Shaxsni internet tarmog‘idagi nosog‘lom axborotlardan asrashga qaratilgan xorijiy va milliy huquqiy mexanizmlar
29.12.2017
Rukn: Internet.
Muallif: Qurbon Rahmanov, Laziz Bo‘ranov.

Sir emas, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) jadal rivojlanayotganligi ortidan Internet jahon axborot tarmog‘ida foydali ma’lumotlar bilan bir qatorda tarqatilayotgan vayronkor-buzg‘unchi (diniy ekstremizm, terrorizm, shafqatsizlik, ma’lum bir davlatning konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi qaratilgan) va axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan (hayosiz, pornografik) axborotlar, ayniqsa, yosh Internet foydalanuvchilarini ijtimoiy ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Internet tarmog‘ida tarqatilayotgan vayronkor-buzg‘unchi va axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlardan foydalanuvchilarni asrash borasida xalqaro miqyosda qanday harakatlar amalga oshirilmoqda? Respublikamizda ushbu yo‘nalishda qanday huquqiy mexanizmlar mavjud? Bu savollarga javob topish istagida bo‘lganlar soni juda ko‘plab odamlarni tashkil etishiga shubha yo‘q. Bugungi kunda Internet tarmog‘i orqali salbiy informatsion ta’sir o‘tkazish kabi ilgari kuzatilmagan virtual xavf-xatarlar tobora avj olayotgani barchamizga ma’lum. Bu xatarlardan, ayniqsa, yoshlarni asrash borasida dunyo ahli unga qarshi kurashishning ijtimoiy-iqtisodiy yo‘llarini yanada kuchaytirish ustida bosh qotirmoqda. Internetdan foydalanish madaniyatini joriy etadigan hamda bolalarga psixologik, ma’naviy hamda jismoniy zarar yetkazmaydigan ochiq va xavfsiz axborot makonini yaratish bo‘yicha ko‘hna qit’ada o‘ziga xos izlanishlar boshlab yuborilganiga bir necha yil bo‘lgan. Xalqaro amaliyotda «Bola huquqlari to‘g‘risida» BMT Konvensiyasi, «Kiberjinoyatlar to‘g‘risida» Konvensiya, shuningdek, 2001-yildagi Budapesht Konvensiyasi ham aynan Internet xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuzilgan edi. O‘z atrofiga bir necha davlatni birlashtirgan mazkur Konvensiyalar global muammoga qarshi xalqaro qonunchilikni takomillashtirish va yagona Internet xavfsizligi makonini yaratish bo‘yicha faoliyat olib boradi. «Voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz Internet va onlayn resurslarni joriy qilish to‘g‘risida»gi Yevropa Ittifoqi Parlamenti assambleyasining tavsiyalari ham Internet xavfsizligi va Internet-madaniyatini rivojlantirishdagi muhim omillardan biri hisoblanadi. Umuman, Yevropa Ittifoqi tomonidan bu borada 6 ta qonun hujjati qabul qilingan va «Xavfsiz Internet» dasturi ishlab chiqilgan.

Buyuk Britaniyada qabul qilingan «O‘zini tutish kodeksi»da fuqarolarning jamiyatda, shu bilan birga, Internet tarmog‘ida odob-axloq me’yorlariga rioya qilishlari haqida talablar belgilab qo‘yilgan. Rossiyada esa, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati zimmasiga aholi o‘rtasida, ayniqsa, yoshlarga mamlakat milliy resurslariga nisbatan kiberhujumni aniqlash, ogohlantirish va bartaraf etish maqsadida davlat tizimini joriy qilish vazifasi yuklatilgan. Hukumat tomonidan qabul qilingan «Bolalar sog‘lig‘i va rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi axborotdan himoyalash to‘g‘risida»gi Rossiya Federatsiyasining qonunlarini tilga olish mumkin.

2012-yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, telekommunikatsiyalar sohasidagi vakolatli organ davlat va jamiyati, voyaga yetmaganlar hayoti va boshqa zararli kontentga ega bo‘lgan saytlarni Rossiya Federatsiyasi hududida sud qarorisiz, ayrim holatlarda sud qarori bilan taqiqlab qo‘yish choralarini ko‘rmoqda. Shuningdek, turli axborotlar xurujiga qarshi kurashish, Internet xavfsizligining oldini olish va Internet-madaniyatni takomillashtirish maqsadida «Xavfsiz Internet markazi» tashkil etilgan. Rossiyada Internet xavfsizligini mustahkamlash, joriy kunlarda Internet-madaniyatini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishni kuchaytirish, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish maqsadida bir necha yillardan beri an’anaviy ravishda, «Xavfsiz Internet haftaligi» tashkil etilganligi ham ahamiyatga molik hodisalardandir.

Litvada qabul qilingan «Voyaga yetmaganlarni ommaviy axborotning salbiy ta’siridan himoyalash to‘g‘risida» va Germaniyadagi «Yoshlarni himoyalash to‘g‘risida»gi qonunlarga muvofiq, yoshlarni Intertnet tarmog‘idagi turli salbiy mazmundagi axborotlardan himoyalash va ular orasida Internet-madaniyatni targ‘ib etish kabi vazifalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonun hujjatlarida fuqarolarni nomaqbul axborotlardan himoyalashga qaratilgan qat’iy talablar mustahkamlab qo‘yilgan. Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega ekanligi, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish harakatiga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan. Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish harakatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 130-moddasida javobgarliklar belgilangan. Zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 189-1-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 130-1-moddasi talablariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, respublikamizning bir qator qonunlarida fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarni nosog‘lom axborotlardan asrashga doir talablar mavjud. Jumladan, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasi talablariga ko‘ra, axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. Shuningdek, mazkur Qonunning 14-moddasi talablariga ko‘ra, qonunga xilof ravishda, ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘yilmaydi. «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasi talablariga ko‘ra, pornografiya, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘luvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish hamda filmlarni namoyish etish taqiqlanadi.

«Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish — yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida keltirilgan. Ayni paytda, shuni ham ta’kidlash joizki, yuqoridagi qonun hujjatlarida ko‘rsatib o‘tilgan barcha talablar Internet tarmog‘ida axborotlar tarqatilishiga ham birdek taalluqlidir.

Bundan tashqari, 2014-yil 4-sentabrda «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga blogerlar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi, ya’ni mazkur Qonunning 3-moddasida «bloger» atamasiga izoh berilgan bo‘lsa, 12-1-moddasida blogerga qo‘yiladigan talablar belgilandi. Qonunning 12-1-moddasi talablariga muvofiq, veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish; urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shu-ningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish; davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish; milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish; giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish; pornografiyani targ‘ib qilish; qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart ekanligi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi 1989-sonli Qarori va Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-sentabrdagi 250-sonli Qaroriga muvofiq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-avgustdagi 3245-sonli Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-oktabrdagi 838-sonli qaroriga asosan ushbu Markaz negizida Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning zimmasiga boshqa vazifalar qatorida Internet tarmog‘i milliy segmentining axborot xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida Internetdan foydalanish madaniyatini targ‘ib etish vazifasi yuklatilgan.

2016-yilda Axborot xavfsizligi markazi tomonidan o‘zbek va rus tillarida «Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma» ishlab chiqilgan. Ushbu qo‘llanma voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda bolalarni Internet tarmog‘idagi xavf-xatarlardan asrash va ularning axborot xavfsizligi me’yorlariga rioya qilishlari bo‘yicha tavsiyalar mavjud. Jumladan, qo‘llanmada voyaga yetmaganlar 3 toifaga (7 yoshdan 10 yoshgacha, 10 yoshdan 13 yoshgacha, 13 yoshdan 16 yoshgacha) bo‘lingan holda, ularga va ularning ota-onalariga bir-biridan alohida tarzda takliflar va tavsiyalar berilgan. Dunyo bo‘ylab yuqoridagi kabi Internet foydalanuvchilarini virtual tarmoqdagi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi va ijro etilishi hamda ushbu yo‘nalishdagi tuzilmalarning samarali faoliyat yuritishi, shu bilan birga, agressiv axborotlardan jamoat manfaatlarini, fuqarolarni, xususan, yosh avlodni himoyalashga qaratilgan hukumatlar o‘rtasida kelishuvlarga erishish va ularni hayotga izchillik bilan tatbiq etish global masshtabda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Manba:
Qurbon Rahmanov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining “Boshqaruvda AKT” kafedrasi mudiri,
Laziz Bo‘ranov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining 2-kurs tinglovchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq