Mark Rochman: O‘zbekiston AT-bozorida o‘z o‘rnini topishi kerak
16.03.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

O‘zbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud, biroq mamlakat o‘z o‘rnini topishi kerak. Bu haqda “Openbucks”ning asoschisi va prezidenti Mark Rochman ma’lum qildi.

Mark Rochman 2018-yil 14-mart kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari va professorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi va Kremniy vodiysidagi ish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv davomida Rochman shunday dedi: “Mendagi bitta yomon xabar shundan iboratki, O‘zbekiston bozori yetarlicha katta emas. Yaxshi yangilik shundaki, O‘zbekiston yirik mintaqaning markazida turibdi va siz ushbu bozorni qamrab olishingiz mumkin”.

Shu bilan birga, u mamlakat o‘z o‘rnini topishi kerakligini ta’kidladi. Misol uchun, Isroil kiberxavfsizlik sohasida, Janubiy Koreya esa kompyuter o‘yinlari sohasida yetakchi davlatlardir. O‘zbekiston ham ushbu sohada o‘zining kuchli tomonini topishi va bu yo‘nalishda yechimlarni ishlab chiqarishi kerak.

U O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi rivojlanib borayotgani va yoshlar katta imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidladi. “Openbucks” rahbari O‘zbekiston yoshlari chet elda emas, balki mamlakat ravnaqi uchun ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Rochmanning fikricha, yoshlar pulning ortidan quvmasliklari kerak. U katta kompaniyalar katta pul taklif qilishini ta’kidladi, ammo kichik kompaniyalarda ular o‘z bilimlarini oshirib, ko‘proq bilimga ega bo‘lishlari mumkinligini qayd etdi.

Uchrashuv davomida u talabalarga o‘z tavsiyalarini berdi. Yoshlar albata ingliz tilini bilishlari va mavjud muammolarga yechim topishlari kerak. Agar loyihangiz bir muammoni hal qilsa, u muvaffaqiyatli bo‘ladi, dedi Rochman. Bozorda ko‘plab qiziqarli fikrlar mavjud, ammo ularning ko‘pchiligi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, chunki mazkur loyihalar odamlarga muammolarni hal qilishda yordam bermaydi.

U O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlardagi mavjud muammolarni o‘rganishni maslahat berdi va innovatsiyalar asosida ushbu muammolarni hal qilishni taklif etdi.

Shuningdek, odatda tadbirkorlar doim o‘z o‘g‘liga boshqalarga nisbatan yaxshiroq bo‘lishi zarurligini uqtirishini eslatdi. “Men ham sizlarga shuni aytmoqchiman, agar siz boshqalardan yaxshiroq bo‘lmasangiz, sizning o‘rningiz o‘zgalar tomonidan, masalan, Hindiston yoki Xitoy mutaxassislari tomonidan egallab olinadi”, — dedi u.
Uchrashuv yakunida “Openbucks”ning asoschisi va prezidenti Mark Rochman IUT talabalari va professor-o‘qituvchilari savollariga javob berdi.

“Openbucks” rahbari AKT vazirligi hamda BMTTDning “Samarali Davlat Boshqaruvini rivojlantirish va Raqamli Transformatsiyaga ko‘mak” qo‘shma loyihasi orqali taklif qilindi.

2010-yilda asos solingan “Openbucks” kompaniyasi elektron tijorat sohasida innovatsion xizmatlarni taqdim etadi. Kompaniya to‘lovlarni internet orqali amalga oshirishga yordam beruvchi xizmatni taqdim etadi. Xizmat kredit kartani akkaunt bilan uyg‘unlashtirish hamda maxsus kod yordamida tovarlar uchun to‘lovni amalga oshirishni taklif qiladi.

IUT va AQShning “Openbucks” korporatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi 2017-yilning sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga qilgan davlat tashrifi vaqtida imzolangan edi.
Imzolangan memorandum doirasida, IUT va “Openbucks” AT-ta’lim sohasida hamkorlik qiladilar. Xususan, tomonlar “Kremniy vodiysi”dagi turli kompaniya vakillari ishtirokida “Silicon Valley Talks” tadbirini o‘tkazmoqdalar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq