IUT va “Google” AT-mutaxassislarini tayyorlash masalalarini muhokama qildi
12.03.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) va “Google” korporatsiyasi tomonidan qo‘shma o‘quv dasturlari va startaplarni qo‘llab-quvvatlash orqali AT-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

IUT rektori Sarvar Babaxodjayev “Google”ning Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyodagi ishlab chiquvchilari bilan ishlash bo‘yicha rahbari Barish Yesugey bilan muzokaralar o‘tkazdi.

2018-yil 11-mart kuni Barish Esugey Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurdi hamda “Women Techmakers 2018 International Women’s Day Celebration (IWD)” tadbirida ishtirok etdi. “Women Techmakers” – bu “Google”ning brendi bo‘lib, yuqori texnologiyalar sohasidagi ayollar uchun global dastur hisoblanadi. “Women Techmakers” innovatsiyalarni rag‘batlantirish hamda ayollarni jalb etishga mo‘ljallangan resurs va hamjamiyatdir.

“Google” vakili O‘zbekistondagi eng yosh universitetlardan birida talabalar va o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.

O‘z navbatida, Barish Yesugey O‘zbekistondagi ishlab chiquvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Uning qayd etishicha, korporatsiya bo‘linmalari mintaqadagi ishlab chiqaruvchilarga, jumladan, axborot hamda texnik qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga olgan turli xil yordam ko‘rsatmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi asosiy ish “Google Developer Groups (GDG)” deb ataluvchi yo‘nalishda olib boriladi.

Ta’kidlash lozimki, taxminan ikki hafta oldin “GDG Tashkent” guruhi tuzilgan edi. Mazkur hamjamiyatning tashkil etilishiga Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari tashabbus ko‘rsatishdi. Ushbu guruh O‘zbekistonda AT ta’lim va “Google”ning yechimlarini rivojlantirish uchun qator tadbirlarni amalga oshiradi. Barish Yesugey o‘zi va uning jamoasi “GDG Tashkent” faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi to‘g‘risida gapirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar “Google I/O”, “Women Techmakers”, “DevFest”, “Google Launchpad Accelerator” va shu kabi turli xil tadbirlarni o‘tkazish orqali AT sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash hamda qizlarni AT-sohasiga jalb etish masalalarini muhokama qildilar.

Tomonlar ishchi tartibda hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha muhokamalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Barish Yesugey Toshkent shahridagi Inha universitetining o‘quv binolari bilan tanishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq