O‘zbekiston internet-foydalanuvchilarining eng ommaviy servislari, ilovalari va telefonlari
23.01.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

«Intarget.uz» kompaniyasi «Milliy marketing markazi» assotsiatsiyasi bilan hamkorlik doirasida O‘zbekiston internet-statistikasi maxsus sonini chiqardi. Unda foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarga qancha kirgani, eng ommalashgan mobil ilovalar top-ro‘yxatlari va boshqa muhim ma’lumotlar keltirildi.

O‘znetning eng ommalashgan 10ta sayti ro‘yxatida, Milliy qidiruv tizimi (www.uz) talqini bo‘yicha, 2018-yilning 15-yanvar holatida sutkasiga 330 ming tashrif kuzatilgan www.daryo.uz yangiliklar sayti yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda yana bir yangiliklar sayti — www.kun.uz, uchinchi o‘rinni esa sport yangiliklarini yorituvchi www.stadion.uz sayti band etgan.

O‘zbekistonlik internet-foydalanuvchilar orasida «Odnoklassniki», «Facebook» hamda «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlari juda ommalashgan. Misol uchun, ikki million foydalanuvchi «Odnoklassniki»ga muntazam kirib turadi, «Facebook» auditoriyasi esa «Instagram» bilan birgalikda 1 mln. 600 mingdan oshadi.

«Google» O‘zbekistondagi eng ommalashgan qidiruv tizimi hisoblanadi. Uning xizmatlariga internet-foydalanuvchilarning 76 foizi, «Yandeks»ga esa 19 foizi murojaat qilyapti.

«Telegram» O‘zbekistondagi eng urf bo‘lgan messenjer, mamlakatimizdagi telegram-kanallar orasida har biri 217 mingdan ortiq a’zo to‘plagan «Prikol» va «kun.uz» yetakchi sanaladi.

Eng ko‘p ishlatilayotgan internet-brauzer – «Chrome» bozorda 55 foiz ulushga ega, ikkinchi o‘rindagi «Safari» 15 foizlik ulushga ega.

Mobil internetdan foydalanuvchilarning qurilmalariga eng ko‘p o‘rnatilgan amaliy tizim «Android» (58 foiz) hisoblanadi, ajablanarli jihati, ikkinchi o‘rinda –bozorning 14 foizini ishg‘ol etgan «Simbian OS», bu borada «iOS» (10 foiz) uchinchi o‘rinda.

O‘zbekiston mobil internet foydalanuvchilarining qaysi rusumdagi telefonlardan foydalanayotganlari ham qiziq.

Bu jabhada «Samsung» (42 foiz) telefonlari yetakchi, ikkinchi o‘rinda «boshqa» vendorlar (19,8 foiz), uchinchi o‘rinni esa, yana bir kutilmagan holat, bozordagi 16,44 foiz ulushi bilan «Nokia» telefonlari band etgan. Bu bozorlarimizda «Apple» (10,28 foiz), «Xiaomi» (3,68 foiz) yoki LG (3,22 foiz) kabi dunyo tan olgan brendlar emas, balki «Nokia»ning tugmali telefonlari xaridorgir ekanini anglatadi. «Huawei» telefonlari ommaviyligi yil davomida (2016-yil dekabr — 2017-yil dekabr) deyarli ikki karra oshsa-da, biroq ularning mamlakatimiz bozoridagi ulushi bor-yo‘g‘i 2,16 foizni tashkil etmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq