Umumiy ta’lim maktablari kutubxonalari ishini takomillashtirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish
30.03.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Keyingi yillarda ta’lim sohasida AKT imkoniyatlari asosidagi ta’lim texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Umumiy ta’lim maktablarida ham nafaqat ta’lim tizimida, balki maktab faoliyatining boshqa sohalari, jumladan, kutubxonalar ishini takomillashtirishda zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanilmoqda, bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13.09 “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271 son Qaroriga muvofiq olib borilmoqda.

Ma’lumki, an’anaviy umumta’lim maktablari kutubxonalari o‘z faoliyati bilan o‘quvchilarning tarbiyasi va umumiy rivojlanishlariga yordam berish uchun xizmat qiladi, shu maqsadda turli ommaviy tadbirlar ishlab chiqiladi va o‘tkaziladi. Keyingi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mazkur yo‘nalishdagi ishlarni nafaqat yanada chuqurlashtirish va kengay­tirishga, balki yangi shakllarni joriy etishga ham imkon yaratib bermoqda. Kutubxonachilar oldida turgan jiddiy muammolardan biri — bu ayrim zamonaviy o‘quvchi-bolalar va o‘smirlar kitob o‘qishni xohlamasliklari va qiziqmasliklaridir.

Ushbu muammoning mazmun-mohiyati shundaki, axborot texnologiyalari an’anaviy axborot manbalarining raqobatchisiga aylandi. Biroq haqiqiy hayotda zamonaviy axborot texnologiyalari kitob va axborotlarni o‘qishga qiziqishni kuchaytirishning muhim omiliga aylanishi ham mumkin. Ulardan o‘quvchilar bilan ommaviy holda ham, individual ishlashda ham samarali foydalanish mumkin. O‘quvchilar bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni olib bo­rishda eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri tarmoq interaktiv texnolo­giyalaridan foydalanish bo‘lib hisoblanadi, axborot resurslarini, badiiy va ilmiy o‘quv adabiyotlarga qiziqishni oshirishda, jumladan, vikipediyalar, bloglar, forumlar muhim ahamiyatga molik. Web 2.0 servislaridan foydalanish o‘quvchilarda qiziqishlarini faollashtirish, axborot savodxonliklarini rivojlantirish, kitob o‘qishga qiziqtirish, guruhli va hamkorlikdagi ishlar malakalarini shakllantirishga yordam beradi.

O‘quvchi bolalar va o‘smirlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish shakllari turlicha, ular guruhiy va yo‘naltirilgan, rasmlar orqali taqdim etilgan va boshqalar bo‘lishi mumkin. Kitobxonlikka qiziqtirishda AKT dan foydalanib, multimedia va elektron materialar, elektron resurslar hamda kutubxona saytini yaratish, o‘quvchilar bilan ishlashda tarmoq interaktiv shakllardan foydala­nish kabi omillar bo‘lishi mumkin.

Multimedia va elektron materiallar an’anaviy ta’lim jarayoniga qo‘shib olib boriladi. Ta’limiy axborotlarni bir vaqtning o‘zida multimediya vositalari: grafik, ovozli, foto va video axborotlar bilan boyitish bilan olib borilishi o‘quv fanlari va tarbiyaviy jarayonlar ta’sirini oshirishiga shubha yo‘q. Ma’lumki, an’anaviy o‘qitish jara­yonida ta’lim axborotlarini og‘zaki bayon etishda o‘quvchi ongi o‘zida qayta ishlash uchun axborotning ma’lum hajmini qabul qilsa, bu jarayonga qo‘shimcha multimedia materiallaridan foydalanib, ko‘rish va tinglash organlarining ishi «faollashtirilsa» mazkur hajmdagi axborot bir necha barobar ko‘proq samarali o‘zlashtirilishi o‘z isbotini topgan. Masalan, kutubxona faoliyatida AKT vositalaridan foydalanib, turli tadbirlar — adabiy-musiqiy soatlar, biror yangi adabiyotning sharhli taqdimoti, og‘zaki jurnallar mazkur tabirlar­ning yanada yorqinroq o‘tishiga yordam beradi, asosiy ko‘zlangan g‘oyani o‘quvchilarga yanada oson va qiziqarli tarzda yetkazish hamda o‘zlashtirilishini ta’minlaydi. Shu maqsadda ommaviy taqdi­motlar o‘tkazishda quyidagi shakllar:

  • multimediali viktorinalar;
  • multimediali sharhlar;
  • elektron resurslarni namoyish etish;
  • elektron resurslardan foydalanib, turli qiziqarli tanlovlar tashkil etish;
  • elektron resurslarni sharhlash kabilardan foydalanish mumkin.

Bu esa o‘quvchilarni zamonaviy texnologiyalar sohasiga oid bi­limlarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda, maktab kutubxonasiga, umuman kitoblar olamiga qiziqtirish, kutubxonani esa zerikarli xonalardan iborat joy emas, balki zamonaviy ilm makoni sifatida mavqeini hamda kutubxonachining hurmatini oshirishga yordam beradi. Hozirgi kunda dars jarayonida multimediali taqdimotlardan foydalanish odat tusiga kirib bormoqda, o‘quvchilarda kitob o‘qishga qiziqishlarini oshirishda bu amalni kutubxona faoliyatiga ham joriy etish zarur.

Bundan tashqari, o‘quvchilar tomonidan ham mustaqil elekt­ron resurslar yaratilishiga va ular bilan kutubxona fondini boyi­tish ham e’tibor qaratish lozim. Elektron va multimediya materiallarini yaratish zamonaviy kutubxona resurslarining asosiy qismini tashkil etishi zarur. Elektron resurslarni yaratishda kutubxonachilarning ham tashabbuslari muhim o‘rin tutadi. Ular qatoriga qu­yidagilarni kiritish mumkin: o‘quvchilarga qo‘shimcha tavsiya etiladigan adabiyotlar, maktab kitob fondi portfeliosi, mavzuli elektron adabiyotlar va resurslar sharhi, annotatsiyalangan va bezatilgan kartotekalar, adabiyotlarning bibliografik ko‘rsatkichlar va boshqalar. Masalan, Toshkent shahridagi bizning 265-sonli umumta’lim maktabida boshqa fanlar qatori informatika fani ham chuqurlashtirib o‘qitiladi. Shu sababli nafaqat informatika fanini o‘qitish, balki maktab faoliyatining barcha sohalariga AKTni joriy etish bo‘yicha faol ishlar olib boriladi. Xususan, maktab kutub­xonasi ish faoliyatida ham AKTni joriy etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Kutubxona mudiri bilan informatika fani o‘qituvchilari hamkorligida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda va kelgusi rejalarda ham belgilab qo‘yilgan:

  1. Dars jarayonida maktab o‘quv darsliklari va qo‘shimcha materiallar elektron resurslaridan (Ziyonet ta’lim portali bazasidan foydalanish asosida) foydalanish.
  2. Mavzularga oid «O‘quvchi bolalar tomonidan yaratilgan bukletlar, refletlar, tavsiyali ko‘rsatkichlar». Multimediali «Sevimli kitoblarim» mavzusidagi taqdimotlar.
  3. Janrlar bo‘yicha: ertaklar, she’rlar, fantastik asarlar, sarguzash­lar, detektiv asarlar, tengdoshlari haqidagi asarlar ko‘rsatkich­lari bo‘lishi mumkin.
  4. Yozuvchi va mualliflar tarjimai hollariga bag‘ishlangan qo‘l­lanmalar ko‘rsatkichlarini yaratish. Ko‘rsatkichlar sodda va istalgan vaqtda foydalanish hamda yangilarini kiritishga qulay bo‘lishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, Ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda zamonaviy AKT davrimizning biz: o‘qituvchi va o‘quvchilarga taqdim etayotgan eng qulay imkoniyatlaridandir. Shunday ekan, uning afzallik jihatlarini to‘g‘ri anglagan holda ta’lim jarayoniga, o‘qish va ish faoliyatimizga joriy etish dolzarb vazifamizdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Кaчeвa E. В. Мультимeдийныe срeдствa — инновaционноe нaпрaвлeниe в рaботe школьной библиотeки [Элeктронный рeсурс] // Фeстивaль «Открытый урок».

Muallif: Barkamoljon Pirmatov, Toshkent shahar Yunusobod tumani 265 – umumiy ta’lim maktabi o‘qituvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq