Raqamli diplomatiya: ishning yo‘nalishi, tahlikalar va instrumentlar
29.03.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Raqamli diplomatiya tushunchasi internet-diplomatiya, ijtimoiy tarmoqlar diplomatiyasi va Web 2.0 diplomatiyasi atamalari bilan bir qatorda qo‘llaniladi.

Uning mazmun-mohiyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, xususan, yangi media, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar hamda global tarmoq mediamaydonlaridan foydalanish nazarda tutiladi. Keyingi yillarda zamonaviy diplomatiya sohasida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, internet diplomatiya amaliyotiga yangi yo‘nalishlarni taqdim etdi, endilikda bu sohada ham jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikda ommaviy axborot vositalaridan keng foydalanilmoqda. Xususan, Internet o‘z fikrini ifoda etishda asosiy platformaga aylandi.

Raqamli (elektron) diplomatiya (ingl. digitaldiplomacy, e-diplomacy) tushunchasi — diplomatik vazifalarni hal etish uchun internet tarmog‘i va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) imkoniyatlaridan foydalanishni anglatadi. Raqamli diplomatiya doirasida yangi media, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar hamda global tarmoqlardagi shunga o‘xshash mediamaydonlar imkoniyatlaridan foydalaniladi.

Raqamli diplomatiyaning falsafiy asoslari 2009–2011-yillarda AQSh Davlat departamentining siyosiy rejalashtirish bo‘yicha direktori lavozimida ishlagan Enn-Meri Sloter ishlarida bayon etilgan. Uning fikricha, yo‘lga qo‘yilgan va tarmoqlangan axborot kanallari hamda kommunikatsiyalarga ega davlatlar global kun tartibini aniqlashga qodir.

Keyingi yillarda jahonning qator davlatlarida raqamli diplomatiya imkoniyatlaridan faol foydalanilmoqda. Masalan, Britaniya tashqi ishlar va hamkorlik ishlari vazirligida Raqamli diplomatiya byurosi mavjud bo‘lib, tashqi siyosiy kun tartibini olib borishda faol ishtirok etmoqda. Rossiya davlat organlari ham bu sohada internetdan foydalanish doirasini kengaytirmoqdalar. Xususn, 2002-yilda Rossiya Prezidentining birinchi sayti, 2008-yilda — prezident videoblogi yo‘lga qo‘yilgan, 2010-yildan boshlab esa Twitter mikroblogida akkaunt olib borilmoqda. Hozirgi kunda barcha federal vazirliklar, tashkilotlar va boshqa davlat organlari o‘z shaxsiy saytlariga ega. RF tashqi ishlar vazirligi barcha xohlovchilarga Facebook va Twitter maydonlari orqali tashqi siyosatning dolzarb hodisalarini kuzatib borish imkonini yaratgan. «Tviplomatiya» (Twiplomacy) raqamli diploma­tiyaning tarkibiy qismi hisoblanib, elektron diplomatiyaning boshqa amaliy instumentlari va usullari bilan birgalikda qo‘llaniladi.

Raqamli diplomatiyaning qo‘llanilish doirasida: mamlakatning boshqa qatnashchilar bilan o‘zaro aloqa doirasida davlatning milliy manfaatlarini amalga oshirish, raqiblarni diskreditatsiyalash yoki ittifoqchilar bilan munosabatlarni yaxshilash ishlari olib boriladi. Ommaviy diplomatiyani amalga oshirish uchun elektron resurslardan foydalanishning samaradorligini alohida ta’kidlash zarur, onlayn-auditoriya bilan aloqalarni o‘rnatishda va kommunikatsiya­ning yangi instrumentlarini shakllantirishda raqamli diplomatiya maqsadli auditoriyaga aniq xabarlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishni ta’minlashi, shuningdek, nufuzli opinion-meykerlarni hamkorlikka jalb qilishi mumkin.

Elektron diplomatiya va axborotni boshqarishning o‘zaro aloqasi tushunchasi — to‘plangan bilim va tajriba bilan: siyosiy prognozlar va strategik rejalashtirishda muvaffaqiyatli qo‘llanishi mumkin bo‘lgan katta hajmdagi axborotni akkumulyatsiyalash hamda tahlil qilishni anglatadi. Raqamli diplomatiya instrumentlari konsullik faoliyatida ham: viza hujjatlarini tayyorlash va qayta ishlash, chet eldagi fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda qo‘llaniladi. Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar paydo bo‘lgan holatlarda: chet elda davlat elchi­xonasi bilan shoshilinch aloqani amalga oshirishda AKT imkoniyatlaridan foydalanish samarali ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, raqamli diplomatiyaning xalqaro amali­yotda ahamiyati katta. Hozirgi davrda bir qator davlatlarda raqamli diplomatiya imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda, boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham raqamli diplomatiya imkoniyatlaridan foydala­nishga o‘tib borilmoqda. Diplomatik doiradagi masalalarni hal etishda bunday tarmoq platformalari imkoniyatlaridan foydalanish mamlakatga diplomatik masalalarni hal etish samaradorligini oshirish va ularga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.

Mualliflar: Saida Beknazarova, t.f.d, dotsent, Azizbek Mahmudjonov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU qoshidagi akademik litsey talabasi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq