Toshkent shahridagi Inha universitetida «IUT Embedded Systems Design Exhibition 2018» ko‘rgazmasi o‘tkazildi
11.05.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti(IUT) «Kompyuter va dasturiy injiniring» fakultetining uchinchi bosqich talabalari «IUT Embedded Systems Design Exhibition 2018» ko‘rgazmasi doirasida o‘zlarining turli innovatsion ishlanmalari va yechimlarini namoyish etdilar.

Uyg‘unlashtirilgan tizim-ixtisoslashtirilgan mikroprotsessorli boshqaruv, nazorat va monitoring tizimi bo‘lib, u bevosita o‘zi boshqarayotgan moslamaga joylashtiriladi va shu holda ishlaydi.

IUT professori Irfanud Din uchinchi bosqich talabalariga «Embedded system», ya’ni uyg‘unlantirilgan tizim (ixtisoslashtirilgan mikroprotsessorli boshqaruv tizimi) fanidan saboq beradi. Dars jarayonida universitet talabalari turli ishlanmalar va yechimlarni ishlab chiqarish to‘g‘risida bilimlarga ega bo‘ldilar.

Uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan ko‘rgazma doirasida IUT talabalari 20ta loyiha va yechimlarni taqdim etdilar. Xususan, talabalar «Aqlli to‘xtash joyi», «Metroda xavfsizlikni ta’minlash va ogoh qilish tizimi», «ko‘zlar uchun trenajyor», «Aqlli uy», «Robotlashtirilgan qo‘l», «Insonning jismoniy holatini nazorat qilish uchun devays», «Aqlli beshik» va shu kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlanmalarni taqdim etdilar.

Talabalarning ishlari IUT professorlari tomonidan baholandi hamda g‘oliblar aniqlandi.

Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, «Interactive Water Curtain» loyihasi bilan Faridun Klichev, Avaz Alimov, Nasiba Lutfullayeva va Bahodir Solihovlar birinchi o‘rinni egalladilar.

Ikkinchi o‘rin – «Metroda xavfsizlikni ta’minlash va ogoh qilish tizimi» loyihasi uchun Mirzo-G‘olib Suvonberdiyev, Ravshan Mahmadalliyev, Rahimjon Rustamov va Nig‘matjon Anvarovlarga nasib etdi.

«Pianino» loyihasi bilan Bedilbek Hamidov, Madina Saidova, Malika Anvarjonova va Navro‘z Djandullayevlar uchinchi o‘ringa loyiq deb topildilar.

Bu haqda IUT Rektori Sarvar Babaxodjayev shunday dedi: «Men mazkur ko‘rgazmani tashkil etilgani uchun Doktor Irfanud Dinga minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, bunday ko‘rgazmalar orqali talabalarning salohiyatlari namoyon bo‘ladi. Dars vaqtida olgan bilimlaridan foydalangan holda, yoshlar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lib, nostandart fikrlashni o‘rganadilar».

Doktor Irfanud Din ham o‘z fikrlarini bayon etdi: «Embedded Systems fanining rivojlanishi va tatbiq etilishini, yuqori innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyati va joriy etilish sohasinining rang-barangligini ko‘rib chiqarkanmiz, aytish mumkinki, ko‘p vaqt o‘tmay turib, mazkur texnologiyalar barcha sohalarga tatbiq etiladi. Shularni inobatga olgan holda, IUT nafaqat sifatli dasturiy muhandislar ishlab chiqaruvchilarga, balki apparat ta’minlash sohasidagi ekspertlarga ham e’tibor qaratadi. Men IUT da ikkinchi marotaba «Embedded Systems Exhibition» ko‘rgazmasini o‘tkazayotganimizdan xursandman. Bu bizga IUTdagi ta’lim sifatiga nazar solish, talabalarning ko‘nikmalarini baholash hamda rag‘batlantirish imkonini beradi».

Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda «Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq