“Openbucks” kompaniyasi rahbari IUT ga tashrif buyurdi
14.03.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

“Openbucks” kompaniyasi asoschisi va prezidenti Mark Rochman Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ga tashrif buyurdi.

Mark Rochmanning O‘zbekistonga tashrif buyurishidan asosiy maqsadi AKTdan foydalanishga asoslangan holda iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish va faol rivojlantirish sharoitlari, jumladan, yaqinda tashkil etilgan Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazining faoliyati bilan tanishishdir. Shuningdek, u O‘zbekistondagi AT-bozorni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflari bilan o‘rtoqlashadi.

“Openbucks” rahbari AKT vazirligi hamda BMTTDning «Samarali Davlat Boshqaruvini rivojlantirish va Raqamli Transformatsiyaga ko‘mak» qo‘shma loyihasi orqali taklif qilindi.

IUT rektori Sarvar Babaxodjayev mehmonni qutladi hamda axborot texnologiyalari va logistika bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekistondagi eng yosh universitetlardan birining faoliyati hamda oliy ta’lim muassasasini rivojlantirish rejalari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Uchrashuv davomida tomonlar “Silicon Valley Talks” qo‘shma loyihasi bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va “Kremniy vodiysi” tajribasini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

Mark Rochman O‘zbekistondagi eng yosh universitetlardan birida talabalar va o‘qituvchi-professorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.

Ma’lumot uchun:

2010-yilda asos solingan “Openbucks” kompaniyasi elektron tijorat sohasida innovatsion xizmatlarni taqdim etadi. Kompaniya to‘lovlarni internet orqali amalga oshirishga yordam beruvchi xizmatni taqdim etadi. Xizmat kredit kartani akkaunt bilan uyg‘unlashtirish hamda maxsus kod yordamida tovarlar uchun to‘lovni amalga oshirishni taklif qiladi.

IUT va AQShning “Openbucks” korporatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi 2017-yilning sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga qilgan davlat tashrifi vaqtida imzolangan edi.
Imzolangan memorandum doirasida IUT va “Openbucks” AT-ta’lim sohasida hamkorlik qilishadi. Xususan, tomonlar “Kremniy vodiysi”dagi turli kompaniya vakillari ishtirokida “Silicon Valley Talks” tadbirini o‘tkazishmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq