Tarixiy materiallarni yoritishda elektron saytlardan foydalanish afzalliklari
05.06.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Hozirgi davrda jamiyat taraqqiyotining barcha sohalarida AKT’dan keng foydalanish butun jahonda global jarayon bo’lib, zamonaviy texnologiyalar axborotlarni qayta ishlash va keng tahlil qilinishida muhim ahamiyatga molik ekanligining guvohi bo’lmoqdamiz. Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda alohida e’tibor qaratilayotgan paralimpiya harakati tarixini o’rganish va axborotlarni yoritishda ham tarmoq elektron saytlaridan foydalanish o’z samarasini ko’rsatmoqda.

Ma’lumki, «Paralympic» so‘zi yunon tilidan olingan bo‘lib «para» (yonida, oldida va parallel) so‘zini, «Olympics» (olimpiya) Olimpiada o‘yinlari bilan yonma-yon degan ma’noni bildiradi. Ilgari «Paralympic» so‘zi ikki xil: «paraplegic» va «Olympic» — paraplegic — paralich (falaj kasalligi bilan shi­kastlangan) va Olympic — olimpiya ma’nolarini anglatgan. Nogironlar sportining yuzaga kelishi haqida fikr yuritilganida, avvalo, XVIII va XIX asrlardayoq bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlash lozim. 1880-yilda Berlin shahrida qulog‘i og‘irlar uchun birinchi sport klubi tashkil etilgan edi. Nogironlarni sportga jalb etish orqali ularni reabilitatsiya va adaptatsiya qilishga urinishlar natijasida dastlab karlar orasida sport ommalashib, 1924-yili Parij shahrida «Karlar uchun Olimpiada o‘yin­lari» o‘tkazilgan. Unda Belgiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Polsha, Fransiya va Chexoslovakiya Milliy federatsiyalari qatnashgan edi.

Bundan tashqari, o‘yinlarga Milliy federatsiyalari bo‘lmagan Italiya, Ruminiya va Vengriya davlatlaridan ham ishtirokchilar tashrif buyurishgan edi. Olimpiada o‘yinlarida yengil atletika, velosport, futbol, otish va suzishdan musobaqalar o‘tkazilgan. 1924-yil 16-avgustda tashkil qilingan Xalqaro karlar qo‘mitasiga eshitish qobiliyati buzilgan sportchilar birlashtirgan federatsiya­lar a’zo bo‘lib kirgan edi. 1926-yil 31-oktabrda Bryusselda ushbu tashkilotning birinchi kongressi o‘tkazilgan bo‘lib, unda tashkilotning Nizomi qabul qilingan. Xalqaro karlar qo‘mitasi boshchiligida ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar har to‘rt yilda bir marotaba yozgi xalqaro sport o‘yinlari o‘tkazib kelindi. Bu davrda tashkilotga Germaniya, Shveytsariya, Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Avstriya, AQSh va Yaponiya a’zo bo‘lgan. Mazkur davrda asosan eshitish qobiliyati buzilgan sportchilar ha­rakati taraqqiy etgan bo‘lsada, buni hali to‘laqonli ravishda, «Para­limpiya hara­kati» deb atash qiyin edi. Paralimpiya harakati aso­san o‘tgan asr elliginchi yillariga yaqin to‘laqonli ravishda rivojlana boshlaganligini tarixiy ma’lumotlar asosida tahlil etish mumkin. Para­limpiada harakati tarixshunosligiga oid mavjud materiallarni shartli ravishda quyidagi to‘rt guruhga ajratish maqsadga muvofiqdir:

  • Davriy matbuot materiallari;
  • Ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlar;
  • Davlat va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar;
  • Internet saytlaridan olingan ma’lumotlar va boshqalar.

Davriy matbuot materillari orasida o‘rganilayotgan muammoga tegishli manbalar keltirilgan turli sportga oid gazeta va jurnallarni, xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshida nashr etiladigan «Fan sportga» jurnalini kiritish mumkin. Davriy nashr­larda keltirilgan ma’lumotlar fragmentar xarakterga ega bo‘lib, o‘rganilayotgan mavzu to‘g‘risida to‘liq fikr yuritishga asos bo‘la olmaydi. Davriy matbuotda keltirilgan ma’lumotlar o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra asosan quyidagi ikki yo‘nalishda bayon etilganligi bilan xarakterlanadi:

  • Birinchi yo‘nalishga oid materillarda nogironlar reabilitatsiyasi va unda jismoniy mashqlar va sportning ahamiyati aks etti­rilgan.
  • Ikkinchi yo‘nalish maqolalarida paralimpiyachilarimiz ishtirok etayotgan turli musobaqalar va ular erishayotgan yutuqlar aks ettirilganligini ko‘rish mumkin.

Umuman olganda, ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlarda mate­riallar keng ko‘lamli bo‘lib, turli davrlarda qator tadqiotchilar tomonidan keltirilgan masalaning turli jihatlarini o‘z ichiga qam­rab olganligi bilan ajralib turadi. Ular qatorida V. V. Stolbov, L. A. Finogenova, N. Yu. Melnikova, P. A. Vinogradov, A. P. Dushanin, V. I. Joldak, L. I. Lubisheva, L. P. Matveyev, Yu. M. Nikolayev, V. S. Dmitriyev, A. V.  Saxno, D. N. Davidenko, V. I. Dubrovskiy, V. A. Epifanova, S. N. Popova va boshqa mualliflarning ilmiy va o‘quv-uslubiy tadqiqod ishlari mavjud (1). Mazkur mualliflar qala­miga mansub adabiyotlarda asosan imkoniyati cheklangan insonlarni tibbiy, psixologik va jismoniy jihatdan reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar hamda bu jarayonda qo‘llanishi lozim bo‘lgan turli usullar tadqiq etilgan.

Mahalliy mualliflardan R. S. Salamov, M. X. Mirjamolovlar tomonidan nashr etilgan «Jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quv­chilarning sport mashg‘ulotlariga moslashishi» (2) nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanma asosan adaptiv jismoniy tarbiya masalalariga yo‘naltirilganligi bilan xarakterlidir. Kitobda nogironlarning jismoniy, psixologik jihatdan adaptatsiyasiga oid taklif va mulohazalar keng tahlil qilingan. Paralimpiya harakatining rivojla­nish bosqichlari, uning o‘ziga xos evolyutsion tarixi tarixiy metodlar asosida keltirilmaganligini ham tushunish mumkin. Kitobda ushbu ma’lumotlar asosan ekskurs tarzida keltirilgan xolos. Sababi kitobda asosiy maqsad paralimpiya tarixini emas, balki adaptiv jismoniy tarbiya muammolarini tahlil qilish belgilab olingan va bunga tegishli tarzda erishilganligini ta’kidlab o‘tish lozim.

Davlat va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar sirasiga «O‘zbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonunni (ushbu Qonunning yangi tahriri 27.04.2000), «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoyalanganligi to‘g‘risida»gi Qonunni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ommaviy sport targ‘ibotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorini 4.11.2003; Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining parlamentlararo Assambleyasining «Paralimpiya sporti to‘g‘risida»gi model qonunini (MDH ishtirokchi davlatlari parlamentlararo Assambleyasining 31-plenar yig‘ilishida qabul qilingan. (2008-yil 25-noyabrdagi №31-13 qaror); O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti­ning 2013-yil 25-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sportchilari­ning 2016-yil Rio-De-Janeyro (Braziliya) shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi to‘g‘risida»gi PQ-1923-son Qarori. (3) va boshqalarni ki­ritish mumkin.

To‘rtinchi guruhga oid ma’lumotlar nihoyatda keng ko‘lamli bo‘lib, ular asosida xulosa chiqarishdan avval materiallarni tanqidiy tahlildan o‘tkazish talab etiladi. Olib borilgan tanqidiy va qiyosiy tahlillar shuni ko‘rsatib turibdiki, turli saytlar orasida http://minjust.uz, info@paralympic.uz  va pkr@paralymp.ru  kabilar o‘z materiallarining rasmiy asosda keltirilishi bilan ajralib turadi. Bu kabi manbalar orasida Rossiya paralimpiya Qo‘mitasi Vitse-Prezidenti A. Sarik (4) tomonidan keltirilgan daliliy materiallar o‘zining asosli, batafsil va atroflicha yozilganligi bilan diqqatga sazovordir. Shu bilan birga, jamoat tashkilotlari, sport klublari va sportga, yangiliklarga yo‘naltirilgan (http://www.rezeptsport.ru/paralympicus, http://www.dislife.ru/flow/theme/7269) sayt­larda mavzuning turli jihatlariga oid ma’lumotlarni kuzatish mumkin. Bunday ma’lumotlar o‘zining turli xarakterda ekanligi va tanqidiy tahlilni talab qilishi hamda muammoni to‘liq ochib bermasdan, faqatgina u yoki bu jihatlarini yoritishi bilan ajralib turadi.

Yuqoridagi manbalar asosida aytish kerakki, paralimpiya hara­kati yillar davomida rivojlanib, sekin-asta bir guruh tashkilotlar­ning birlashishi asosida bugungi ko‘rinishga keldi. O‘zbekistonimiz hududida qadimdan imkoniyati cheklangan insonlarga nisbatan mehr-muruvat ko‘rsatilgan bo‘lib, bunday insonlarning yaqin qarindoshlari yoki mahalla a’zolari ularni o‘z qaramog‘iga olganligini tarixiy ma’lumotlar orqali bilish mumkin. Sobiq ittifoq davrida nogironlarga nafaqa berish tartibi yo‘lga qo‘yilib, maxsus ijtimoiy ta’minot tashkiloti tomonidan nazorat ishlari olib borilgan. Turli tibbiyot markazlari tashkil etilib, nogironlarni tibbiy va jismoniy asosda davolash bilan shug‘ullanib kelingan bo‘lsada, keng asosda nogironlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, O‘zbekiston paralimpiya tashkilotini tuzish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagan. Faqatgina, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach paralimpiya harakati faoliyati qonuniy asosda yo‘lga qo‘yildi, shakllandi va asta rivojlanib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi o‘rganilgan materiallar asosi­da shuni ta’kidlash mumkinki, hozirgi vaqtgacha mazkur masala kompleks ravishda ilmiy jihatdan o‘rganilmagan. Shu sababli ham uni tarixiy yondashuv asosida, alohida tadqiqot mavzusi sifatida o‘rganish talab etiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. История физической культуры и спорта. / В. В. Столбов, Л. А. Финогенова, Н. Ю. Мельникова. — М.: Физкультура и спорт, 2000; 3. Виноградов П. А., Душанин А. П., Жолдак В. И. Основы физической культуры и здорового образа жизни. — М.: Физкультура и спорт, 1996; Лубышева Л. И. Концепция формирования физической культуры человека. — М.: ГЦОЛИФК, 2003; Матвеев Л. П. Введение в теорию физической культуры: Учебное пособие. — М.: Физкультура и спорт, 2003; Николаев Ю. М. Теория физической культуры: функциональный, ценностный, деятельностный, результативный аспекты. — СПб.: Изд.-во СПГУ, 2000; Сборник материалов к лекциям по физической культуре и спорту инвалидов: В II. т. Т. I / Ред. и сост. В. С. Дмитриев, А. В. Сах­но. — М.: МОГИФК, ВНИИФК, 1993; Социальные и био­логические основы физической культуры: Учебное пособие/Отв. ред. Д. Н. Давиденко.- СПб.: Изд.-во СПГУ, 200; Дубровский В. И. Спортивная медицина: Учебник. — М.: ВЛАДОС, 2002; Лечебная физическая культура: Справочник / Под ред. проф. В. А. Епифанова. — М.: Медицина, 2004; Физическая реабилитация: Учебник для академий и институтов физической культуры / Под общей ред. проф. С.Н. Попова. — Ростов-на-Дону: Феникс, 1999.
  2. Salamov R. S., Mirjamolov M. X. Jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning sport mashg‘ulotlariga moslashishi// o‘quv-uslubiy qo‘llanma. — Toshkent: ITA PRESS, 2014.
  3. O‘zbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport to‘g‘ri­sidagi Qonuni 14.01.1992; «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoyalanganligi to‘g‘risida»gi Qonun 18.11. 1991; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ommaviy sport targ‘ibotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori. 4.11.2003; O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti­ning 2013-yil 25-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sport­chilari­ning 2016 yil Rio-De-Janeyro (Braziliya) shahrida o‘tka­ziladigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi to‘g‘risida»gi PQ-1923-son Qarori.
  4. Вице-президент Паралимпийского комитета России, д.ф.н. А. Царик.


Muallif: Jahongir Ganiyev, t.f.n., TDMRXOM “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi mudiri

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq