Elektron davlat xizmatlari tizimiga bagishlangan matbuot-anjumani o‘tkazildi
15.05.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2018-yil 14-may kuni Milliy matbuot markazida Ommaviy axborot vositalari uchun «Elektron davlat xaridlarining ochiqligi va samaradorligini ta’minlashning yangi mexanizmi» mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjuman tashkilotchilari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi agentligi va «O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ ishtirok etishdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad keng jamoatchilikni maxsus axborot portalida amalga oshiriladigan elektron davlat xaridlari tartibi va mexanizmi bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, 2018-yil 9-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan 472-sonli «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qabul qilingan hujjat davlat xaridlari ochiqligini va shaffofligini hamda bu sohada tadbirkorlarning raqobat kurashuvini ta’minlaydi, davlat budjeti, markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanishga imkon yaratadi.

Yangi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi agentligi davlat xaridlari sohasida vakolatli organ hisoblanadi. O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi esa agentlik tomonidan maxsus axborot portalining operatori etib tayinlanishi kutilmoqda.

Tadbir davomida birjaning yangi portali, ya’ni xarid.uz ning taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur axborot portali orqali davlat xaridlarining shaffofligi va ochiq-oydinligi ta’minlanadi. Xususan, portalda kutilayotgan barcha turdagi xaridlar haqida batafsil ma’lumotlar chop etiladi hamda davlat xaridlari elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirishga qaratilgan elektron auksion shakllarida o‘tkaziladi.

Elektron do‘kon portalda talabgorlarning buyurtmachi nomiga yuborilgan takliflari asosida shakllanadi va o‘z ichiga maxsus talablar qo‘yilmagan tovar (ish, xizmat)larning barcha turlarini qamrab oladi. Budjet buyurtmachilar uchun tovar xarid qilish chegarasi eng kam oylik ish haqining 25 barobaridagi qiymatga teng, yiliga esa eng kam oylik ish haqining 2500 barobariga teng qiymatidan oshib ketmasligi kerak. Korporativ buyurtmachilar uchun davlat xaridi qiymati eng kam oylik ish haqining 250 barobaridan oshmasligi kerak. Byudjet va korporativ buyurtmachilar uchun ish yoki xizmatni xarid qilish qiymati eng kam oylik ish haqining 25 barobaridan oshmasligi talab etiladi.

Mazkur elektron tizimda narxlar so‘rovi qo‘llanilib, ushbu mexanizm qidirilayotgan tovarni nisbatan past narxda aniqlab beradi. Mazkur jarayon atigi 48 soat vaqt olishi evaziga buyurtmachilar xaridni imkon qadar qisqa muddatda amalga oshirishlari mumkin. O‘z navbatida savdolar g‘olibi elektron tizimga kelib tushgan narx takliflarini taqqoslash asosida avtomatik ravishda aniqlanadi. Buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasidagi shartnoma mijozning shaxsiy kabinetida tuziladi.

Elektron auksion orqali xarid qilish ham portalda onlayn rejimda bosqichma-bosqich narxni pasayib borish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunday turdagi xaridlar odatda standart xususiyatlar ega bo‘lgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi hamda ularni baholash va taqqoslashni talab etmaydi. Auksionda bir kelishuv bo‘yicha tovar xarid qilish qiymati eng kam oylik ish haqining 5000 barobaridan kam bo‘lishi kerak, budjet buyurtmachilari uchun eng kam oylik ish haqining 2500 barobaridan oshmasligi zarur. Elektron auksionda ish yoki xizmat xaridi amalga oshirilmaydi.

Buyurtmachilar o‘z arizasini auksion g‘olibi aniqlanishidan 10 kun avval portalga joylashtiradilar. Auksionni o‘tkazish jarayonida talabgorlar bitimni qo‘shimcha avans to‘lovlari bilan ta’minlagan holda cheklanmagan miqdorda narx takliflarini berishlari mumkin. Auksion muvvafaqiyatli o‘tkazildi deb hisoblanishi uchun unda kamida 2ta talabgor ishtirok etishi talab etiladi.

Eng past miqdorda narx taklifini bergan talabgor tizim tomonidan g‘olib deb topiladi. O‘z navbatida, tuzilgan bitim va savdo g‘olibining nomi avtomatik tarzda portalda aks ettiriladi, hamda buyurtmachi va savdo g‘olibining shaxsiy kabinetlarida shartnoma shakllanadi.

Yangi mexanizmni ishlab chiqish chog‘ida asosiy e’tibor elektron davlat xaridlari ishtirokchilari, jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun bir qator qulayliklar yaratishga qaratildi.

Birinchidan, buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar faqatgina soliq organlarining elektron raqamli imzosi (ERI) yordamida elektron xaridlarda ishtirok etadilar. Bu esa qog‘ozbozlik, byurokratizm va korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, tovarni xarid qilish haqidagi e’lonni chop etishdan boshlab, to buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasidagi shartnomani tuzilgunga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarni elektron shaklda olib borilishi xaridlarni amalga oshirish jarayoni va ularning natijalariga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan inson omilini cheklaydi.

Bundan tashqari, «XARID» elektron tizimiga ilk bor birjaning Hisob-kitob kliring palatasi orqali bitimlar ijrosini kafolatlash amaliyoti kiritildi. Elektron xaridlarda ishtirok etish uchun tomonlar avans mablag‘larini kiritishi talab etiladi. Buyurtmachi yoki yetkazib beruvchilardan biri shartnoma shartlarini bajarmagan taqdirda, avans to‘lovi jabrlanuvchi foydasiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, shartnoma shartlarini buzgan yetkazib beruvchi insofsiz yetkazib beruvchilar reyestriga kiritiladi va 3 yil davomida elektron xaridlarda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu haqdagi qaror davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni o‘rganib chiqish Komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Jarima sanksiyalarini qo‘llanilishi o‘z navbatida, elektron xaridlar ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirishga va tomonlarning shartnomaviy intizomni ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda yangi elektron tizimda 3 mingga yaqin ishtirokchilar akkreditatsiyadan o‘tgan va elektron do‘konda esa 1,6 mingdan ziyod tovarlar qo‘yilgan. Savdo ishtirokchilari uchun qo‘shimcha qulayliklarni yaratish maqsadida mijozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmi soddalashtirildi, kun-tun davlat xaridlari ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash xizmati (Call-markaz: 213-33-30 yoki 1162) ishga tushdi. Shuningdek, O‘zRTXB, Loyiha boshqaruvi agentligi, Moliya vazirligining G‘aznachiligi, Davlat raqobat qo‘mitasi ma’lumotlar bazalarini elektron shaklda o‘zaro almashinuvi ta’minlandi. Respublikaning barcha hududiy filiallarida buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar ishtirokida o‘quv seminarlar o‘tkazildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq