«Elektron hukumat» — xalq uchun xizmatda
29.12.2017
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

Xalq manfaatlari yo‘lida
Bugun «Elektron hukumat» degan tushuncha kundalik turmushimizdan chuqur o‘rin egallamoqda. Garchi respublikamiz barcha aholisi bu haqda to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasa ham, vaqt o‘tishi bilan ushbu tizim jamiyat hayotining butun jabhasini qamrab olishini dunyo tajribasi ko‘rsatayapti.

Ma’lumki, ayni paytga kelib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi mamlakatimizda «elektron hukumat» tizimining muhim elementlaridan biriga aylandi. Davlat rahbari qabulxonasining faoliyati jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat idoralariga yo‘llangan murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy va huquqiy tahlillar asosida aholi tomonidan ko‘tarilgan masala hamda murojaatlarga yechim topish maqsadida tashkil qilingan edi. Joriy yilda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» davlat dasturi doirasida Uzmobile milliy mobil aloqa operatori Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda Uzmobile abonentlariga internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali (gov.uz), shuningdek, barcha davlat organlarining saytlaridan bepul ulanish imkoniyatini yaratdi (http://uzmobile.uz/uz/services/gsm/communication).

Tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur yilning aprel oyida «Litsenziya» axborot tizimlari kompleksi ishga tushirildi. Loyiha doirasida Elektron litsenziyalash portali yaratilib, Internet tarmog‘idagi license.gov.uz manzilida ishga tushirilgan. Hozirgi kunda portal orqali 40 ta faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar olish uchun elektron shaklda ariza topshirish, arizani ko‘rib chiqish holatlarini kuzatib borish, litsenziyalash va ruxsatnomalar berish jarayonlarini avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan.

Yagona portalni takomillashtirish xususida
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali fuqarolar uchun davlat idoralariga murojaat qilishda ommabop resursga aylandi. Elektron davlat xizmatlaridan foydalanishda murojaatchilar imkoniyatlarini kengaytirish va qulay sharoit yaratish maqsadida, ishga tushirilgan Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali — my.gov.uz doirasida 300 dan ortiq elektron davlat xizmati ishlab chiqilgan va joriy qilingan. Portal ishga tushgan kundan boshlab 1 mln. 700 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.

Mavjud platformani takomillashtirish maqsadida joriy yilning may oyida Portalning yangi talqini Internet tarmog‘ida my2.gov.uz manzili bo‘ylab test rejimida ishga tushirildi. Uning o‘ziga xos tomoni shundaki, mavjud ma’lumotlar bazasi, «Elektron hukumat» axborot tizimlari, Yagona identifikatsiya tizimi — One-ID ga (https://id.gov.uz) integratsiya qilingan. Bugungi kunda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik va yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni ko‘rish va to‘lash, soliq qarzlari, to‘langan sug‘urta badallari va shaxsiy pensiya jag‘armasi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish kabi yangi tranzaksion xizmatlar ham joriy qilingan. Bular aholiga yaratilgan katta qulaylik bo‘lib, vaqt, mablag‘larni tejash, muhimi zamonaviy hayot kechirish imkonini bermoqda. Bojxona, soliq sohalari bilan bog‘liq xizmatlar aholi va tadbirkorlik subyektlarini ko‘proq qiziqtirmoqda. Bu, avvalo, xizmatlarning qulayligi bilan, qolaversa, aholida tadbirkorlikka qiziqish yildan-yilga o‘sib borayotgani bilan bog‘liq. Ichki ishlar vazirligining «Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni olish uchun elektron ariza yuborish» xizmati ham ko‘pchilikni qiziqtiradi. Yagona portalning yangi talqinida tadbirkorlik, bojxona, ijtimoiy ta’minlash, litsenziyalash, ko‘chmas mulk, soliq, adliya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha avtomatlashtirilgan xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

«Elektron hukumat» hududlarga kirib bormoqda
Elektron hukumat xizmatlaridan foydalanish darajasini yanada oshirish maqsadida 2016–2019 yillar davomida Respublika bo‘yicha, jumladan, chekka tumanlarda ham 2 000 ta elektron hukumat infokiosklarini o‘rnatishni ko‘zda tutuvchi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 14 mln. AQSh dollari bo‘lib, shundan 10 mln. AQSh dollariga teng qismi Koreyaning Eksimbanki kredit mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Joriy yil yakuniga qadar 194 ta tumandagi «yagona oyna» markazlarida hamda 56 ta pochta bo‘linmalarida infokiosklarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Elektron hukumat infokiosklari fuqarolar va tadbirkorlarga interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish, murojaat yoki shikoyat yo‘llash, turli xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda ma’lumotnomalar olish imkonini beradi.

«Elektron hukumat» axborot resurslari haqida
Xabaringiz bor, 2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar Portali (https://data.gov.uz/uz)ishga tushirilgan. Mazkur portal «ochiq hukumat» konsepsiyasini hayotga joriy etadigan hukumat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash maqsadida hamda jamiyatning barcha qatlamlarida o‘zaro hamkorlik samaradorgini oshiradi. Bugungi kunda Ochiq ma’lumotlar portalidagi ma’lumotlar asosida bir qator ommaviy-foydali servislar yaratish imkoniyati yaratildi. Mazkur Portalda davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining ochiq ma’lumotlar to‘plamlari e’lon qilib boriladi va ma’lumotlarni yuklab olish imkoniyati ham yaratilgan.

«Elektron hukumat» markazi Davlat xizmatlarining shakllari, blankalari Yagona reyestrini shakllantirish va to‘ldirish hamda Yagona reyestrni shakllanishini muvofiqlantirish uchun mas’ul idora hisoblanadi. Hozirgi kunda Davlat xizmatlari, shakllar va blankalar Yagona reyestriga kiritish uchun 78 ta davlat organlari tomonidan 1 331 ta davlat xizmatlari bo‘yicha arizalar taqdim etilgan bo‘lib, ulardan 1 099 ta xizmatga Yagona reyestri operatori tomonidan noyob reyestr raqami taqdim etilgan va ro‘yxatga olingan. Ushbu ro‘yxatdan 428 ta xizmat elektron shaklda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlar toifasiga mansub. Yagona reyestrdagi 58 ta davlat xizmatlari litsenziya hamda 199 ta davlat xizmatlari ruxsat etuvchi xarakteridagi xizmatlar hisoblanadi.

Bugungi kunga kelib, Davlat personallashtirish markazi va «Elektron hukumat» tizimining jismoniy shaxslarning markazlashgan ma’lumotlar bazasi orasida 16 yoshdan oshgan hamda biometrik pasportga ega fuqarolar haqida ma’lumot beruvchi veb-servis tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda veb-servis 15,5 milliondan ortiq fuqaroga ma’lumot beradi. 661,9 mingdan ziyod yuridik shaxslar to‘g‘risida «Elektron hukumat» tizimining yuridik shaxslarning markazlashgan ma’lumotlar bazasida ma’lumot saqlanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarning ma’lumotlar bazasiga 68 ta veb-servislar ulangan. 2017-yilning mart oyida Davlat axborot resurslari va davlat axborot tizimlari reyestrining yangi shakli ishga tushirildi. Hozirda reestr.uz veb-sahifasidan 259 ta davlat organlari, 289 ta axborot resurslari va 539 ta axborot tizimlari ro‘yxatdan o‘tgan. 2017-yil 15-martdan IIV tomonidan yangi foto va video-fiksatsiya yordamida yo‘l harakati qoidalarining buzilishi holatlarini aniqlashga mo‘ljallangan «ADM-sinov» tizimi ishga tushirildi. 2017-yilning ikkinchi choragiga kelib, davlat xizmatlarining Yagona poptalida avtotransport onlayn jarima xizmati ishga tushirildi. Ushbu xizmat hozirda test holatida ishlamoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda avtotransport vositalarini sug‘urta polisini ham Yagona poptal orqali ko‘rish imkoni yaratildi.

IT iqtisodiyotning real sektorida…
Yana bir yo‘nalishlarimizdan biri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 1-avgustdagi «Iqtisodiyotning real sektorida 2016–2018 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2569-son qarorga asosan 30 ta aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar va yirik sanoat korxonalarida axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha 89 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Ushbu qarorda belgilangan ustuvor loyihalardan bugungi kunga qadar 24 ta loyiha turli sohalarga to‘liq joriy etildi. Mazkur qarorlar iqtisodiyotning real sektorini jadal rivoji, AKT va dasturiy mahsulotlarni keng joriy etishga asos bo‘lib, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, eksport salohiyatini oshirish, ishlab-chiqarishni modernizatsiyalash, ishlab-chiqarilgan mahsulotlar sifatini oshirish, ichki va tashqi bozorlarda mahsulotlar raqobatdoshligini oshirish, fan va texnologiyalarni rivojlantirish, xodimlarning ma-lakasini oshirishga kuchli turtki bo‘ldi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida AKTni joriy etilish holati
Markaz tomonidan joriy yilda «Davlat xizmatlariga bo‘lgan talabni baholash metodikasi» ishlab chiqildi va mazkur metodikaga asosan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining talabgorligi aniqlanadi. Baholash natijalari asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joriy etilishi belgilangan, talabgorligi yuqori davlat xizmatlari ro‘yxati shakllantiriladi. Shu bilan birga, Markaz tomonidan «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida «Ishonch telefoni» faoliyati samaradorligini baholash metodikasi» ishlab chiqildi. Ushbu metodikaga asosan, Markaz mutaxassislari tomonidan har chorakda tashkilotlarning «Ishonch telefoni» faoliyati baholanadi.

Xalqaro hamkorlarimiz…
Bugungi kunda «Elektron hukumat» markazi bevosita Janubiy Koreya, Rossiya, Bolgariya, Singapur, AQSh, Buyuk Britaniya davlatlarining axborot texnologiyalari hamda elektron hukumat sohasidagi yetuk kompaniyalari va ularning xalqaro konsultantlari bilan hamkorliklarni yo‘lga qo‘ygan. Ular ishtirokida muntazam ravishda, uchrashuvlar tashkillashtirib, tajribalar almashildi, zaruriy hujjatlar, shu jumladan, memorandumlar ham imzolandi. Dunyoning yetakchi kompaniyalarining xalqaro ekspertlari Markaz xodimlariga xalqaro tajribalar asosida taqdimotlar o‘tkazdilar. Shu bilan birga, 2016–2017 yillarda NIPA boshchiligida tashkil etilgan o‘quv kurslarida 19 nafar Markaz xodimlari o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirib qaytdilar.

2018-yil rejalari…

  • Yagona portalning yangi talqinini to‘liq ishga tushirish va va bunda to‘laqonli elektron xizmatlar va portal orqali elektron davlat xizmatlari pullik tizimini joriy etish, infokioskalar bilan integratsiya ishlarini amalga oshirish va tranzaksion xizmatlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan;
  • Janubiy Koreyaning «KTNET» kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining Elektron savdo milliy platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan;
  • bundan tashqari, «Ta’lim», «Sog‘liqni saqlash», «Kommunal» va «Davlat boshqaruvi» axborot tizimlari majmualari hamda kadastr va Milliy geoaxborot tizimlari ma’lumotlar bazalarini loyiha texnik hujjatlarini ishlab chiqishni yakuniga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.

Umid qilamizki, kelgusi yilda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish doirasida ko‘zda tutilgan barcha loyihalar va chora-tadbirlar sermahsul natijalar beradi va mamlakatimizda mazkur soha yanada taraqqiy etadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq