Koreyada O‘zbekiston IT-tarmog‘i va“Mirzo Ulugbek Innovation Center”ning taqdimoti o‘tkazildi
16.11.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Koreya Respublikasida Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi hamda O‘zbekiston IT-tarmog‘ining taqdimoti o‘tkazildi.
Tedjon shahridagi “Global tijoratlashtirish” (2017 Global Commercialization Workshop) seminari doirasida O‘zbekiston IT-tarmog‘ining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Koreyaning Fan va texnika ilg‘or instituti (KAIST) tomonidan tashkillashtirilgan seminarda Bolgariya, Janubiy Afrika, Senegal, Braziliya, Gana, Ozarbayjon, Qozog‘iston, BAA, Ekvador, Tunis va boshqa davlatlar qatnashmoqda.
Seminar ishida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi (AMBiT) vakillari ishtirok etishmoqda.
Seminar qatnashchilari O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasidagi rivojlanish holati va investitsiyalar imkoniyatlari bilan tanishdilar. Ular shuningdek, “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi hamda uning faoliyati to‘g‘risida ma’lumot oldilar.
Jumladan, ishtirokchilarga “Mirzo Ulug’bek Innovatsiya Markazi” Innovatsiya markazining rezidentlariga beriladigan imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumot berildi.
Seminar doirasida O‘zbekiston vakillari tomonlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik o‘rnatish maqsadida xorijiy davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.