“Raqamli MO — JO” loyihasi bo‘yicha Jeyn Treduell boshchiligidagi Butunjahon banki missiyasi vakillari bilan uchrashuv
01.06.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari N.Jo‘rayevning “Raqamli Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo” (“DigitalCASA”) loyihasi bo‘yicha Jeyn Treduell boshchiligidagi Butunjahon banki missiyasi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

N. Jo‘rayev mehmonlarni Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan qisqacha tanishtirdi, shuningdek, davlat xizmatlarini taqdim etish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohasida Agentlik zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifa va yo‘nalishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Treduell xonim, o‘z navbatida, mezbon tomonni loyiha bayoni bilan tanishtirdi, shuningdek, mazkur uchrashuv taklif qilinayotgan “Digital CASA” loyihasiga tayyorlanishning keyingi bosqichi hisoblanishini ma’lum qildi.

Tomonlar quyidagi asosiy mavzularni muhokama qildi:

1. Loyihaning tarkibiy qismi, xarajatlar hisob-kitobi va boshqa jihatlar;

2. Konsepsiyaning korporativ ko‘rinishi tavsiyasi;

3. Loyihani tayyorlash muddati va taqdim etish jadvali;

4. Loyihaning texnik qismlarini ishlab chiqishni boshlash bo‘yicha keyingi harakatlar.

Uchrashuvda tomonlar mazkur loyihada Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligining o‘rni masalasini muhokama qildi. Avval xabar qilinganidek, mazkur loyiha respublikaning olis hududlarida Internetdan foydalanishni yaxshilash, mamlakatning turli nuqtalarida davlat xizmatlarining barcha turlaridan foydalanish, ko‘plab davlat organlarini raqamlashtirish darajasini ko‘tarishga yordam beradi.

O‘zbekistonda milliy darajada loyihani joriy etish fuqarolar uchun ishonchli va tejamkor internet-xizmatlarini taqdim etadi, biznesni global raqamli iqtisodiyot bilan bog‘laydi va davlat xizmatlarini taqdim etish sohasida innovatsiyalarni jadallashtiradi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha global ochiq hukumat tajribasini o‘rganish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish maydonlari, raqamli iqtisodiyot uchun qonunchilik asosini kengaytirish, notarial harakatlar uchun yagona (bulutli) tarmoqni yaratish, aholining talabidan kelib chiqib, davlat xizmatlari turlarini kengaytirish, shuningdek, aholining barcha qatlamlari o‘rtasida raqamli xizmatlarni keng joriy etish jarayoniga xorijiy ekspertlarni jalb etishda ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq