiy hamda salbiy ta’siri haqida tu­shintirishlari zarur.
  • Gadjetdan doimiy emas, faqat zarur holatlarda, biror vazifani yengillashtirish uchungina foydalanishga odatlantirish.
  • Qurilmaga bog’lanib, do’stlar va tengdoshlar bilan muloqotni unutib qo’ymaslikni ta’kidlash.
  • Bolaga o’z ijtimoiy mavqeini namoyon etish uchun qimmatbaho qurilmadan foydalanishga intilishiga yo’l qo’ymaslik.

Xulosa qilib aytganda, agar o’z vaqtida bolalarga qurilmalardan to’g’ri foydalanish odatlari shakllantirilsa, ularda gadjetlar bilan bog’liq muammo yuzaga kelmaydi.

Muallif: Guliniso Rasulova, Toshkent viloyati Chirchiq Davlat Pedagogika instituti talabasi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq