«Internet orqali radikallashuv: muammolar va ularni bartaraf etish yo’llari» mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar
19.05.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

Joriy yilning 18 mayi kuni Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlarning yoshlariga qaratilgan “Internet orqali radikallashuv: muammolar va ularni bartaraf etish yo’llari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo’lib o’tdi.

Mazkur tadbir O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko’maklashish markazi tomonidan tashkillashtirildi.

Ushbu ilmiy-amaliy seminarda O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xalqaro Islom Akademiyasi hamda O’zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulьtetining professor va ilmiy tadqiqotchilari, shuningdek, axborot xavfsizligi va axborot xurujlari sohasidagi ko’plab yetakchi ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti talabalari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Ilmiy-amaliy seminarni o’tkazishdan ko’zlangan asosiy maqsad – mamlakatimiz va dunyo miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, Internetdagi turli manbalar, ijtimoiy tarmoqlar omili orqali yosh avlodning radikallashuvi masalalari dolzarb ahamiyatga molik bir jarayonda, axborot xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni Internet makonda vayronkor g’oyalar domiga tushib qolmasligi singari masalalarga yanada ko’proq e’tibor qaratishdan iborat. Shuningdek, mazkur yo’nalishning o’ta dolzarbligi inobatga olinib, Global tarmoq vositasida amalga oshirilayotgan axborot xurujlarining oldini olish bo’yicha yuzaga kelayotgan turli muammolarga yechim topish, kelgusida ushbu muammolarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda yangicha yondashuvlar, mexanizmlar xususida o’zaro fikr almashish ko’zda tutilgan.

Seminarda ta’kidlanganidek, Internet ko’plab foydali jihatlari bilan birga, salbiy oqibatlarini ham namoyon qilmoqda. Aholida, ayniqsa, yoshlarda axborot iste’moli madaniyatining sustligi, turli xabarlar oqimidan aynan keraklisini ajratib olishda bilim, malaka va ko’nikmaning yetishmasligi ba’zilarning g’arazli oqimlar ta’siriga tushib qolishlariga, Internet qaramligi kasalligiga yo’liqishlariga sabab bo’lmoqda. Xitoy Xalq Respublikasida Internetga qaramlik kasallik sifatida e’tirof etilib, uni davolovchi maxsus shifoxonalar tashkil etilgan.

Ta’kidlash joizki, ko’plab sotsiologlar Internet orqali o’smirlar tezda jamiyatga kirishib ketishi, ya’ni ijtimoiylashuvini e’tirof etadilar. Ya’ni yosh yigit yoki qiz real hayotda hali ko’pchilik bilan tanishib ulgurmay, kompьyuter orqali butun dunyo bilan muloqot qilishi mumkin. Internet mana shunday ulkan imkoniyatni taqdim etadi. Lekin hali shaxs sifatida shakllanmagan, o’zining mustaqil fikri va sog’lom dunyoqarashi sobitlik kasb etmagan yoshlar uchun Internet muayyan darajada xavfli hududga ham aylanadi. Sababi, insonlar bilan muomala qilishda hali yetarli tajribaga ega bo’lmagan o’smir bilib-bilmay, turli destruktiv guruhlar, buzg’unchi kuchlar, odam savdosi bilan shug’ullanuvchi jinoiy to’dalar ta’siriga tushib qolishi mumkin.

Seminar doirasida globallashuv jarayonida internet bilan bog’liq muammolar, Internet – diniy ekstremizm va terrorizmning vositasi sifatida, Internet orqali ba’zi ijtimoiy guruhlarning radikallashuvi va ular bilan kurashda Internetning roli va undan foydalanish yo’llari va Sotsial tarmoqlarda axborot xurujlari, tahdidlar, tazyiqlar va himoya kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Mazkur ilmiy-amaliy seminar konstruktiv hamda amaliy takliflar, bahs va munozaralarga boy bo’ldi. Seminar yakunida tadbir qatnashchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq