Belorussiya dasturiy ta’minot sanoati tajribasi o‘rganildi
05.12.2017
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki asoschisi Valeriy Sepkalo ishtirokida shu yilning 4 dekabrida maxsus seminar tashkil qilindi. Unda davlat organlarining mas’ul xodimlari qatnashdilar.

Valeriy Sepkalo — belorussiyalik diplomat va davlat boshqarmasi xodimi, Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki asoschisi. U Moskva davlat institutining Xalqaro munosabatlar fakultetini tamomlagan, yuridik fanlari nomzodi. Valeriy Sepkalo 1997 yildan 2002 yilga qadar Belarussiyaning AQSh va Meksikadagi elchisi lavozimida faoliyat olib borgan. U 2005 yildan 2017 yilga qadar Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki direktori vazifasida ishlagan.

Janob Sepkalo Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda BMT ning «Taraqqiyot» dasturi amalga oshirayotgan «Samarali davlat boshqaruvi va raqamli o‘tishni rivojlantirishda hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida O‘zbekistondagi 8 kunlik tashrifini amalga oshirmoqda.

Valeriy Sepkalo mamlakatimizda iqtisodiyotning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan yuqori texnologiyalar sohasining rivoji bilan tanishdi. Jumladan, mehmon AKT xizmatlari ko‘rsatuvchi va mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Belarussiyalik ekspert davlat organlari xodimlari bilan uchrashuvda «elektron hukumat» va innovatsion iqtisodiyotning afzalliklari xususida ma’lum qildi.

Xususan, Valeriy Sepkaloning ta’kidlashicha, yaqindagina O‘zbekistonda tashkil qilingan Innovatsion rivojlanish vazirligi iqtisodiyot va hayotning jabhalariga yangi innovatsiyalarni tatbiq qilish bilan shug‘ullanishi kerak. Shuningdek, ekspert «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi mobil ilovalar hamda boshqa turdagi dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratishi lozim.

Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki tajribasi xususida to‘xtalar ekan, Valeriy Sepkalo bu parkning muvaffaqiyatida 3 omil muhim o‘rin egallaganini alohida qayd etadi. Bular — ta’lim, ta’lim va yana ta’lim! Uning fikricha, Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki rezidentlari, ya’ni a’zolari yetakchi mutaxassislar ishtirokidagi turli-tuman trening va mashg‘ulotlarni tashkil qilish, AKT ga ixtisoslashgan bilim dargohlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ta’lim va yangi ilmiy yo‘nalishlar rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Uchrashuv davomida janob Sepkalo hamda ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in muhokama va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq