Elektron tijoratda xatarlar
29.12.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zafar Abdullayev, Azizbek Mahmudjono.

Kompyuter tarmoqlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish o‘tgan asrning ikkinchi yarmida, elektron hisoblash kompyuterlari paydo bo‘lgandan so‘ng rivojlana boshlagan. Tarmoqqa birlashtirilgan kompyuterlar yordamida ma’lumotlarni uzatishning qulayligi Shimoliy Amerika transport kompaniyalari tomonidan reyslarni tayyorlash va chiptalarni sotish jarayonida yuqori baholangan. Natijada aviatsiya, temir yo‘l va yo‘l-transportlari sohasida yagona elektron axborot almashinuvi standarti (Electronic Data Interchange (EDI)) paydo bo‘ldi.

Elektron tijoratda texnologiyalardan foydalanish sohasida keyingi muhim qadam moliya institutlari tomonlaridan keng ko‘lamli universal to‘lov vositalarini — kredit kartalarini muomalaga joriy etish bo‘lib hisoblanadi. Kredit kartalar moliyaviy va hisob-kitob operatsiyalarini avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan va ularning asosida Banklararo Karta Uyushmalari (BKU) paydo bo‘lgan va yakka tartibdagi a’zolari ham oxir-oqibat global ko‘lamda qamrab olingan. Shimoliy Amerika kompaniyalari turli elektron o‘zaro ta’sir va nazorat qilish texnologiyalari muvaffaqiyatli joriy qilingandan so‘ng mazmun-mohiyatida: ta’minot, ishlab chiqarish, savdo, to‘lovlarni amalga oshirish kabi iqtisodiy-moliyaviy amallarni birlashtiruvchi va jarayonlarni avtomatlashtirish orqali boshqarish hamda axborotlarni uzatish davom ettirilishi nazarda tutiladigan e-Tijorat (Elektron tijorat — electronic commerce) atamasi paydo bo‘ldi.

Elektron tijorat konsepsiyasining bir qator ta’riflari mavjud, jumladan, elektron biznes (electronic business) tushunchasi — Internet-texnologiyalardan foydalangan holda asosiy biznes-jarayonlarini o‘zgartirishni anglatadi. Masofaviy to‘lovlarni amalga oshirish uchun alohida tizimlar va usullar mavjud bo‘lib, ular orqali masofadan turib, xarid qilish uchun onlayn-to‘lovni amalga oshirish mumkin. Bu esa elektron tijorat infratuzilmasining yangi ishbilarmonlik muhiti sifatida ta’minlaydi.

Elektron tijorat sohasining rivojida, tijorat jarayonlarini amalga oshirishda o‘z-o‘zidan xatar tushunchasi ham paydo bo‘ldi. «Xatar (risk, xavf)» tushunchasini quyidagicha ta’riflash mumkin: Risk — bu zarar ko‘rish yoki manfaatni qo‘ldan chiqarish bilan bog‘liq ehtimollar, resurslarni yo‘qotish ehtimoli yoki tadbirkorlik faoliyatida resurslardan samarali foydalanish bilan taqqoslaganda yo‘qolishi, yoki daromad kamomadiga zarar ko‘rish bilan belgilangan. Boshqacha aytganda, xatar bu tadbirkorlik subyekti qo‘shimcha xarajatlar ko‘rinishida yo‘qotish yoki daromadlarni kutilganidan kam bo‘ladigan xavf deb hisoblanadi.

Elektron tijoratda xatarlarning kelib chiqish xususiyatlari turli tuzilmalarda axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq, e-tijorat texnologiyalar yordamida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan operatsiyalar bajarilayotgan davrda tahdid beixtiyor yoki maxsus yaratilishi mumkin. Shuning uchun elektron tijorat xavfini tavsiflashdan oldin «xavf» va «tahdid» tushunchalarini ajratib olish lozim. Tahdid tushunchasi mazmunida axborot texnologiyalari vositalari va mexanizmlarini qo‘llash orqali moddiy va boshqa qadriyatlarga zarar yetkazish niyatini tushunamiz. Xavf tushunchasi esa har qanday ehtimollik darajasida, moddiy yoki boshqa yo‘qotishlarga olib keladigan tijorat operatsiyalari sharoitlari va natijalarini anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z iqtisodiyotini muvozanatli rivojlantirish, tarkibiy tuzilishini modernizatsiya qilish, asosiy sanoatning yuqori raqobatbardoshligiga erishish uchun intilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan strategik maqsad — fuqarolik jamiyatini shakllantirish va ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini yaratish — ushbu vazifalarni izchil hal etish orqali amalga oshiriladi. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining davom etayotgan ta’siri nuqtai nazaridan, iqtisodiyotning real sektordagi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji mavjud. Respublikada bu yo‘nalishda bir qator chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xorijiy sheriklar bilan barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mahalliy mahsulotlar uchun ichki talabni rag‘batlantirish uchun tegishli moliyaviy va tashkiliy sharoitlarni yaratishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston izchil va bosqichma-bosqich bozor tizimiga o‘tmoqda. Milliy tadbirkorlikning an’analari tiklanmoqda, bozor institutlari shakllanmoqda va faol rivojlanmoqda. Barqaror rivojlanish strategiyasini amalga oshirish va shu tariqa, respublikamizning iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirish eng muhim omili kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda buning asosida haqiqiy mulkdorlar sinfini shakllantirish hisoblanadi.

Tashqi tahdidlar: viruslar va zararli dasturlar, xaker hujumlari, turli uzatish aloqa vositalaridan foydalanish bilan firibgarlik, intellektual mulkni qo‘lga kiritish tahdidi (kiberskvoting) kabilarni o‘z ichiga oladi. Ichki tahdidlar: sabotaj, ma’lumotlarni o‘g‘irlash, xodimlarning beparvoligidan iborat bo‘lishi mumkin. Axborot xavfsizligining buzilishi bilan bog‘liq zararlarning taxminan 80 foizi shu tarzdagi maxfiy axborotning oqibati bilan bog‘liq.

Bunday sharoitda, elektron tijorat xatarlarni boshqarish ostida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun elektron tijorat usullari yordamida moddiy va boshqa yo‘qotishlarning oldini olish yoki kamaytirishni inobatga olgan holda, maksimal foyda olish maqsadida qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadli faoliyati deb tushuniladi. Elektron tijorat bilan bog‘liq ravishda xavfsizlik ta’rifini quyidagicha ifodalanishi mumkin. Elektron tijoratning xavfsizligi — bu elektron va tijorat texnologiyalaridan foydalangan holda tijorat operatsiyalari (tranzaksiyalar, bitimlar) ni amalga oshiradigan munosabatlar subyektlari manfaatlarini va boshqa zarar ko‘rsatuvchi tahdidlaridan himoya qilishdir.

Xulosa qilib aytganda, jamiyatimizning barcha sohalariga zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilishi istiqbolda ko‘zlagan yuksak maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir soha faoliyatida Internet tarmog‘idan foydalanish ish unumdorligini oshiradi. Shu nuqtai nazardan, axborot xavfsizligini, ayniqsa, elektron tijorat sohasining xavfsizligini ta’minlash dolzarb masala bo‘lib hisoblanadi.

Manba:
Zafar Abdullayev, NamDU o‘qituvchisi,
Azizbek Mahmudjonov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU
qoshidagi akademik litsey o‘qituvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq