Axborotlashgan iqtisodiyotda marketing
05.06.2018
Rukn: Internet, Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Xizmatlar bozoridagi raqobat muhiti jadal kechayotgan bugungi kunda iqtisodiyotning turli sohalariga samarali marketing faoliyatini joriy etish va axborot tizimlariga asoslanib marketingning zamonaviy ko’rinishlaridan foydalanish xizmatlar sohasini samarali boshqarishning zamonaviy usullaridan biri bo’lib hisoblanadi.

Marketing — ayirboshlash yo’li bilan ehtiyoj va talablarni qondirishga yo’naltirilgan inson faoliyati turi bo’lib, bozor­dagi barcha qatnashchilarning o’zaro manfaatlariga asoslangan harakatlarini, talabni shakllantirish va qondirish uchun birlashtirishga xizmat qiladi. Marketing bu tovar va xizmatlar harakatlari­ning barcha bosqichlarini o’z ichiga oluvchi, talab va taklifni o’rganish, xizmat ko’rsatish dasturini yaratish, sotish va iste’mol qilish bilan bog’liq bo’lgan turli xildagi xizmatlar kabi bozor muammolarini yechishda yaxlit tizimli (kompleks — tizimli) yondashishdir. Marketing mazkur sohadagi biznesning maqsad va vazifalari hamda aniq ixtisoslashuvi, bozor turi va uning o’ziga xos xususiyatlari, foydala­nuvchilar guruhini ajratish va ekspansiyalar kattaligi, raqobat, resurslardan foydalanish, reklama orqali namoyon bo’ladi. An’anaviy marke­ting interfaol sotuv tizimini va iste’molchilarning baholay oladigan aks ta’sirlanishi(reaksiyasi)ni nazarda tutgan bo’lsa, Internetdagi marketing bu ma’noda to’g’ridan-to’g’ri marketingni namoyon qiladi.

Hozirda internet manbalaridan olingan ma’lumot biznesning mohiyatini, uning maqsad va vazifalarini aniqlashtirishni tezlashtirmoqda, uni ma’lum bir soha faoliyati turiga kiritishga, soha va biznes­ning rivojlanishini baholashga, kelajakda qo’shni bozorlarga ixtisoslashuv istiqbollarini joriy qilishni kengaytirish yoki ixtisoslikni almashtirish imkoniyatlarini aniqlashga imkon bermoqda. Saytga tashrif buyuruvchilardan so’rov o’tkazish nafaqat talabning tuzilmasini, balki uning dinamikasini ham kuzatish imkonini beradi. Bunda kishilarning bergan javoblari asosida so’rov maqsadiga bog’liq holda, savollarni o’zgartirish qiyin bo’lmaydi. Veb-saytga tashrif buyurganlardan ham­da xaridorlardan olingan ma’lumotlarga ko’ra, real internet-do’kon­larda bozor segmenti — maqsadli guruhlar belgilanadi. Korxonaning sotish siyosati aynan mana shu guruhlarga mo’ljallanadi. Har bir maqsadli guruh uchun tovarlarni sotish usullari, shuningdek, iste’molchilar xaridini o’rganish va tahlil etish asosida guruhning qiziqishi va eh­tiyojlariga korxona marketing strategiyasining mosligi aniqlanadi.

Marketingning asosiy tamoyili shundan iboratki, axborot iste’molchi va uning afzalliklari haqida mavjud (yoki maxsus to’plangan) ma’lumotlar asosida tanlab olinishi va iste’molchiga aniq yo’naltirilgan bo’lishi kerak. Shuning uchun tovarlarni sotishni tashkil etish jarayonini bozor subyektlari haqida ma’lumotga ega bo’lgan elektron katalog orqali, ya’ni aniq imkoniyatli mijozga yuborilishi kerak bo’lgan axborotni ma’lumotlar bazasidan olib, tanlov amalga oshirilsa, ko’zlangan maqsadga erishish mumkin bo’ladi. Axborotning tovar sifatida o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, undan foydalanish mumkin, ammo uni boshqa resurslar singari sarf qilib bo’lmaydi. Mutlaqo boshqa mahsulot va unga mos ravishda o’zga qiymatni yaratib, axborot resursidan istalgancha takroran foydalanish mumkin. Biroq vaqt o’tishi bilan axborot ham iste’molchilik, ham tijoriy qiymati va ahamiyatini yo’qotadi. Shu­ning uchun axborot resurs sifatida iste’mol tufayli yo’qolib ketmaydi, balki ko’p marta foydalanilganda o’z qiymatini yo’qotadi.

Internet-biznesda teskari aloqali marketing (yoki yakka tartibdagi marketing) tushunchasidan har bir alohida mijoz bilan shaxsiy aloqani yaratish va ta’minlash maqsadida qo’llaniladi. Birinchi qarashda, marketing maqsadlarini bu juda ham tor doirada tushu­nishdir. Ammo Internet-muhitda interfaol rejimda u marketing maqsadlariga to’liq javob beradi va bir vaqtning o’zida uning samarali vositasi bo’lib hisoblanadi. Internetdagi reklama ko’p hollarda foydalanuvchilarni g’ashiga tegishi mumkin. Muammo shundaki, foydalanuvchi reklamalarni ko’rishni har doim ham istamaydi, chunki u boshqa maqsadda Internet sahifalariga tashrif buyuradi. Maqsadsiz reklama foydalanuvchining bajarmoqchi bo’lgan hara­katini sekinlashtiradi, uni kerakli operatsiyani amalga oshirishdan chalg’itadi, sahifaning yuklanishini sekinlashtirib, kerakli ma’lumot olishiga to’sqinlik qiladi va oxir-oqibatda, foydalanuvchi buning uchun yana haq to’lashi ham kerak bo’ladi.

Internetda kompaniyaning saytiga tashrif buyurgan foydalanuv­chining qisqa vaqt ichida saytning asosiy sahifasiga e’tiborini tortish, unda kerakli taassurot qoldirish juda ham muhimdir. U yerda taqdim qilinayotgan ma’lumotlar foydalanuvchida keraklicha qiziqish uyg’otmasa yoki materiallarning taqdim qilish shakli unga yoq­masa, ikkinchi marta uning bu saytga kirish ehtimoli kamayadi yoki umuman yo’qoladi. Saytning sekin yuklanishi, reklamalarning ko’pligi, yangiliklarning kamligi va eski ma’lumotlar, yo’l qo’yilgan turli xatoliklar, didsiz berilgan ranglar ham foydalanuvchining qaytib saytga kirmasligiga olib keladi. Reklama taqdim etuvchilar uchun reklamaning samarasiz bo’lishi ularga qilingan xarajatlar qoplanmasligiga olib keladi. Bundan tashqari, saytga tashrif buyu­rishlar soni tovarlarni sotish hajmi bilan juda kuchsiz bog’langan bo’lib, hatto tashriflari ko’p bo’lgan saytlar ham yetarlicha samara bermasligi mumkin. Bunda foydalanuvchilar reklamalarni o’chirib qo’yishlari, ularga e’tibor bermasliklari, hatto reklamaning qaysi mavzuda ekanligiga ham befarq qarashlari mumkin.

Internet-magazin(do’kon)larning paydo bo’lganiga ko’p vaqt bo’lmagan bo’lsada, ammo ularning ham kamchiliklari ko’zga tashlanmoqda. Internet-marketlarning qidiruv tizimi shunchalik kengki, o’zini yo’qotib qo’ygan foydalanuvchi ko’plab sahifalarni ochganidan, unga bo’lgan qiziqishi yo’qolishi tabiiy hol. Qachonlardir biror sahifani yuklatishga imkoni boricha kam vaqt sarfla­nishi kerak bo’lgan bo’lsa, hozirda qidiruv jarayoniga imkon qadar kam vaqt sarflanishi talab etilmoqda. Aks holda, foydalanuvchi­ning sabri chidamaydi va boshqa saytga o’tib ketadi. Internet-do’konlarga tashriflarning tahlili shuni ko’rsatadiki, foydalanuv­chi bir nechta sahifani ochib, izlagan narsasiga yetib bormasdan turib, bu saytni tark etmoqda. Foydalanuvchi saytni yaratgan dasturchining savollariga javob berib, anketalarni to’ldirib buyurtma be­rishga vaqtini sarflashni istamaydi, chunki foydalanuvchi aslida, bu xizmatdan o’zining vaqtini tejash uchun foydalanadi. Band bo’lmaganlar, ishsizlar, nafaqaga chiqqanlar yoki o’smirlar, ya’ni bu kabi tovar va xizmatlarga qiziqishi yoki imkoniyati bo’lmagan foydalanuvchilar, bu kabi xizmatlarning va marketing dasturlarining savollariga javob berishlari mumkin.

Vaqti cheklangan Internet foydalanuvchilariga Internet savdo brokerlari (store front brokers) yordamga kelishlari mumkin. Umuman olganda, dastavval Internet keng tarqalgan va ommaviy kom­pyuterlashtirish sharoitida brokerlar o’z muammolarini o’zlari hal qila oladigan mijozlardan mahrum bo’ladilar, deb taxmin qilingan edi. Biroq tadbirkorlik faoliyati tufayli operatsiyalar umumiy soni­ning oshishi, biznes-qaror va hamkorlarni mustaqil ravishda qidirish, shartnoma shartlarini ko’rib chiqish va tranzaksiyalarni tashkillashtirish qiyin, ko’p vaqt talab qilinishi hisobga olinmagan edi. Bunday holatda muammolarni samarali va muhimi, tez yechimini topa oladigan vositachilar yordamga kelishi mumkin. Ba’zi vosi­tachilar ko’p tashrif buyuriladigan, maqsadli tijorat olib boradigan mavzuli sayt egalari uchun hamkorlarni topib berishlari mumkin. Bu kabi hamkorlar to’g’ri yo’naltirilgan tijorat muhitida o’z tovarini sotishni istaydigan sotuvchilar bo’lishi mumkin. Boshqa tomondan, savdo-sotiq bilan shug’ullanadigan firmalar, ularning tovariga qiziqish bildirgan iste’molchilar ko’p bo’lgan saytlarda mahsulotlarini sotishlari mumkin bo’ladi.

Sotuvchilar Internet-brokerlarga o’zlarining mahsulotlari haqidagi ma’lumot va sotish shartlarini qoldirib, ular uchun mos ke­ladigan saytni tanlab beradilar, tomonlarning kelishuvidan keyin ular o’rtasida Internet-vitrina rasmiylashtiradilar. Saytdan foydalanganlik haqi sotilgan tovarlar miqdori ulushi yoki saytga tashrif buyurishlar soni orqali aniqlanadi. Odatda bu kabi saytlarnig ham­korlari yirik Internet-magazinlar va savdo bo’g’inlari hisoblanadi. Sayt va vositachi — Internet-brokerlar sotish protsedurasi uchun javobgar hisoblanmaydi, ular faqatgina markazlashtirilgan marke­tingni tashkil etadilar. Mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va tijorat tuzilmalari Internet-brokerlar tomonidan yaratilgan saytlardan, o’zlarining tovar va xizmatlarini yaxshiroq sotilishini ta’minlash maqsadida foydalanadilar.

Bozor, ma’lum bir guruhdagi o’xshash tovarlarning bozorda sotilishi, imkoniyatli xaridorlarning tanlovi va talabning o’zgarishi haqida kerakli ma’lumot yig’ish juda ham muhimdir. Xususan, ko’pgina firma va korxonalarning marketing (sotuv bo’yicha) bo’linmalari aynan mana shunday yo’l tutadi. Biroq bu kabi ma’lu­motlarga ishlov berishda ba’zi muammolarga duch kelinadi. Albatta, har xil kanallardan kelayotgan ko’p qirrali va juda keng ma’lumotlarga ishlov berishda, ularni tahlil va sintez qilishda axborot texnologiyalarining o’rni beqiyosdir. Bu kabi ma’lumotlar bazasi bilan ishlash uchun maxsus dasturlardan foydalanish mumkin, misol uchun, Data Warehouse — ma’lumotlarni alohida belgilariga qarab tuzilmaviylashtirishga, to’plashga, ma’lumotlarni chizma, grafik va diagramma ko’rinishida taqdim qilishga imkon beruvchi texnologiyalar qatoriga kiradi.

Eng murakkab jarayon — bu axborotga ishlov berish muammosidir, bu jarayon, amalga oshirilayotgan innovatsion tadqiqotga nisbatan savollarni ma’noli qilib ifodalaganda va marketing xizmati uchun vazifalar yuqori darajada aniqlashtirilganda osonlashadi, ammo amaliyotda axborotlashgan marketing tadqiqotlarida masalani ta’riflash murakkab hisoblanadi. Korxonaning imijini yara­tishda Internetning o’rni beqiyos. Keng jamoatchilik nazarida firmaning qiyofasi turli vositalar: reklama, firma faoliyati to’g’risidagi axborot materiallari, ommaviy axborot vositalarida hisobotni chop etish, xayriya aksiyalari, homiylik, buyurtma maqolalar, press-konferensiya va konferensiyalar o’tkazish orqali namoyon bo’lishi mumkin. Shuni ham nazardan chetda qoldirmaslik kerakki, biror-bir firma faoliyatining iqtisodiy natijasi qanchalik darajada ommaning fikriga bog’liq bo’lsa, u shunchalik o’zining imijini ko’tarishga harakat qiladi. Internet veb-saytlarida illyustrativ materiallarni taqdim qilish tirajlar soniga ketadigan xarajatlarni, reklama hamda shunga o’xshash boshqa tadbirlar o’tkazishni tashkillashtiruvchi xodimlar ish vaqtini tejashga olib keladi.

Xulosa qilib aytganda, hozirda internet manbalaridan olingan ma’lumot biznesning rivojlanishiga, bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam bermoqda. Ta’kidlash joizki, internetda kompaniyaning saytiga tashrif buyurgan foydalanuvchining qisqa vaqt ichida saytning asosiy sahifasiga e’tiborini tortish, unda kerakli taassurot qoldirish juda ham muhim masalalardan bo’lib hisoblanadi.

Muallif: Zuhra Otaqo’ziyeva, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU dotsenti, i.f.n.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq