Shuhrat To‘xtaboyev: Elektron tijorat yanada rivojlanadi
18.05.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mamlakatni rivojlantirishning birdan-bir manbai – iqtisodiyot tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish. Bugungi kunda, mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoit biznesni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shmoqda. Bu jarayonlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilinishi, sohani yanada gullab- yashnashiga zamin yaratib, turli burokratik to‘siqlar, ayniqsa, korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Mana shunday afzalliklardan biri – elektron tijoratdir. Ta’kidlash joiz, bugungi kunda elektron tijorat ko‘zlangan darajada rivojlanmayotgani hech kimga sir emas. Elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish mexanizmi murakkab bo‘lganligi sababli tadbirkorlik subyektlari va iste’molchilarning elektron tijoratdan foydalanishdan ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga majbur bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, soliqqa tortish tizimining elektron tijorat ishtirokchilariga noqulayliklar yaratganligi bois, o‘zaro hisob-kotiblarda bir qator muammolar vujudga kelayotgan edi.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni yuqoridagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, tadbirkorlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlari tomonidan ishlab chiqargan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishga va o‘zaro hisob-kitob opretsiyalarini amalga oshirishiga imkon yaratadi.

Mazkur hujjatga muvofiq, elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish jarayonida axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar tovarlar (xizmatlar) uchun to‘lovlarni tasdiqlovchi kvitansiyalar, talonlar, chiptalar va boshqa hujjatlarga tenglashtirilmoqda. Bu esa, tadbirkorlik subyektlarini elektron tijorat iste’molchilari oldidagi hisob-kitob qilinganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish majburiyatini osonlashtiradi. Shuningdek, uch ming AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishda eksport qilish Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilmasdan va yuk bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmasdan pochta xizmatlarini ko‘rsatish orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Ma’lumki, kundalik hayotimizda zarur bo‘lgan mahsulotlarni elektron tijorat yordamida buyurtma berish va qabul qilib olish bir muncha qulayliklar yaratadi. Shunday mahsulot va xizmatlar borki, ularni yetkazib berishda ayrim talablarni o‘rnatish iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bilan asoslanadi. Qarorda mana shu jihatlarni inobatga olgan holda, elektron tijorat orqali dori-vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini ta’minlash tartibi va talablariga qat’iy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda, amalga oshirishga ruxsat etilmoqda.

Mazkur Qarorning qabul qilinishi mahalliy tadbirkorlik subyektlariga jahon bozoriga kirib borishga, mahsulotlar sifatini va raqobatbardoshligini oshirishga, o‘z mahsulotlarni ularni realizatsiya qilishda yanada qulay sharoitlar yaratib beradi.

Shuhrat To‘xtaboyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq