TATUda “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining taqdimoti o‘tkazildi
28.11.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
23 noyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida talabalar, TATU rahbariyati hamda AKT vazirligi vakillari ishtirokida Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining rasmiy taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining direktori Xurshid Sultanov MUIC ning maqsad va vazifalari haqida gapirib berdi. Tadbir davomida TATU talabalari Innovatsiya markazining konseptsiyasi hamda IT sohasi mutaxassislari va innovatsion startaplar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar bilan tanishdilar.
Qayd etildiki, AKT vazirligi MUIC bilan hamkorlikda TATUda maxsus innovatsiyalar xonasini tashkil etib, mazkur joyda iqtidorli talabalar o‘zlarining shaxsiy startap loyihalarini ishlab chiqarish, hamda yetakchi xalqaro va mahalliy IT kompaniyalarda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
O‘z navbatida, tadbirga TATU ning 400 nafarga yaqin talabalari tashrif buyurishdi, taqdimot jarayonining o‘zi esa O‘zbekistonda IT biznesining rivojlanishi va innovatsion istiqbollar mavzusidagi qizg‘in bahslar bilan davom etdi. TATU rahbariyati va talabalari MUIC va AKT vazirligiga tashkil etilgan tadbir uchun minnatdorlik bildirishdi hamda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish xohishini bildirishdi.