IUT professori «O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash» mavzusidagi anjumanda ishtirok etdi
16.04.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) professori Juen O «O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash» mavzusida o‘tkazilgan muhokama anjumanida ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda siyosatshunoslar, huquqshunoslar, olimlar, professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari, davlat va nodavlat, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Yangicha formatda uyushtirilgan mazkur Muhokama anjumanidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018-yil 2-fevraldagi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018-yil 26-martdagi Qarori ijrosini ta’minlashdan iboratdir.

Anjumanda bir qator mavzularda bahs-munozarali, fikrlar xilma-xilligiga asoslangan chiqishlarga keng o‘rin berildi. Xususan, «O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash sohasida yagona davlat siyosati», «O‘zbekistonda oilaning demografik rivojlanishi», «Reproduktiv salomatlikni himoya qilish va oilani rejalashtirish», «Tarixiy-madaniy an’analar va zamonaviy oila modeli», «Oilaviy munosabatlarning ijtimoiy-psixologik muammolari va ularni hal etish yo‘llari», «Oilada bola tarbiyasining dolzarb masalalari», «Oila farovonligi va ijtimoiy himoya», «Oilani samarali qo‘llab-quvvatlashning xalqaro amaliyoti» kabi bir qator muhim mavzulardagi taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, oilani mustahkamlash bo‘yicha jamoatchilik fikri aks etgan videorolik namoyish etilib, ishtirokchilarning unga bo‘lgan turli pozitsiyalari muhokama qilindi.

Anjumanda oila-nikoh munosabatlari sohasidagi ilg‘or xorijiy amaliyotni ilmiy tahlillarga tayangan holda chuqur o‘rganish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan uzviy hamkorlik va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, yoshlarga oilaviy munosabatlarning huquqiy va psixologik asoslarini o‘rgatish, ajrashishlarning oldini olish borasida turli mulohazalar bayon etildi.

Xususan, Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) professori Juen O anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otgan «Koreyada namunali oilaning modeli» mavzusida o‘z taqdimotini o‘tkazdi. U Janubiy Koreyadagi oilaviy an’analar hamda oilalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha ikki mamlakatning qarashlari bir xilligi haqida gapirib berdi.

Qayd etildiki, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash borasida tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va natijalarni tahlil etib borish, ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar, risolalar, o‘quv-uslubiy, tahliliy qo‘llanmalar tayyorlash va tarqatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali zamonaviy namunali oilaning mezonlarini ishlab chiqish masalalarida ishtirokchilar o‘zlarining kreativ fikr-mulohazalarini o‘rtaga tashladilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq