IUTda «Besh avlod uchrashuvi» tadbiri o‘tkazildi
05.05.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)da «Xotira va Qadrlash kuni» hamda «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi»ni nishonlash maqsadida «Besh avlod uchrashuvi» ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Toshkent shahridagi Inha universiteti tomonidan tashkil etildi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev, davra suhbatini ochib berar ekan, tadbirda ishtirok etayotgan urush fahriylarini qutladi va ularning og‘ir vaqtlarda ko‘rsatgan jasoratlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Xotira va Qadrlash kuni» hamda «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi»ni nishonlash maqsadida tashkil etilgan «Besh avlod uchrashuvi» ma’naviy-ma’rifiy tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxodjayev ishtirok etdi va fahriylarni qutladi.

«Tadbirimizning qahramonlari bo‘lgan mo‘tabar otalarimiz timsolida bizning bugungi kunimiz uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizga yoshlarimiz nomidan o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromimni izhor etmoqchiman», — dedi Axmedxodjayev.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovichning «keksalari bosh bo‘lib, izzat-hurmatda hayot kechirayotgan oila dunyodagi eng baxtli oiladir», — degan so‘zlari bugungi hayotimizda o‘z ifodasini topmoqda. Ayniqsa, urush yillarida xalqimizning insonparvarligi, bolajon xalq ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Shavkat Miromonovich ta’kidlaganlari kabi, vaqt o‘tgan sari millatimiz ko‘rsatgan bunday qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda. Tarixiy xotirani unutmaslik, ajdodlarni yodga olish, ularning jasoratini xotirlash, oramizdagi nuroniylarni e’zozlash millatning barhayot yashashiga xizmat qiladi, vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otadi», — qo‘shimcha qildi vazir.

Tadbir davomida taklif etilgan maktab o‘quvchilari va universitet talabalari faxriylar bilan suhbat qurdilar. Xotira va qadrlash kuni arafasida tashkil etilgan tadbirda yoshlarga xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi, yurtdoshlarimizning urushda va front ortida ko‘rsatgan matonati, bugungi dorilomon kunlarimizga erishish yo‘lida jonini fido etgan ota-bobolarimizning mardligi, jasorati tarixiy misollar asosida tushuntirildi.

Faxriylar yoshlarga mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni ko‘zqorachig‘idek asrashlari, yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishlari, mamlakatimizning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishlari kerakligini ta’kidladilar.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari markaziy ashula va raqs ansamblining xonandalari tomonidan harbiy va klassik qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbir davomida faxriylarga O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxodjayev sovg‘alar taqdim etdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq