Multimedia markazi o‘z faoliyatini boshladi
09.01.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 8-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Markazni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi “Prokuratura organlarining axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan.
Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakat siyosiy-huquqiy hayotida ro‘y berayotgan hodisalar, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati hamda qonun buzilishlarining oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida davlat organlari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida aholini xabardor etish, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida tarqatilayotgan haqiqatga mos kelmaydigan axborotlarga tеzkorlik bilan va xolisona munosabat bildirishdan iborat.

Ta’kidlanganidek, ushbu qadam prokuratura organlarining barcha ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlari va fuqarolar uchun ochiqligidan dalolat beradi.

Markazning faoliyati zamonaviy texnologiyalar va kreativ yondashuvlardan foydalangan holda, axborot-tahliliy media materiallar, shu jumladan, audio va videoroliklar, tele va radio ko‘rsatuvlar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlarni tayyorlash hamda efirga, matbuotga, shuningdek, Internet tarmog‘iga uzatishga qaratilgan.

Markaz nafaqat prokuratura, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va idoralar faoliyatini yoritib boradi.
Markaz o‘z faoliyatida asosiy e’tiborni mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qabul qilingan Farmon va Qarorlarning mazmun-mohiyatini, infografika va maxsus audio vizual effektlardan foydalangan holda yoritishga qaratadi.

Alohida e’tibor media va ijtimoiy tarmoqlardagi axborot oqimini tahlil qilishga hamda asoslantirilmagan, buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi ma’lumotlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish va auditoriyaga haqqoniy va xolis axborot yetkazib berishga qaratiladi. Natijada aholi orasidagi turli noaniqliklarga chek qo‘yish, noto‘g‘ri axborotga tegishli munosabat bildirish imkoni yaratiladi.

Shu bilan birga, Markazda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati to‘g‘risida hujjatli-publitsistik filmlar ham yaratiladi.

Axborot-tahliliy va obzorli media materiallarni tezkorlik bilan tayyorlash maqsadida Markaz vazirlik va idoralarning axborot xizmatlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, tele va radio kanallar, internet saytlari, gazeta va jurnallar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi.

Markaz ochilishi marosimi doirasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Xalqaro press-klub va “O‘zbekkino” milliy agentligi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Manba

Foto UzA

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq