Iqtidorli bolalar uchun IT-maktab barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi
09.04.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yashnobod tumaniga tashrifi mobaynida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning barpo etilish ishlari bilan tanishdi.

2017-yilda davlat rahbari qarori asosida faoliyatini boshlagan ixtisoslashtirilgan maktab 1470 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘rta umumuy ta’lim maktablarining 5-sinfini tamomlagan o‘quvchilar har yili tanlov asosida saralab olinadi va bu yerda 11-sinfni tugatgungacha tahsilni davom ettiradi. Ayni paytda, yangidan qurilayotgan maktab binosida yurtimizning boshqa shaharlaridan kelgan o‘quvchilar uchun ham sharoit yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Maktabda yuqori texnologiyalar asosida tashkil qilingan informatika sinflari, fizika va kimyo, ingliz tilini chuqur o‘rgatishga mo‘ljallangan laboratoriya xonalari, robototexnikani rivojlantiruvchi qurilmalar, texnologik ijod uchun qulay muhitning bo‘lishi ta’minlanadi. Shuningdek, sport va gimnastika zallari, yopiq basseyn, ochiq futbol, badminton hamda voleybol maydonlari, yugurish yo‘lagi, mashg‘ulot zallari yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshiradi, shuningdek, 500 kishiga mo‘ljallangan faollar zalida LED-ekran hamda sahnaning bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Ixtisoslashtirilgan maktab kutubxonasi, oshxonasi bir vaqtning o‘zida 500 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Qurilish jarayonida maktab faoliyatida yuqori texnologiya – quyosh panellaridan elektr quvvatini olishdan ham foydalanilishi reja qilingan. Shu bilan birga, obodonlashtirish va yong‘inga qarshi foydalanish uchun suv rezervuarlari ham qurilmoqda.

O‘quv jarayonlari esa zamonaviy yangi yondashuvdan kelib chiqib, tashkil qilinadi. Zamonaviy o‘quv dasturlari ta’lim sohasida yetakchi bo‘lgan Shvetsiya, Finlyandiya, Avstraliya va boshqa mamlakatlar tajribasi asosida shakllantiriladi. Natijada yoshlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘qitishning milliy va xalqaro pedagogik yutuqlarini jamlagan maktab dasturi ishlab chiqiladi. O‘quv jarayonida o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda ishtiroki alohida nazorat ostiga olinadi.

Davlatimiz rahbari o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, iste’dodli yoshlarni izlab topish va ularni izchil qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq