Ijtimoiy tarmoqlarning o’smirlar ruhiyatiga ta’siri
05.06.2018
Rukn: Internet, Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O’smirlik yoshi inson shaxsiy shakllanishnng eng faol davri bo’lib hisoblanadi. Bu davrda o’smirlarning hayotni anglash va unda o’z o’rnini topishga intilish kuchli bo’ladi. Qiziquvchanligi ortib, kundalik hayotda doim yangiliklar ochish hamda o’ziga o’xshash qarashlarga ega bo’lgan yangi do’stlar orttirish, o’zligini namoyon etish istagi kuchayadi.

O’smirlarning hayotga va ilm olishga bo’lgan intilishlari, orzu-maqsadlarini ro’yobga chiqarishlarida Internet juda qulay va cheksiz imkoniyatlarga boy muhitdek tuyuladi. Kundalik hayotlaridagi barcha masalalarning yechimini aynan shu yerdan izlash ularga odat bo’lib bormoqda. Zamonaviy insonlar qatori, o’smirlar uchun ham ko’plab orzu-havaslariga erishish, ayniqsa, o’zlariga hamfikr, do’stlari bilan muloqot qilish va yangi do’stlar orttirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taqdim etayotgan imkoniyatlardan biri bo’lgan ijtimoiy tarmoqlar juda qo’l keladi. Sababi ijtimoiy tarmoqlarda beriladigan axborotlar va ma’lumotlardan foydalanib, barcha ham o’ziga hamfikr insonni osongina topishi mumkin.

Ma’lumki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda quyidagi imkoniyatlar mavjud:

  • Unda ishtirok etib, bemalol fotosuratlar va videoni joylashtirish mumkinligi. Shuningdek, bunday ma’lumotlarni boshqalar sahifasida ham ko’rish mumkinligi.
  • Ijtimoiy tarmoqlardan har qanday bo’sh vaqtlarda foydalanishi mumkinligi. Ma’lumki, o’smirlik davrida inson o’zini qandaydir foydali mashg’ulotlar bilan shug’ullanishga majburlashi juda qiyin, ularga shoshqaloqlik, oson hal bo’ladigan vazifalarni bajarish hamda har bir masalaga yengilgina yondashish xislati xos bo’ladi. Shu jihatdan ham ijtimoiy tarmoqlar ular uchun ayni muddao bo’lishi mumkinligi.
  • Axborotni olish osonligi. Bunda gap faqat ularga taqiqlanadigan mavzularni emas, balki umuman barcha axborotlar nazarda tutiladi. Har bir o’smir o’z atrofida nimalar bo’layotganini bilishni istaydi, o’zi haqidagi fikrlar uni juda qiziqtiradi, doim muloqotda bo’lgisi kelaveradi, bunda ijtimoiy tarmoqlar uning istaklarini qondirishi mumkinligi.
  • Ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotda o’z hamsuhbatini ko’rmasdan turib ham uning asl fikrini, xatti-harakatini sezmay turib, bemalol murojaat qilaverish mumkinligi.

Yuqoridagi holatlar, ya’ni to’g’ridan-to’g’ri muloqot muhiti mavjud emasligi sababli o’smirlar o’z fikrlarini bayon etishda mas’uliyatni his etmasdan muomala qilishlari mumkin. Maskur omil o’sib ke­layotgan avlodlarimizni o’ziga jalb etadi. O’smirlarning ijtimoiy tarmoqlardagi erkinligi ularni tobora ushbu tarmoqqa bog’lanib qolishlariga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, o’smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga bog’lanib qolishlarida yana quyidagi tashqi va ichki sabablar ham mavjud:

  • Har bir inson davr ruhiga mos bo’lib yashashga va zamonaviy inson sifatida o’zini ko’rsatishga intilishi, bu xususiyatning, ayniqsa, o’smirlarda kuchliroq kechishi.
  • Yangi axborotlar izlash, o’z bilimlari doirasini boyitish uchun yanada ko’proq yangiliklarga ega bo’lishga intilishi.
  • Ko’proq yangi tanishlar orttirish va muloqotda bo’lishga inti­lishi.
  • O’smirning haqiqiy voqelikdan o’zini olib qochishi, bu uning ko’plab orzularga egaligi, biroq ularni tez ro’yobga chi­qarishga qodir emasligi bilan ifodalanadi. Ijtimoiy tarmoq­larda esa u o’zligini topayotgan va yutuqlarga erishayotgandek his etadi. Bunda ijtimoiy tarmoqlar uning yagona maslakdoshiga aylanadi. Shuni ta’kidlash zarurki, ijtimoiy tarmoqlarga bog’lanib qolishda aynan ichki omillar ko’proq o’rin tutishi mumkin. Biroq ota-onalar farzandlarining internetga bunchalik bog’lanib qolishlarining sababi bolaning ichki omili ekanligini hatto xayollariga ham keltirmasliklari mumkin.

Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlar ham ijobiy, ham salbiy ta’sirga ega bo’lishi mumkin.

  1. O’smirning o’zini namoyon etishiga turtki shakllanishi.
  2. Ko’plab do’st orttirishi. Bu holatning o’smirning o’ziga bahosi ortishida muhim o’rin tutishi.
  3. Ko’plab axborotlar va bilimga ega bo’lish imkoniyatlari ijobiy jihatlaridir.

Shu bilan birga, quyidagi salbiy jihatga ham ega:

  1. Qaramlik yuzaga kelishi, ayniqsa, o’smir hayotiy voqelikdan qoniqmagan davriga to’g’ri kelsa, bu holat kuchayadi.
  2. Tarmoqda yomon niyatli kishilar tuzog’iga tushish xavfi kattaligi.
  3. Shaxsiy ma’lumotlarning himoyalanmaganligi va tarmoqdagi yomon niyatdagi kishilar tomonidan foydalanilishi xavfining yuqoriligi.

O’smirlarni ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siridan himoya qilish yo’llarini ota-onalar, o’qituvchilar, shuningdek, biz bo’lajak o’qituvchilar ham bilishimiz zarur. Masalan, quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:

  1. Tarbiya jarayonida bolalarning qiziqishlari va xatti-harakat­lariga e’tiborli bo’lish. O’smirning fikrlarnini tinglash va uning «Menini» hurmat qilib, muloqotda bo’lish.
  2. O’smir e’tiborini haqiqiy voqelikka qaratishga intilish. Kundalik hayotdagi voqelikda ularning faol ishtirokini ta’minlash.
  3. Haqiqiy hayotda do’stlar orttirishi va ular bilan muloqotiga e’tiborli bo’lish.
  4. Ular ustidan qat’iy nazorat qilmaslik va qattiqqo’l bo’lmaslik, taqiqlarni kamaytirish. Sababi «taqiqlangan meva shirin bo’ladi».
  5. O’smirning ichki kechinmalariga e’tiborli bo’lish, agar taqiqlar bo’lmasa, uning o’zi ham hech narsani sir tutmaydi, balki boshqalar bilan bo’lishishga harakat qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shunday xulosaga kelish mumkinki, o’smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishlariga taqiqlash emas, balki ijtimoiy tarmoqlar ularning shaxsiy shakllanishlarida qanday ta’sir etayotgani, ulardagi ruhiy va jismoniy o’zgarishlarga e’tiborli bo’lish zarur.

Muallif: Mohinur Turgunaliyeva, Toshkent viloyati Chirchiq Davlat Pedagogika instituti talabasi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq