Maktab yoshidagi iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida ko‘rik-tanlov boshlandi
30.03.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekistonda har yili maktab yoshidagi iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida matematika, fizika va informatika fanlarini integratsiyalashgan holda qamrab olgan ko‘rik-tanlov 1-aprel kunidan boshlanadi.

Tanlovning asosiy maqsadi – Ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilari qatnashishlari mumkin.

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich maktablar miqyosida 1-apreldan 10-aprelga qadar o‘tkaziladi. Mazkur bosqichda o‘quvchilar uchta fan bo‘yicha www.matfiz.uz saytida onlayn-test topshiradilar: matematika, fizika va informatika. 80 va undan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar ikkinchi bosqichga yo‘l olishadi.

Ikkinchi mintaqaviy bosqichda birinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan integratsiyalashgan holda amaliy masalalarni yozma topshiradilar. 75 va undan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar final bosqichiga yo‘l olishadi. Ikkinchi bosqichning o‘tkazilish sanalari qo‘shimcha tarzda tanlov saytida e’lon qilinadi.

Uchinchi final bosqichi iyun oyida Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tadi. Mazkur bosqichda ishtirokchilar matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan integratsiyalashgan holda amaliy masalalardan yozma ish topshiradilar.

Tanlovning uchinchi final bosqichi sovrindorlari “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofot (statuetka)ni qo‘lga kiritishadi. Shuningdek, birinchi o‘rin sohibi eng kam oylik ish haqining – 100 baravari, ikkinchi o‘rin – 75 baravari va uchinchi o‘rin – 65 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq