Davr ruhi bilan hamnafas olim
30.03.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Ma’lumki, zamonlar osha ilm-fan taraqqiyotini ilgari suruvchi kuchi — bu o‘z sohasining haqiqiy bilimdonlari, keng mushohada-tafakkurga ega bo‘lgan olimlar bo‘lib hisoblanadi.

Ularning aqlu zakovatlari bilan taqdim etilgan ilmiy mulohazalari, amaliy tajribalari va eng muhimi, o‘zlaridan qoldiradigan bebaho ilmiy meroslari — ilmiy asarlari mamlakat ravnaqida muhim ahamiyatga molik, qimmatbaho boylik bo‘lib hisoblanadi. Olimlar yaratgan yangilik va kashfiyotlari asosida zamon taraqqiy etib, tezkor ravishda o‘zgarib boradi. Ana shu o‘zgaruvchan zamonga moslashib, o‘z izlanishlarini davom ettiradigan olimlarni davr bilan hamnafas olimlar deya e’tirof etadilar. Ayrimlar o‘z ilmiy izlanishlari bilan davr taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan bo‘lsalar ham bu ta’rif mazmun-mohiyatiga munosib bo‘lavermay­dilar. Davr ruhiga moslik, ayniqsa, bugungi shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan axborot texnologiyalari davrida muhim ahamiyatga molikdir.

Aslida, o‘z faoliyati sohasida muvaffaqiyat qozonishdan tashqari, boshqa turli sohalarga oid global yangilik va o‘zgarish­lardan, ilm-fan yangiliklaridan xabardor insonlar haqida fikr yuritilganda, davrimiz bilimdonlari deya ta’riflaydilar. Biror sohada bilim va tajribalarga ega bo‘lgan muta­xassislar orasida atrof-olamdagi boshqa bilimlar rivojiga deyarli qiziqmaydiganlar ham topiladi. Sahifamizda nomini tilga olmoqchi bo‘lgan ustozimiz esa haqiqiy olim, zamonamiz qahramoni desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zo­larini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni bilan Fanlar akademiyasining 32 nafar yangi haqiqiy a’zolari tasdiqlandi. Ular orasida ustozimizning akademiklik unvoniga sazovar bo‘lganligi biz shogirdlarni ham juda quvontirdi. Ustozimiz mustaqil yurtimiz­ning pedagogika yo‘nalishidagi ilk akade­migi sharafli nomiga sazovor bo‘ldilar.

Ustozimizning ko‘p yillik ilmiy faoliyati bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy pedagogika fani sohasining rivojida katta o‘rin tutadi. Ular o‘z hayoti va sermahsul ilmiy faoliyati bilan fan taraqqiyotida hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan olim. Ilm-fan butun hayotlarining mazmuniga aylangan, ustozimiz erishgan ilmiy yutuqlari nafaqat mamlakatimiz, balki chet ellarda ham e’tibor qozongan. Ustozimiz — Respublikamizda pedagogika fani rivojida muhim o‘rin tutgan katta olim bo‘lish bilan bir vaqtda, «Uzluksiz ta’lim», «Maktab va hayot» jurnallari bosh muharriri, «Xalq ta’limi» jurnali tahririyati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi Prezi­diumi a’zosi, 1993-yildan Xalqaro Pedagogika fanlari Akademiyasining muxbir a’zosi, 1997-yildan Rossiya kasbiy ta’lim akademiyasining haqiqiy a’zosi (akademigi), Xalqaro A. G. Nebolsin mukofoti laureati bo‘l­gan, pedagogika fanlari doktori, professor Risboy Xaydarovich Djurayevdir.

Risbay Xaydarovich uzluksiz pedagogik mehnat faoliyati davomida quyidagi o‘ta mas’uliyatli, ta’lim-tarbiya sohasiga oid lavozimlarda xizmat qilib kelmoqda, xususan: 1968–1975 yillarda — Toshkent politexnika institutida o‘qituvchi, 1975–1977 yillarda — davlat, jamoatchilik ishlarida, 1977–1988 yillarda — Kasbiy-texnik ta’lim bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari va Davlat qo‘mitasi raisi, 1988–1989 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari, 1989–1992 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Fan, madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i, 1992–1998 yillarda — Guliston davlat universiteti rektori, 1995–1997 yillarda — Pedagogika va ijtimoiy fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi, 1997-yil — Kasbiy ta’lim Akademiyasi haqiqiy a’zosi, 1998-yilda — Pedagogik va ijtimoiy fanlar Akademiyasi haqiqiy a’zosi, 1998–2000 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rin­bosari, 2000–2004 yillarda — O‘zbeksiton Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, 2004–2009 yillarda — T. N. Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti (O‘zPFITI) direktori bo‘lib xizmat qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirning birinchi o‘rinbo­sari — o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi mar­kazida Markaz direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan davrida u Respublikamizdagi barcha kasb-hunar kollejlarini jahon andozalari darajasida jihozlanishi, xususan, o‘quv xonalarini zamonaviy uskunalar, kom­pyuter, multimedia vositalari, o‘quv laboratoriya jihozlari, o‘quv sexlarini esa stanok, zaruriy asbob-uskunalar va kerakli vosita hamda materiallar bilan ta’minlanishiga erishdi. Bu faoliyati bilan o‘zining zamon talablariga mos olim ekanligini isbotladi. Risboy Xaydarovichning ilmiy-amaliy faoliyatining asosiy maqsadi ta’limni amaliyot va ishlab chiqarish mehnati bilan aloqada tashkil etish, o‘quvchilarda zamonaviy texnolo­giyalarga oid bilimlarga asoslangan amaliy salohiyatni shakllantirish g‘oyasidan iborat.

X. Djurayevniig ilmiy-amaliy faoliyatida 2000–2017 yillar alohida o‘rin tutadi, mazkur yillarda u O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, O‘zPFITI direktori va turli innovatsion ilmiy loyihalarning rahbari sifatida pedagogika sohasiga oid bebaho ilmiy ishlar va asarlar muallifi bo‘lishidan tashqari, ta’lim sohasiga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etishning ilmiy-pedagogik asoslarini ishlab chiqishga qaratilgan 12dan ortiq monografiya va ko‘p­lab ilmiy asarlar yaratdi. Ustozning so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlari natijasida 3ta darslik, 2ta elektron o‘quv qo‘llanma, 2ta elektron darslik yaratilgan. R. X. Djurayev rahbarligidagi «Umumiy o‘rta ta’limning Davlat ta’lim standartlari talabla­rini bajarish uchun lozim bo‘lgan interfaol ta’lim metodikasi, dasturiy mahsuloti va jihozlari» mavzusidagi amaliy loyiha doirasida yaratilgan «Elektron interfaol doska» IV innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va lo­yihalar respublika yarmarkasida Respublika «Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi innovatsiya loyihasi» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan. R. Djurayev «O‘quvchi­larni kasb-hunarga yo‘naltirish Konsepsiyasi» va o‘quv dasturi muallifidir.

Olim ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida keng qamrovli ishlar olib bormoqda. Xususan, Pedagogika nazariyasi va tarixi — 13.00.01. ixtisosligi bo‘yicha himoya kengashi (2004–2008) raisi sifatida yuzlab ilmiy kadrlarning doktorlik va nomzodlik va dissertatsiyasini himoya qilishlariga munosib hissa qo‘shgan. Hozirga qadar uning bevosita ilmiy rahbarligida 7ta doktorlik, 11ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qi­lingan. 10dan ortiq ilmiy izlanuvchilarga ilmiy maslahatchilik qilmoqda. 2010–2017 yillarda professor R.X.Djurayev boshchiligida fizika, matematika, informatika, kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha umumta’lim maktablari hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun 32tadan ziyod o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratildi va amaliyotga joriy etildi. Ustoz «Uzluksiz ta’­lim», «Maktab va hayot» jurnallari bosh mu­harriri hamda respublikaning qator jur­nallari tahririyati a’zosi sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarini keng targ‘ib qilmoqda.

— Ilm-ma’rifatga intilib yashagan inson albatta, xalq manfaatlariga xizmat qilish yo‘lidagi ezgu maqsadlariga erishadi. Ilm-fan, axborot va innovatsion texnologiya­lar­ning hayotimizdagi ahamiyati oshsa, turmushimiz yanada farovon bo‘ladi. Farzandlarimiz ko‘ngli ilmga oshno bo‘lsa, ha­yotimizning har bir lahzasi bunyodkorlikka, ezgulikka yo‘g‘riladi. Shunda ularni hech qanday kuch to‘g‘ri yo‘ldan adashtirolmaydi, — deya ta’kidlaydilar ustozimiz.

Ustozimizning fidoyi mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib: ko‘p­lab orden va medallar bilan mukofotlangan. Ustozimiz xalq ta’limi sohasidagi mehnatlari inobatga olinib, Pedagogika yo‘nali­shi bo‘yicha birinchi bo‘lib, davlatimiz tomonidan O‘zbekiston fanlar akademiyasi­ning haqiqiy a’zosi yuksak unvoni bilan taqdirlandi. Ustozimizni yuksak akademiklik unvoni bilan muborakbod etib, ilmiy-ijodiy faoliyatida yuksak yutuqlar va ibratli oilaviy hayotlarida xotirjamlik tilaymiz. Ha, ustozimiz R. X. Djurayev kabi o‘z soha­sining mutaxassisi, zamon bilan hamnafas olimlar xalqimiz faxridir. Ularning ilmiy izla­nishlarining samarasi esa kelajak avlod kamoloti, yurt taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etaveradi.

Mualliflar: Lobar Qoraboyeva, Dildora Madjidova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq