Siemens O’zbekistonda «xavfsiz shahar» qurish kontseptsiyasini taqdim qildi
28.02.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori asosida «Xavfsiz shahar» loyihasini tashkil etish va rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlangan. Uning asosida mamlakatimizda xavf-xatarlarni, favqulodda vaziyatlarni, hodisalarni bartaraf etish bo’yicha chora-tadbirlarni kompleks boshqarish tizimini yaratish ko’zda tutilgan.

Shu kunlarda jahon IT-sanoatining yirik ishlab chiqaruvchilari O’zbekistonda “xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish istagini bildirmoqdalar va mamlakatimizda axborot texnologiyalari kompaniyalariga yaratilgan qulay imkoniyatlardan foydalangan holda bu yo’nalishda innovatsion g’oyalarni amalga oshirish bo’yicha kontseptsiyalarini taqdim qilmoqdalar. Ular orasida Germaniyaning Siemens kontserni ham bor.

2018 yilning 28 fevralida «Aloqa tarixi» muzeyida «Xavfsiz shahar» kontseptsiyasini amalga oshirishda Siemens xalqaro kontsernining tajribasiga bag’ishlangan seminar bo’lib o’tdi. Seminarni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxajaev hamda Germaniya Federativ Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld kirish so’zi bilan ochib berdilar.

Tadbirda “xavfsiz shahar” tendentsiyasining aholi hayoti va faoliyatini tabiiy, texnogen, ijtimoiy-biologik, ekologik, jinoiy va boshqa barcha tashqi tahdidlardan muhofaza qilishdagi o’rni hamda uy-joy kommunal xo’jaligi va boshqa ijtimoiy obyektlarni yagona axborot makoniga birlashtirishning afzalliklari ta’kidlandi.

Siemens ilgari surayotgan sanoat, energetika, sog’liqni saqlash sohalarida AKTni joriy qilish, transport logistikasi va avtomobillar harakatini “aqlli” boshqarish, yong’in xavfsizligini ta’minlash hamda elektr tarmoqlarida «aqlli tarmoqlar» (Smart-Grid) texnologiyasidan foydalanish shahar infratuzilmasini rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish, raqobatbardoshlikni oshirish hamda barqaror taraqqiyotga xizmat qilishi qayd etildi.

Eslatib o’tamiz, O’zbekistonda “xavfsiz shahar” loyihasini yaratishda xalqaro hamkorlarni aniqlash bo’yicha tender tanlovlari davom etmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq