AKT vazirligi delegatsiyasi Koreya Respublikasida elektron hukumat bo‘yicha global forumda ishtirok etdi
06.11.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Mamlakatimiz delegatsiyasi Koreya Respublikasida (Seul sh.) 31 oktyabrdan 3 noyabrgacha davom etgan elektron hukumat bo‘yicha global forumda ishtirok etdi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi (MOIS) o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlandi. Forum Koreya elektron hukumat tizimining 50-yilligiga bag‘ishlab tashkil etildi.

Rasmiy tashrif davomida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari janob Shim Bo-Gyun bilan elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Koreys tomoni O‘zbekistonda elektron hukumat va axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar samarali kechayotgani va buning natijasi xalqaro reytinglarda ijobiy aks etayotganini ta’kidladi.

Aynan shu jihat O‘zbekiston delegatsiyasining elektron hukumat bo‘yicha global forumga ma’ruza bilan ishtirok etish uchun taklif etilishiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston tajribasi boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga elektron hukumat siyosatining samarali amalga oshirish namunasi sifatida ko‘rsatildi.

Shuningdek, tashrif davomida Axborot jamiyati milliy agentligi (NIA) prezidenti janob So Byong-Jo bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda NIA agentligining O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan O‘zbekiston IT-bozorining eksport salohiyati, elektron hukumatni qo‘llab-quvvatlash, yangi texnologiyalar, jumladan yirik ma’lumotlar (Big Data) va narsalar interneti (IoT)ni qo‘llash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yo‘llari muhokama qilindi.

Seul shahri hokimligining axborotlashtirish va aqlli texnologiyalar boshqarmasi boshlig‘i janob Chyong Xyon-Chay bilan kechgan uchrashuvda esa poytaxt boshqaruvi faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish tajribasi o‘rganildi. Xususan, Seulning videokuzatuv tizimi bilan tanishildi. Ushbu tizim poytaxtning 2700dan ortiq jamoat joylarini (sayyohlik maskanlari, kutubxonalar, istirohat bog‘lari va hok.) kuzatish imkonini beruvchi 40 mingdan ortiq videokameradan iborat 25 markazni o‘z ichiga oladi. Aholi bilan doimiy va tezkor muloqotni ta’minlash maqsadida esa internet (Eungdapso), mobil ilova va chaqiruv markazlari ko‘magida fuqorolar shikoyatlarini qabul qilish va qayta ishlash axborot tizimi tashkil etilgan.

Shuningdek, 2017 yilning iyunida Seul shahri hokimligida poytaxt boshqaruvining intellektual platformasi yaratildi. Uning ko‘magida jamoat xavfsizligi, shaharsorzlik loyihalari, yo‘llardagi tirbandliklar, suv sifati va boshqa holatlarni real vaqt tartibida kuzatish mumkin. Ayni paytda mazkur platforma 167 axborot tizimi va poytaxtning asosiy jamoat joylaridagi 800 videokamerani birlashtirgan. Poytaxt ma’muriyati 2018 yilning boshlarida intellektual platforma ma’lumotlarini umumiy foydalanishga ochiq qilib qo‘yishni rejalashtirmoqda.

AKT vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi natijalariga ko‘ra, “Xavfsiz shahar” loyihasi, elektron hukumatni rivojlantirish doirasida koreya tajribasini o‘rganish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi investitsiya salohiyati hamda «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi faoliyati haqida Koreya IT-kompaniyalari va tashkilotlariga axborot materiallarini tarqatish masalasi ham hal qilindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq