Aloqa tarixi muzeyi yangi yilni qarshilamoqda: Yangi yil, yangi rejalar!
29.12.2017
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

Yilning so‘nggi kunlari yakunlanib borar ekan, o‘tayotgan yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va oldinga qo‘yilgan vazifalarning qanday bajarilganligi ko‘rib chiqilib, yil sarhisobi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinadi. Mana faoliyatimizning yana bir yili yakunlanmoqda. Avvalo, barchani yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan qutlab, barcha tashrifchilarni qarshi olishdan juda baxtiyor ekanligimizni, eshiklarimiz tashrifchilar uchun doim ochiqligini ta’kidlash lozim. Odatga ko‘ra, Yangi yil oldidan o‘tgan davrda, yil mobaynida belgilangan rejalar, amalga oshirilgan maqsad va vazifalar ustida ham to‘xtalib o‘tsak.

Ma’lumki, «Aloqa tarixi muzeyi» 2008-yilda soha korxona va tashkilotlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Hozirgi kunda Respublikamizning nufuzli muzeylari orasidan munosib o‘rin egallashga ulgurgan. Respublikamizda muzeylar faoliyatiga davlat miqyosida alohida e’tibor qaratiladi. Muzeylarning xalq ma’naviy-axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzey fondlarida saqlanib kelayotgan xalqimizning boy tarixini, mustaqilligimiz odimlarini aks ettiruvchi, noyob eksponatlarni avaylab asrash, o‘rganish, boyitib borish, dunyoga olib chiqish va targ‘ib qilish, ulardan xalqimiz ongida milliy g‘urur va iftixor, istiqlol va Vatanga sodoqat tuyg‘ularini kuchaytirish yo‘lida keng foydalanish, muzeylarni zamon talablariga mos yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, jahon muzeyshunosligi tajribalarini qo‘llashga zarur shart-sharoitlar yaratish kabi vazifalar muhim davlat hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilgan.

«Aloqa tarixi muzeyi»ning asosiy maqsadi: muzey fondida saqlanayotgan muzey ashyolari va jamlanmalarini asrab avaylash, o‘rganish, boyitib borish, xalqqa namoyish etish, dunyo jamoatchiligiga tanitish va targ‘ib etish, Muzey ekspozitsiyalarini tashkil etishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, aloqa sohasida ko‘p yillar fidokorona mehnat qilgan fidoiylar xotirasini tiklash, taniqli mutaxassis va fan namoyandalarining ilmiy merosi va tajribasini keng ommaga yetkazish, soha rivojlanishining tarixiy bosqichlari bo‘yicha o‘zaro tajribalar almashish va ommalashtirish, chet el muzeylari bilan ko‘rgazmalar tashkil etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va jahon muzeyshunosligi tajribasini qo‘llashda zarur chora-tadbirlar ko‘rishdan iborat.

Muzeyning qayd etilgan maqsad vazifalar kelib chiqqan holda, «Aloqa tarixi muzeyi»ni rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan hamda reja asosida ishlar olib borilmoqda. Yakunlanib borayotgan yilda Muzey faoliyatini yanada takomillashtirish, yangi ekspozitsiyalar tashkil etib, muzey fondini boyitib borish borasida 2017-yil uchun mo‘ljallangan Reja-dasturga muvofiq bir qator ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016-yil 19-dekabrdagi «Aloqa tarixi muzeyi» faoliyatini takomillashtirish haqidagi 364-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida sohaning bir qancha korxona va tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Muzeyni qayta rekonstruksiya qilishda o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan, o‘z ekspozitsiyalarini zamon talabiga mos ravishda qayta tashkil etgan «O‘zbektelekom» AK o‘zining uchta katta ekspozitsiyasini qayta takomillashtirib, foydalanishga topshirdi. Shuningdek, «Elektromagnit moslashuv markazi», «UZINFOCOM» markazi, UNICON.UZ «FTMTM» DUK hamda MATB korxonasining yangi zali ta’mirlanib, ekspozitsiya yaratish ishlari yakuniga yetkazildi.

Muzeyda 1941–1945 yillarda foydalanishda bo‘lgan radioreproduktordan yangi ekspozitsiya tashkil etildi. Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, muzey qoshida tashkil etilgan, eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan kinozalda, doimiy ravishda, yurtimiz va jahon muzeylarining virtual ekspozitsiyasi va xalqimizning boy madaniy merosi to‘g‘risidagi filmlarni tashrifchilarga namoyish etib borilmoqda. Muzeyning uchinchi qavatida joylashgan ikkita, so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan konferensiya zallari hozirgi kunda sohaning axborot markaziga aylangan. Tashkil etilayotgan har bir yig‘ilish va anjumanlar O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ko‘rsatmalariga asosan tashkil etiladi. Bu tadbirlarni muzeyda o‘tkazilishi muzeyning soha tarqqiyotiga qo‘shayotgan o‘ziga xos hissasi deyish mumkin.

Muzey tashkil etilgan kundan bugungi kunga qadar tashrif buyuruvchilar soni 115 000 nafardan oshdi. Tashrifchilar muzeydan yaxshi taassurot va hayajon bilan chiqayotganlari, ayniqsa, boshqa soha vakillarining sohamizga qiziqishi ortib borayotganligini ko‘rib, vazifamizni munosib bajarayotganimizdan quvonmay bo‘lmaydi. Muzeylarning asosiy vazifasi ham tashrifchilar, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning Vatanga, mustaqilligimizga bo‘lgan mehrini kuchaytirish, har bir sohaning o‘ziga xos tomonlarini ochib berishdan iboratdir.

Yangi 2018-yil muzeyimiz uchun qutlug‘ sana yili — muzeyimiz tashkil etilganiga o‘n yil to‘ladi. Muzeyimiz jamoasi yangi yilni yangi rejalar bilan qarshi olmoqda. 2018-yil uchun qabul qilingan reja bo‘yicha amalga oshirilishi mo‘ljallangan vazifalar quyidagilardan iborat:

  • muzeydagi mavjud ekspozitsiyalarda namoyishga qo‘yilgan har bir eksponat to‘g‘risida interaktiv ma’lumotlarni olish tizimini yaratish;
  • muzeyda saqlanayotgan asosiy va qo‘shimcha eksponatlarni yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
  • mavjud udiogid tizimini yanada takomillashtirish;
  • sohada uzoq yillar davomida mehnat qilgan, sohani rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan aloqachilarni yurtga tanitish maqsadida, «Aloqachilar» elektron ekspozitsiyasini tashkil etish;
  • O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi davrida sohaning rivojiga qo‘shgan hissasi, o‘zining g‘oya va loyihalari bilan sohada yangilik yaratgan, fidoiy insonlar faoliyatini ommaga targ‘ib etish maqsadida, «Mustaqillik farzandlari» nomli elektron ekspozitsiya tashkil etish;
  • muzeyda interaktiv o‘yinlarni joriy etish;
  • sohada yaratilayotgan intellektual salohiyatga ega mahsulot, dasturiy va innovatsion g‘oya asosida yaratilgan ishlanmalarni doimiy ravishda muzeyga taqdim etib borilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida, «Innovatsion g‘oyalar» ekspozitsiyasini tashkil etish;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yangiliklarni, davlat va sohaviy muzeylar faoliyatini doimiy ravishda, ommaviy axborot vositalarida, yoritib borish maqsadida muzeydagi 120 o‘rinli anjumanlar zalini jihozlash va sohaning «PRESS-KLUB» ini tashkil etish va boshqalar.

Yuqorida sanab o‘tilgan 2018-yilda bajarilishi mo‘ljallangan vazifalarni amalga oshirishdan maqsad, Muzey faoliyatiga va ekaspozitsiyalariga zamon talabiga mos holda tashkil etish, innovatsion va interaktiv texnologiyalarini qo‘llab, tashrifchilarni so‘nggi texnologiyalarning imkoniyatlarini ochib berishdan iborat.

Mazkur rejaga muvofiq ishlar hozirdanoq boshlab yuborilgan. Belgilangan rejalardan tashqari 2018-yilda oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz ko‘p, maqsadimiz xalqimizga manzur bo‘ladigan qiziqarli ekaspozitsiyalar yaratishdan iboratdir.

Xulosa qilib aytganda, eng asosiy vazifamiz, tashrifchilar e’tiboriga taqdim etiladigan eksponatlar materiallari, o‘tkaziladigan tadbirlarimiz mazmunini yanada boyitib, qiziqarlilik darajasini oshirish, faoliyatimiz bilan mamlakatimiz ravnaqi uchun bilimli, ma’naviy jihatdan yetuk yosh avlod tarbiyasiga o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat. Muzeyimiz eshiklari doimo Sizlar uchun ochiq, qutlug‘ qadamlar bilan yaqinlashib kelayotgan Yangi 2018-yil muborak bo‘lsin! Yangi yilda barcha orzular ro‘yobga chiqishiga tilakdoshmiz!

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq