AKT vazirligi hamda Koreya Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda
29.11.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22-25 noyabr kunlari Koreyaga qilgan tashrifi doirasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Kim Bu Kyum bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi Koreya davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi negizida tashkil qilingan bo‘lib, jamoat xavfsizligini ta’minlashga javob beradi. Shuningdek, “Aqlli shahar” va “Xavfsiz shahar” konsepsiyalarini amalga oshirishda “Elektron hukumat”ni ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.

Muzokara vaqtida ikki vazirlik o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor “Xavfsiz shahar” tizimini amalga oshirishda Koreya tajribasini o‘rganishga qaratildi. Hozirda ushbu loyihani ishga tushirishga AKT vazirligi mas’ul etib belgilangan.

Ma’lumki, Janubiy Koreya nafaqat “Elektron hukumat”, balki “Xavfsiz shahar” sohasida ham yetakchi davlatlardan hisoblanadi. Shuning uchun texnik topshiriqlarni ishlab chiqishda ularning tajribasini o‘rganish – O‘zbekistondagi loyihalarni sifatli amalga oshirish va jamoat xavfsizligi hamda mamlakatimiz fuqarolari xotirjamligi darajasini yanada yaxshilashda juda qo‘l keladi.

Uchrashuv so‘ngida uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari bo‘yicha vazirliklar o‘rtasida memorandum imzolandi.

Koreya Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Kim Bu Kyum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreyaga davlat tashrifi naqadar ahamiyatli ekanini, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida axborot tizimini joriy etish yuzasidan vazirliklararo o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq