Oliy ta’lim reyting tizimida AKTdan foydalanishning ahamiyati
05.06.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Zamonaviy jamiyatda oliy ta’lim muassasasining bitiruvchisi murakkab ishlab chiqarish muhitiga tez va muvaffaqiyatli moslashishni bilishi, turli xil muammoli vaziyatlarda to’g’ri qaror qabul qila olishi zarur. Oliy ta’limning asosiy vazifalaridan biri – bu boy dunyoqarashga ega va innovatsion faoliyatda ishtirok eta oladigan bilimli, malakali va mas’uliyatli shaxsni shakllantirishdan iborat.

Bugungi kunda zamonaviy oliy ta’lim tizimida innovatsion ta’lim texnologiyalari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT)dan foydalanish, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash samarali tizimi joriy etilishi ta’lim oluvchilarning bilimlarini tizimli, kompleks va obyektiv baholashga imkoniyat yaratdi. Bunday ta’limiy texnologiyalardan biri bo’lgan rey­ting tizimi professor-o’qituvchilar va talabalarning tizimli va samarali ishlashlarini ta’minlaydi.

Reyting tushunchasi — reyting (inglizcha rating) — tasnifiy ro’yxatda (reyting-varaq) shaxmatning sportdagi yutug’ini baholovchi individual raqamli ko’rsatkich ma’nosini ifodalaydi. Fаn bo’yichа joriy baholash va oraliq baholashda tаlаbа to’plаshi mumkin bo’lgаn mаksimаl rey­ting bаlining yetmish foizi, yakuniy baholashda esa mаksimаl rey­ting bаlining o’ttiz foiz miqdоridа belgilаnаdi. Demak, reyting tushunchasi mazmun-mohiyatida talabalarni «jamlangan ballar aso­sida baholash», ularning o’quv mashg’ulotidagi davomati, o’z­lashtirishi, bilim darajasi, tarbiyasi, darsdan tashqari, ilmiy ishlardagi ishtiroki va yakuniy natijada modullar, fanni o’zlashtirishda shakllanadigan kompetensiyalari darajasini ifodalovchi ko’p balli shkala bo’yicha muayyan raqamlar qiymati tushuniladi.

Talabaning muayyan fanni o’zlashtirishini ifodalovchi ballar mazkur fanni butun o’rganish davrida muvaffaqiyatli bajarilgan ish turlari bo’yicha to’planadi. Muayyan modullar va ish turlari bo’yicha to’planadigan ballarning aniq belgilangan miqdori fanning tuzilish xususiyati, unga rejalashtirilgan auditoriya soatlari va mustaqil ta’lim soatlari miqdori, alohida mavzularning mazmuni va fanni o’zlashtirishdagi alohida ish turlariga bog’liq bo’ladi. Reyting tizimi o’qituvchini nafaqat fan mazmuni va uning uslubiy ta’minotini doimiy takomillashtirib borishini, balki ta’lim oluvchilarning yuqori kasbiy kompetentliklari darajasini shakllantirish maqsadiga erishish uchun axborot texnologiyalari, innovatsion pedagogik texnologiyalar, didaktik metodlar, vosita va usullarni izlashi va qo’llashini talab etadi.

Reyting tizimi joriy etilishi auditoriya mashg’ulotlariga tayyorgarlik ko’rish va ta’lim oluvchilar bilan o’tkazish bosqichida ham, talaba­larning ta’limiy yutuqlarini doimiy tashxis qilish natijalari bo’yicha olingan ma’lumotlarni yig’ish va ishlov berish jarayonida ham zamonaviy axborot texnologiyalarini egallagan va qo’llaydigan professor-o’qituvchilardan kam ish kuchi talab etadi. Oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilariga malaka oshirish kurslari yoki oliy ta’lim muassasasidagi qo’shimcha kasbiy ta’lim tizimi orqali zamonaviy axborot texnologiyalari asoslarini o’zlashtirishlariga imkoniyatlar yara­tilishi lozim. Oliy ta’lim muassasasi professor-o’qituvchilarining zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashlari reyting tizimini muvaffaqiyatli amalga oshirish va natijada oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ularda talab darajasidagi umummadaniy va kas­biy kompetentlikni shakllantirishning zarur sharti bo’lib hisoblanadi.

Reyting tizimini amalga oshirish, bir tomondan, ta’lim oluvchilarning Davlat ta’lim standartlariga mos bilim, ko’nikma va mala­kalarga erishishlarining zaruriy sharti hisoblanadi, ikkinchi tomondan esa — professor-o’qituvchilarning o’z kasbiy malakalarini uzluksiz oshirishlari, ularning zamonaviy axborot texnologiyalariga oid bilimlarni egallashlariga bo’lgan motivlarini oshirish manbai hi­soblanadi. Bularning barchasi, natijasida, umumiy ta’lim jarayoni sifatini oshirishga va bitiruvchilarning mustaqil mehnat faoliyatiga, kasbiy tayyorgarlik darajalariga ijobiy ta’sir etadi.

Xulosa qilib aytganda, oliy ta’lim tizimida reyting tizimi ko’p yillardan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Oliy ta’lim muassa­sasida reyting tizimini qo’llash amaliyoti ta’lim oluvchilarning o’quv materialini o’zlashtirishga bo’lgan motivlarining ortishi, talabalarning sessiyalararo faol ishlashlarini, jumladan, sababsiz auditoriya mashg’ulotlarini qoldirish sonining pasayganligini ko’rsatdi, bu o’z navbatida, o’quv jarayonining samaradorligi va umuman ta’lim sifatining oshishiga olib keladi.

Adabiyotlar va manbalar:

  1. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 2009-yil 11-iyundagi 204-sonli «Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida»buyrug’i.
  2. Golish L. V. Zamonaviy ta’lim texnologiyalari: mazmun, loyihalashtirish va amalga oshirish. Ekspress qo’llanma. — T.: TASIS, 2001.
  1. Tolipov O’. Q. Pedagogik jarayonni loyihalash texnologiyasi //Uzluksiz ta’lim. — 2004. — №4.
  1. Селевко Г. К. Современные образовательные технологии // Г.К. Селевко. — М., 2007.
  1. Сластенин В. А. Педагогика: Учеб. пособие для студ. высш. пед. учеб. заведений / В. А. Сластенин, И. Ф. Исаев, Е. Н. Шиянов. — М.: Академия, 2009.

Muallif: Mirmuxsin G’ofurov, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi, O’quv va ilmiy ishlar bo’yicha prorektori

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq